Ikkita ekran nimasi!? LG uchta sensor ekranli buklama smartfon patentladi!

  •   DiMaX
  •  1174
  •  09.02.2018 14:49

Ikkita ekran nimasi!? LG uchta sensor ekranli buklama smartfon patentladi!

Smartfonsozlikda yangi texnologiyalardan tashqari, mahsulotlarning tashqi ko‘rinishida originallikka intilish tendensiyasi ham sezilmoqda. Jumladan, yetakchi kompaniyalar turli form-faktorlarga ega telefonlar yaratish ustida ish olib borishmoqda va bu borada ayrim natijalarga erishilgan ham.

O‘QING: Birinchi buklama smartfon – ZTE Axon M taqdim etildi! (+video)

Buklama smartfonlarda asosan qurilma «yoyilganida» bitta yaxlit ekran sifatida birlashuvchi ikkita dispey qo‘llash tajribasi kuzatilmoqda. LG Electronics kompaniyasi esa yanada o‘zib ketdi – u naq uchta sensor displeyga ega telefon uchun patent olgani ma’lum bo‘ldi.

 Janubiy koreyalik ushbu kompaniya mazkur qurilma bo‘yicha arizani Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO)ga 2014 yilning dekabr oyidayoq topshirgan ekan. Uning arizasi o‘tgan yilning noyabrida qondirilgan, keng jamoatchilikka esa bu patent endi ma’lum qilindi.

O‘QING: Samsung antiqa smartfon patentladi – ikkita sensor ekranli slayder!

Patent hujjatlariga ko‘ra, LG xuddi broshyura yoki buklet kabi yig‘iladigan uchta ekranli smartfon tayyorlamoqda. Uning o‘rtadagi displeyi ham, ikkita yon ekranlaridan istalgan biri ham asosiysi sifatida ishlatilishi mumkin. Chizmalarda moddiy «Uyga» tugmachasi turli joylarda tasvirlangan.

Gadjetni shunchaki «yoyib», uning panellaridagi displeylarni bitta ulkan ekran sifatida birlashtirish mumkin. Shuningdek, ikkita qismini bittasining orqasiga buklab, faqat bitta displeydan foydalansa ham bo‘ladi.

Aytish kerakki, bu hali shunchaki patent, LG Electronics uni qachondir ishlab chiqarishi yoki umuman ishlab chiqarmasligi ham mumkin. Ammo ko‘pchilik yetakchi smartfonsozlar shu kabi form-faktorli qurilmalar ustida ishlayotganiga qaraganda, LG ham ulardan qolishmasligi ehtimoli yuqori.

O‘QING: Apple «raskladushka» iPhone chiqarmoqchi, ammo Samsung’dan cho‘chiyapti

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!