Inha universitetida test: O‘zbekistonda ilk bor OMR Card System

  •   DiMaX
  •  1481
  •  13.07.2017 17:23

Inha universitetida test: O‘zbekistonda ilk bor OMR Card System

Kirish imtihonlarini o‘tkazish jarayonini optimallashtirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlariga OMR Card System (optik belgilarni tanish) tizimini joriy etadi. Ushbu tizimdan ilk bor 2017-2018 o‘quv yili kirish imtihonlarida foydalaniladi, deb yozadi universitet sayti.

Koreya Respublikasidagi Inha universitetining ushbu tashabbusi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori (IUT) Sarvar Babaxodjayev va hamkor universitetning rahbariyati bilan bo‘lgan muzokaralarda muhokama etildi, deyiladi xabarda.

IUT rektori Sarvar Babaxodjayev iyul oyining boshida Inchxon shahriga tashrif buyurdi va Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Prezidenti Sunya Choy, vitse-prezidenti Inkyo Cheong va dekani Yong Mi Anlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar 2017-2018 yili kirish imtihonlarini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha fikr almashdilar.

Muzokaralar natijasida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab IUT kirish imtihonlarida optik belgilarni tanish tizimini joriy etishga kelishib olindi. Ushbu tizim imtihon varaqalarini baholash jarayonini samaradorligini va shaffofligini oshirish maqsadida joriy etilmoqda. Janubiy Koreya universiteti maxsus kompyuter tizimi yordamida abituriyentlarning ishlarini baholaydi.

Shu bilan birga, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlarini o‘tkazishga javobgar bo‘lgan 13 nafar mutaxassisini yuboradi. Bu esa kirish imtihonlarining ob’yektiv o‘tishini ta’minlaydi.

 Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni 2017 yilning 17 aprel kunidan boshlagan. Mazkur oliy o‘quv yurtida kirish imtihonlari 20 va 21 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Universitetda 2016–2017 o‘quv yili uchun kirish imtihoni real vaqt rejimida onlayn-translyasiya qilib borilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.