Ilon Mask Twitter'dan "soqqa qilish"ni boshlab yubordi

Ilon Mask Twitter'dan

Bir necha oylik shov-shuvli tortishuvlardan keyin, Ilon Mask endi rasman Twitter egasi bo'ldi. Milliarder o'tgan haftaning payshanba kunida ijtimoiy tarmoq kompaniyasi bilan kelishuvni yakunladi va ishni Twitter rahbarlarini haydashdan boshladi. Navbatda Mask platformaga verifikatsiya bilan bog'liq yangi o'zgartirishlar kiritishni boshladi.

Platformer'dan Keysi Nyutonning xabar berishicha, Ilon Mask o'zining ijtimoiy tarmog'ida tasdiqlanganlik belgisini olishni Twitter Blue pulli oylik obunasiga qo'shmoqchi, ya'ni endi siz Twitter'da verifikatsiya belgisini olish uchun platformaning premium obunasini sotib olishingiz kerak bo'ladi.

Twitter Blue obunasi deyarli bir yil avval ishga tushirilgan bo'lib, u reklamalarni olib tashlaydi va ilova ikonkasini o'zgartirish kabi ayrim funksiyalarni ochib beradi.

Qo'shimchasiga Ilon Mask pulli obuna narxini oshirish niyatida: hozirgi Twitter Blue oyiga 4.99 dollar bo'lsa, kelajakda u 19.99 dollar bo'lishi kutilmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, hozir Twitter'da verifikatsiyalanganlar ham keyinchalik pulli obuna sotib olishlari talab qilinadi, aks holda ularning tasdiqlanganlik belgilari 90 kundan keyin olib qo'yiladi.

Ilon Mask Twitter ishchilariga ushbu xususiyatni platformaga kiritish uchun 7-noyabrgacha vaqt bergan va agar bu amalga oshirilmasa ular ishdan ketishlari ma'lum qilingan.

Ta'kidlash joizki, Mask yakshanba kuni Twitter'da tasdiqlik belgisini ola olmayotganligi haqida xabar bergan foydalanuvchiga: "hozirda barcha verifikatsiya jarayoni qayta ko'rib chiqilmoqda" deya javob qaytargan.

O'QING: Telegram pulli postlari ortiq iOS qurilmalarida ko‘rsatilmaydi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!