Intel «uchar avtomobil»ni namoyish qildi (video)

Intel «uchar avtomobil»ni namoyish qildi (video)

Kompaniyaning ma’lumot berishicha, Volocopter uchuvchisiz transporti 2 passajirni havoga ko‘tarib chiqa oladi.

Bu vosita mustaqil harakatlanuvchi taksi misoli. U quvvatini o‘zidagi batareyadan oladi, uni havoga olib chiqishga 18 rotor (aylanadigan parrak qismi) dvigatel mas’ul. Uchuvchisiz transportni jamoatchilik e’tiboriga havola qilar ekan, Intel bosh direktori Brayan Krjanich shunday dedi: «Tasavvur qiling, siz smartfoningizdagi kerakli ilovani shundoq ochasiz-da, havo taksisiga buyurtma berasiz va zarur manzilga tez, oson yetib olasiz. Kelajak siz kutgandan ko‘ra juda ham yaqin».

Volocopter vositasini yaratish aslida 2012 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan germaniyalik kompaniya tomonidan ilgari surilgan. Bu kompaniya ilk yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan dronni 2013 yilda namoyish qilgan. Intel o‘sha yiliyoq loyihani xarid qilgan.

Volocopter'da o‘rnatilgan 4 ta girostabilizator (IMU) parvoz jarayonida dronning holatini qayd qilib boradi. Uning quvvatlash tizimi 9 ta alohida bo‘lmadan iborat. Ularning har biri 2 tadan rotorni elektr bilan ta’minlaydi. Bu esa akkumulyatorlardan biri quvvatsizlangan taqdirda ham, parvozni davom ettirish uchun ayni muddao.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha bu kabi dronlar 30 daqiqa ucha oladi. Bu davr ichida 30 chaqirim masfoni bosib o‘tish mumkin. Bu hozircha rekord natija.

Volocopter'dagi 2 ta navigatsion tizim qurilmaning parvoz chog‘idagi xavfsizligini nazorat qiladi. O‘ziga xos jihati shundaki, bu volokopterda har ehtiomlga qarshi, ballistik parashyut mavjud. Bu esa yo‘lovchilarni yerga sog‘-omon qaytishlari uchun ishonchli kafolat degani.

Hozircha AQSh Federal fuqarolik aviatsiyasi mazkur turdagi yo‘lovchi dronlarga uchishga ruxsat bermagan. Boshqa davlatlarda ham bu texnologiya qonuniylashtirilmagan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!