Honor 10: flagman yarim narxida taqdim qilindi

Honor 10: flagman yarim narxida taqdim qilindi

Honor brendi kecha Honor 10 deb nom olgan kompaniyaning yangi flagman smartfonini taqdim qildi. "Aurora Glass Design" uslubidagi dizayn, "peshonasi"da kesig‘i bor hamda Kirin 970 protsessori, "sun’iy aql" texnologiyasiga ega bo‘lgan smartfon bir qarashdayoq diqqatni tortadi.

Jumladan, Honor 10 "sendvich" usulida old va orqa panellari pishiq shisha bilan mushtarak qilingan. Shisha ostida esa metall panellar mavjud.

5.84 dyuymli FHD+ ekran Huawei P20 modelining ekraniga o‘xshab ketadi. Bu displey old panelning 82.6 foiz qismini egallab olgan. Yon, tepa va pastki romlar ancha yupqalashgan.

Ichkarida esa ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan kuchli, 8 yadroli Kirin 970 protsessori mavjud. Bu chipset sun’iy aql texnologiyasi asosida o‘z-o‘zini o‘qitib, yangi jihatlarni o‘rganib borishi bilan o‘ziga xos. Grafik tasvirlar uchun esa Mali-G72 MP12 video kartasi mas’ul. Smartfon 4 gigabaytli tezkor hamda 64/128 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlangan.

3,400 mA soat tok sig‘imli akkumulyator esa kuch-quvvatga mas’ul. Honor 10 modeli, shuningdek 5V/4.5A texnologiyasi bo‘yicha tezkor quvvat olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Ya’ni, 25 daqiqada quvvatini 50 foizga to‘ldirib oladi.

Smartfonning orqa panelida 16 megapikselli RGB (rangli) sensor hamda 24 megapikselli monoxrom (oq-qora) sensor mavjud. Ularning yorug‘lik taqsimlovchi linzasi f/1.8 standartli. Bosh kamera ham "sun’iy aql" tizimiga ega bo‘lgan.

Bu kamera 500 tadan ziyod manzarani 22 ta toifa bo‘yicha ajrata oladi va shunga ko‘ra surat oladi. Misol uchun, osmon, o‘simlik, odamlarni, sharsharani suratga olish vaqtida kamera manzarani biladi va shunga ko‘ra o‘zini o‘zi sozlaydi.

O‘qing: National Geographic uchun Meizu 15'da surat olindi

Selfi uchun Honor 10 modeliga 24 megapikselli kamera sensori o‘rnatilgan. Bu sensor qiyofani 3D o‘lchamda skaner qiladi. Honor brendining ma’lum qilishicha, selfi kamera yuzdagi yuzlab o‘ziga xos jihat va belgilarni taniy oladi. Shuningdek, old kamerada ham orqa fon g‘ira-shira qilingan suratlar olish mumkin.

Smartfon yorug‘lik past sharoitda ham yorqin va detallarga boy suratlar olish imkoniga ega .

Devaysning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, Honor 10 modelining skaneri ekran ostiga joylashtirilgan. Ultra tovush bo‘yicha ishlaydigan bunday sensor jahonda hali biror smartfonga o‘rnatilmagan edi.

Smartfon Android 8.1 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan EMUI 8.1 talqini boshqaruvida ishlaydi.

Honor 10 modeli "Aurora Glass Design" xayoliy ko‘k va yashil rangli, shuningdek qora va kul rangli korpuslarda ishlab chiqariladi.

Honor 10 smartfoni jahon smartfon bozorida 540 AQSh dollaridan boshlab sotiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!