Internetni tejovchi va bepul Wi-Fi nuqtalarini topuvchi Google Datally ilovasini o‘rnatib oling! (+video)

  •   DiMaX
  •  3360
  •  30.11.2017 18:23

Internetni tejovchi va bepul Wi-Fi nuqtalarini topuvchi Google Datally ilovasini o‘rnatib oling! (+video)

Google kompaniyasi Android operatsion tizimli qurilmalar uchun Datally ilovasini taqdim etdi. U internet-trafikni tejashga va yaqin oradagi Wi-Fi nuqtalarini topishga mo‘ljallangan, deb yozadi iGuides nashri.

Avvaliga bu ilova Triangle deb nomlangan va bir necha oy mobaynida Filippindagi foydalanuvchilar tomonidan beta-test jarayonidan o‘tkazilgan. Google’ga ishonadigan bo‘lsak, sinov dasturi ishtirokchilari mazkur dastur yordamida 30 foizgacha internet-trafikni tejashgan.

O‘QING: Mobil trafikni tejash uchun Google’dan yangi ilova!

Datally mobil trafikni ham, Wi-Fi tarmoqlaridagi trafikni ham tejash imkoniyatiga ega. Har ikkala holatda ham u fon rejimida ishlovchi ilovalarning internetdan foydalanishini cheklash evaziga bunga erishadi.

Quyidagi videolavhada uning qanday ishlashini o‘zingiz ko‘rib olishingiz mumkin:

Mazkur ilova uchta asosiy vazifani bajara oladi:

  1. Trafik aynan nimalarga sarflanayotganini aniqlash. Datally yordamida siz bir soatda, bir kunda, haftada yoki oyda qancha trafik ishlatayotganingizni bilib olasiz. Bu ilova internetni tejash uchun aynan sizga mo‘ljallangan tavsiyalar ham beradi.
  2. Trafikni boshqarish. Mobil internetdan fon rejimida foydalanishni cheklash uchun «Trafikni tejash» (Data Saver) rejimini yoqasiz. Shuningdek, ilovalardan har biri qancha miqdorda trafik ishlatayotganini ko‘rsatuvchi maxsus belgichani ko‘rasiz. Agarda ulardan birortasi haddan tashqari ko‘p trafik sarflab yuborayotgan bo‘lsa, tugmachani bittagina bosish orqali uning internetdan foydalanishini taqiqlab qo‘yasiz.
  3. Megabaytlarni tejash. Ba’zida biror amalni bajarish uchun sizning tarif rejangizda ko‘zda tutilganidan ko‘ra ko‘proq mobil trafik talab etiladi. Datally esa yaqin atrofda ochiq (bepul) Wi-Fi nuqtasi bor-yo‘qligini tekshirib ko‘radi va unga ulanishga yordam beradi.

O‘QING: Firefox Focus – vahimachilar va tejamkorlar uchun mobil brauzer

Datally trafikni tejash statistikasini yuritadi va qancha tejaganini kunlar, haftalar va oxirgi oy bo‘yicha, shuningdek, ilovalar bo‘yicha ham aks ettiradi. Ko‘p megabayt «yeb qo‘yayotgan» ilovaning harakatini cheklash esa o‘z ixtiyoringizda. Shuningdek, ushbu dastur smartfonning bildirishnomalar hududida trafik sarfining tezligini ham aks ettirib turadi.

Google yangi ilovasining qo‘shimcha funksiyasi – Wi-Fi nuqtalarini izlashdir. Qidiruv ro‘yxatida shu nuqtalar joylashgan o‘rinlar va muassasa nomlari aks ettiriladi. Shuningdek, mazkur Wi-Fi nuqtalarining parol bilan himoyalangan yoki ochiq, yo bo‘lmasa bir martalik kod yordamida autentifikatsiya orqali kiriladigan ekanligini ham ma’lum qiladi. Ro‘yxatdagi istalgan muassasa ustiga bosilsa, xarita ochiladi va o‘sha muassasaga qanday borish ko‘rsatiladi.

O‘QING: Wi-Fi tarmog‘i parolini bilishning 5 usuli

Datally ilovasi bepul bo‘lib, Android 5.0 va undan keyingi talqinlardagi smartfon va planshetlarda ishlaydi. Interfeysi faqat ingliz tilida, ammo salgina harakat qilsangiz, uni tushunib olish aytarli qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ilovani mana bu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!