Honor 9 Lite: Huawei 180 dollarlik "romsiz"ni taqdim qildi

Honor 9 Lite: Huawei 180 dollarlik

Romsizlik — bu yilgi flagmanlarga va o‘rta narxli smartfonlarga xos bosh trend bo‘ldi. Huawei ham bu tendensiyadan qolib ketgisi kelmayapti va shunday tamoyildagi bir necha smartfonlarni taqdim qildi.

Xitoylik smartfonsoz o‘zining Honor 9 modelini shu yilning 12 iyunida namoyish etgan edi. Uning Lite versiyasi ham chiqayotgani haqida ko‘p gap-so‘zlar tarqaldi.

Kecha taqdim qilingan Honor 9 Lite modeli ham displey atrofini o‘rab olgan yupqa romlari bilan diqqatga sazovor. Huawei qo‘sh sensorli bosh kamera texnologiyasini ham ustalik bilan o‘zlashtirgan va bu gadjetida tatbiq qilgan. Hatto, bu gal selfilar uchun ham 2 ta kamera moduli o‘rnatilgan.

Tezkor barmoq izlari skaneri, firmaning 8 yadroli, 2,36 GGs chastota tezligida ishlaydigan Kirin 659 chipseti, 3/4 Gb tezkor hamda 32/64 Gb doimiy xotirasi bilan Honor 9 Lite foydalanuvchini xursand qiladi. Shuningdek, microSD bo‘lmachasiga sig‘imi 256 gigabaytgacha bo‘lgan xotira fleshkasini o‘rnatish mumkin.

Honor 9 Lite'ning akkumulyatori 3000 mA soat sig‘imli tokni jam qiladi. Smartfon Android 8.0 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan EMUI 8.0 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Honor 9 Lite displeyining diagonali 5,65 dyuym, sig‘imi esa 2160x1080 belgiga teng. Ekran tomonlarining nisbati 18:9 ga teng va u IPS matritsali. To‘g‘risi, har dyuymda 428ppi pikselning bo‘lishi barcha foydalanuvchilarni birdek xursand qiladi.

Honor 9 Lite korpusi har ikki tomondan 2.5D shaklidagi, ko‘zgu kabi jilodor shisha panellar bilan qoplangan. Smartfon qora, kul rang, oq hamda ko‘k rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

Huawei bu smartfonida bir oz "qovun tushirgan" joylari bor. Misol uchun, o‘rtacha narxli boshqa modellari kabi, bu gal ham Honor 9 Lite NFC modulidan mahrum bo‘lgan. Bu esa foydalanuvchini to‘lovlarni yaqin masofadan turib kontaktsiz to‘lash kabi imkoniyatdan mahrum qiladi. Biroq, hamma ham bu funksiyaga zarurat sezmaydi.

Bosh kamera modullarining sig‘imi: 13 Mp + 2 Mp. Unda PDAF va HDR kabi texnologiyalar joriy qilingan. Old kamera ham xuddi shunday sig‘imdagi 2 ta sensorlarga ega bo‘lgan.

Honor 9 Lite sotuvga 26 dekabrdan boshlab chiqariladi. Uning arzon, ya’ni 3/32 Gb xotiraga ega talqini $182, o‘rta modifikatsiyasi, 4/32 Gb xotirali versiyasi $228 hamda yuqori, ya’ni 4/64 Gb xotira talqinidagisi $273 AQSh dollaridan sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.