Huawei minglab rossiyaliklarni aldab kelmoqda

Huawei minglab rossiyaliklarni aldab kelmoqda

Ko‘p va yaxshi flagman smartfon ishlab chiqarish, mobil qurilmalarini kuchli apparat va dasturiy ta’minot vositalari bilan ta’minlash barobarida, foydalanuvchi qo‘lidagi smartfonda yuzaga kelgan muammoga yechim topib berish ham yirik smartfon brendlari oldida turgan muhim masala. Jahonning ommabop brendlaridan sanalgan Huawei muxlislarini texnik qo‘llab-quvvatlashda Sony, Samsung, Apple va boshqa o‘nlab brendlardan ortda qolmoqda. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda Rossiya smartfon bozorida yuzaga kelayotgan muammolar bu fikrni yaqqol isbotlamoqda. Bu yerdagi bu brendning minglab foydalanuvchilari kompaniya xatti-harakatlaridan zarar ko‘rmoqda.

AKKet.com nashri surishtiruvlariga ko‘ra, Huawei kompaniyasining Honor 6X (BLN-L21C10) smartfonini rasmiy do‘konlardan xarid qilganlar gadjetda giroskop modulining xato ishlashi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqdlar. Natijada, video tomosha qilish, o‘yin o‘ynash va ilovalardan foydalanida muammolar yuzaga kelmoqda.

12 oylik kafolat guvohnomasiga ega bo‘lsa ham, kompaniya bu muammoni hal etishga oshiqayotgani yo‘q. Huawei vakillari esa quruq gapdan nariga o‘ta olishmayapti.

Shu bilan birga, bu qurilmaning 4/64 GB talqini sotila boshlagach, uning NFC moduliga ega nisbatan arzon talqini savdo peshtaxtalaridan olib qo‘yildi. Bu esa xaridorlarni qimmat talqinni sotib olishga majbur qiladi. Vaholanki, Huawei rasmiy saytida Rossiya hududida sotiladigan Honor 6X'ning arzon talqinida yaqin masofada turib to‘lovlarni kontaktsiz amalga oshirish moduli borligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.

Rossiyalik foydalanuvchilarning fikricha, Huawei qo‘pol ravishda bu hududdagi mijozlarini laqillatmoqda. Boisi, BLN-L21C10 modifikatsiyasidagi modellarda texnik jihatdan nosozlik bor va kompaniya uni operatsion tizimdan tuzata olmaydi. Shu tufayli turli-tuman bahonalar bilan mijozlarni aldab kelmoqda.

Rossiyaliklarning fikricha, Huawei'ni faqat pul qiziqtiradi. O‘zini hurmat qilgan brend esa bunaqa vaziyatda foydalanuvchilarga smartfonni bepul ta’mirlash yoki uni almashtirish, muammo uchun kompensatsiya taklif qilgan bo‘lar edi. Ular undan ko‘ra Xiaomi, Meizu kabi brendlarni xarid qilishni tavsiya qilishmoqda.