Ilk buklama smartfon tayyor, ammo bu Apple yoki Samsung mahsuloti emas...

  •   DiMaX
  •  2127
  •  28.09.2017 10:09

Ilk buklama smartfon tayyor, ammo bu Apple yoki Samsung mahsuloti emas...

Qayrilma ekranli, buklanuvchan smartfonlar yaratish borasida ayrim mashhur va ilg‘or smartfonsozlar harakat qilayotganidan xabaringiz bor. Biroq tez orada birinchi buklama smartfonni unchalik ham tanilmagan boshqa texnologik kompaniya taqdim etadi, deb yozadi AndroidAuthority.

Mazkur yo‘nalishda birinchi bo‘lish uchun yetakchi texnologik kompaniyalar bor kuchlari bilan olg‘a intilmoqdalar. Jumladan, Samsung kompaniyasi bukiluvchan smartfonni sertifikatlash bo‘yicha Koreya radiotadqiqotlar agentligiga patent arizasini topshirgan. Uning asosiy raqibi – Apple kompaniyasi ham ikkita buklanadigan displeydan iborat smartfon konstruksiyasini patentlagan.

To‘g‘ri, «ancha oldin» – 2011 yili Sony kompaniyasi ham bu borada tajriba qilib ko‘rgan – Tablet P rusumli yig‘ma planshet yaratgan. Biroq unda har biri 5,5 dyuymlik diagonalga va katta romlarga ega ikkita displey mavjud edi.

Xullasi kalom, ulkan displeyli, ammo ixchamlik uchun ikki buklab ishlatish ham mumkin bo‘lgan smartfonlar erasini Xitoyning ZTE kompaniyasi boshlab bermoqchi. Uning kodli nomi Axon Multy bo‘lgan smartfoni Full HD sifatli ikkita displeyga ega. Qurilmani yoyganda ular diagonali 6,8 dyuymga ega bo‘lgan katta bitta displeyga aylanadi. Bukilgan holatida esa bu devays oddiy smartfondek ko‘rinadi, yoyilganida – planshetga aylanadi.

Axon Multy taqdimoti shu yilning 17 oktyabridayoq bo‘lib o‘tadi, deyiladi xabarda. ZTE’ning buklama smartfon-plansheti haqidagi boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum qilinmagan. Biroq avvalroq taniqli insayder Evan Blass ayni shu model haqida xabar bergan. Balki o‘sha xabardagi prognozlar rost chiqar – buni bilish uchun bizni kuzatib boring.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!