HTC U11 endi jahonning kuchli kamerafoni emas: yangisini qarshi oling!

HTC U11 endi jahonning kuchli kamerafoni emas: yangisini qarshi oling!

Fotosuratlar sifatini baholovchi DxOMark xizmati tomonidan eng yaxshi suratga oluvchi smartfonlar reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, kuni kecha taqdim qilingan Apple iPhone 8 Plus flagmani reytingning 1-pog‘onasidan o‘rin egallagan. Shu kunga qadar 1-o‘rinni HTC U11 smartfoni egallab kelayotgan edi.

iPhone 8 kamerasining imkoniyatlari 92 ballga munosib ko‘rilgan. iPhone 8 Plus esa 94 ball olgan. HTC U11 bu testda 90 ball to‘plagan edi.

Apple iPhone 8 12 megapikselli bosh kamera bilan ta’minlangan. DxOMark'ning yangi avlod iPhone flagmanlarining kamerasi bo‘yicha xulosalari quyidagicha.

Apple iPhone 8 kameralari surat olishda shu vaqtga qadar yetakchi bo‘lib kelgan Google Pixel hamda HTC U11 kabi kuchli kamerafonlarni ortda qoldirdi. Apple bu mobil devayslarda mobil fotografiyaning yangi texnologiyalarini tatbiq qilgan.

iPhone 8’dagi sensorlar yorug‘likni qamrab olishda tengsiz. Shuningdek, gadjetda olingan suratlarda iPhone 7 bilan solishtirganda, dinamik diapazon keng hamda "shovqin" omili past.

Apple iPhone 8 Plus esa smartfon fotografiyasining ishtiyoqmandlari uchun ayni muddao. Unda olingan surat sifati beqiyos. Jumladan, ob’yektlarni yaqinlashtirib suratga olishda, kamerafon sanoatida tendensiyaga aylangan "portret" rejimida suratga olishda iPhone 8 Plus kuchli texnik imkoniyatlarga ega. Qolaversa, suratni qayta ishlaydigan dasturiy ta’minot ham yuqori dinamikali surat olishga xizmat qiladi. Ayniqsa, yuz-qiyofani his qiladigan kamera taassurotli selfi suratga olishga xizmat qiladi.

Hozircha Apple iPhone X kamerasi borasida xulosa yo‘q. Apple iPhone X bosh kamerasi 2 ta 12 megapikselli sensorlardan iborat. Unga 7 megapikselli old kamera o‘rnatilgan. Kamera masalasida Apple iPhone 8 Plus ham xuddi shunday jihatlarga ega bo‘lgan. Biroq, iPhone X kamerasi bir oz yorqin suratlar olishga usta. Apple iPhone 8 old kamerasining aniqligi ham 7 megapikselli.