Huawei P20 Pro bu gal iPhone X'ga yutqazdi

Huawei P20 Pro bu gal iPhone X'ga yutqazdi

2017 yilning eng ilg‘or smartfoni bo‘lgan Apple iPhone X 2018 yilda taqdim qilingan flagmanlar uchun chinakam "tosh-tarozi" vazifasini bajarmoqda. Bir muddat avval u surat olishda imkoniyatni P20 Pro modeliga yutqazib qo‘ygan edi.

 iPhone X modeli uchun ishlab chiqarilgan Face ID yuz-qiyofa skaneri undagi o‘ziga xos ilg‘or texnologiyalardan biri bo‘ldi. Old panelda joylashgan maxsus sensor hamda murakkab dasturiy algoritm ushbu funksiyaning yuqori darajadagi aniqlikda va tezkor ishlashini ta’minlaydi. Mazkur tizim "sun’iy aql" jihatlariga ega, ya’ni o‘z-o‘zini takomillashtirib boradi. Bugungi kunda ayrim smartfon ishlab chiqaruvchilari bunday texnologiyani tatbiq qilishga urinishmoqda. Biroq ular Apple texnologiyasini takrorlay olishmayapti.

Forbes nashri jurnalistlari qiyofa skaneri borasida yaqindagina taqdim qilingan va yuqori baho berilgan Huawei P20 Pro imkoniyatlarini "Olma" korporatsiyasining flagmani bilan taqqoslab ko‘rishga qaror qilishdi.

Jurnalistlarning xulosalariga ko‘ra, xitoylik flagmanda joriy qilingan Face Unlock yuzni skanerlash texnologiyasi faqatgina dasturiy algoritm hisobiga ishlagani sababli iPhone X'dagi Face ID texnologiyasidan sekin ishlaydi. To‘g‘ri, bu aksariyat foydalanuvchi uchun ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin, biroq e’tiborli odam bu borada iPhone X ega bo‘lgan texnologiya afzalliklarini sezadi.

iPhone X smartfonidagi qiyofa skaneri uchun ekran yuqorisidan alohida maydoncha ajratilgan. Telefon tizimiga foydalanuvchi o‘z xohishi bilan, zarurat tug‘ilganda kirishi mumkin. Ya’ni, tizimga kirish uchun ekranda barmoqni yuqoriga harakatlantirish kerak bo‘ladi. Huawei P20 Pro'dagi Face Unlock texnologiyasi esa foydalanuvchi smartfonda ogohlantirishlar bor-yo‘qligini tekshirmasdanoq smartfon tizimini ochib beradi.

Shu bilan birga, Face ID qiyofani skanerlash tizimi infraqizil nur yordamida tim qorong‘u sharoitda ham ishlaydi. Huawei P20 Pro'dagi Face Unlock esa maxsus datchikka ega bo‘lmagani bois, faqat yorug‘ joyda ishlay oladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, iPhone X qiyofani xavfsiz va qulay skaner qilish borasida hozircha tengsiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.