Huawei’ning shashti baland: u «sun’iy ong»li, haydovchisiz avtomobil ishlab chiqdi!

  •   DiMaX
  •  516
  •  12.04.2019 17:05

Huawei’ning shashti baland: u «sun’iy ong»li, haydovchisiz avtomobil ishlab chiqdi!

Bultur xitoylik texnogigantning Mate 10 Pro smartfoni Porsche avtomobilini «ongli» ravishda haydagani aks etgan «jonli» videoni e’lon qilgandik. Keyinchalik bu kompaniya avtomobillar uchun protsessor yaratib, yana «bulutli» servislar ustida ham ishlayotganini aytgandi.

O‘QING: Huawei smartfonlar, haydovchisiz avtomobillar va boshqa qurilmalar uchun «sun’iy ong»li yangi avlod protsessorlarini taqdim etdi

Joriy yilning 16–25 aprel kunlari Shanghai Auto 2019 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirda xitoylik texnogigant – Huawei tomonidan ishlab chiqilgan ilk avtomobil namoyish etiladi.

Yicai Global nashri xabariga ko‘ra, Huawei ushbu avtomobilini Dongfeng Motor davlat avtokonserni bilan hamkorlikda ishlab chiqqan. Uning yig‘uvchi zavodlari Uxane shahrida joylashgan.

Huawei hamda Dongfeng Motor ushbu loyihaga jami 3 milliard yuan miqdorida mablag‘ yo‘naltirishgan – bu taxminan 450 million AQSh dollariga teng. Mazkur loyihaga avtomobilni ishlab chiqishdan tashqari, uning haydovchisiz avtonom harakatlanishini ta’minlovchi platforma yaratish ham kiradi. «Bulutli» infratuzilma, «sun’iy ong» hamda ilg‘or tarmoqlar yordamida bu mashina yo‘nalish haqida, logistika va yo‘l harakati holati xususida ma’lumotlar olib boradi. Avtomobil ma’lumotlarni «bulutli» servisda saqlaydi va onlayn tarzda qayta ishlaydi. Ma’lumotlarni almashish 5G tarmog‘i orqali amalga oshiriladi – bu texnologiyani rivojlantirishda Huawei ham faol qatnashmoqda.

Afsuski, Huawei avtomobilining texnik xususiyatlari haqida hozircha hech nima ma’lum emas.

O‘QING: CES 2019: Afsonaviy smartfonsoz endi avtomobillar uchun operatsion tizim taqdim etadi! (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!