iOS 11 «sotib qo‘ydi»: iPhone 8 emas, iPhone X ekan!

  •   DiMaX
  •  2324
  •  11.09.2017 14:56

iOS 11 «sotib qo‘ydi»: iPhone 8 emas, iPhone X ekan!

Apple kompaniyasi o‘z operatsion tizimining yangi – iOS 11 talqinini 12 sentyabrda, yangi iPhone bilan birga taqdim etishni ko‘zlagan edi. Ammo mazkur versiya xodimlardan biri orqali internetga «sizib» chiqib ketdi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

Xakerlar bekor o‘tirishmaydi!

Kompaniya bu ishning aybdorini izlash bilan mashg‘ul bo‘lgan payti dasturchilar allaqachon proshivkaning kodini tahlil etib, ancha-muncha sirlarni aniqlashga ham ulgurishdi.

Xususan, barcha intiqlik bilan kutayotgan «yubiley» modeli – «iPhone 8» haqidagi ma’lumotlar ham aniqlandi... Yo‘g‘e, uzr, bu model bunday deb nomlanmasligi endi aniq bo‘ldi – uning nomi «iPhone X» ekan!

Nomlanishi va xususiyatlari

Ha, endi Apple’ning yangi flagmani «iPhone 8» ham, «iPhone Edition» ham emas, balki «iPhone X» deb nomlangani aniq bo‘ldi. Buning tasdig‘ini dasturchilar yakuniy iOS 11 talqini kodidan topdilar.

Ushbu qurilmaga diagonali 5,8-dyuym bo‘lgan OLED ekran o‘rnatilgan. Apple’ning «yubiley» flagmani 3 GB tezkor xotiraga ega.

Shuningdek, ekrani 5,5 dyuymga teng bo‘lgan iPhone 8 Plus (sobiq taxminiy nomi «iPhone 7s Plus») tezkor xotirasi ham shuncha hajmdadir. Displeyi 4,7 dyuymlik iPhone 8 (oldin «iPhone 7s» deya nomlanishi taxmin qilingan) esa atigi 2 gigabaytlik tezkor xotira bilan ishlaydi.

Kamera va Face ID

Aniqlanishicha,iPhone 8 Plushamda iPhone Xmodellaridagina qo‘shaloq ob’yektivli kamera bo‘ladi.iPhone 8 esa oddiy – bitta modulli kameraga ega. Biroq faqat iPhone X kamerasidagina modullar tikka–  vertikal tarzda joylashadi.

iPhone X’ning old kamerasi yuzni tanish uchun Face ID tizimini qo‘laydi. Mana, u quyidagicha sozlanadi:

Proshivkada topilgan ma’lumotga ko‘ra, Face ID bir nechta funksiyalarda qo‘llanadi: iPhone’ni blokdan chiqarish, iTunes va App Store’ dagi tranzaksiyalarda autentifikatsiyadan o‘tish, Safari’dagi maxfiy AutoFill ma’lumotlari uchun autentifikatsiya, shuningdek, Apple Pay’da xaridlarni tasdiqlash uchun.

Xo‘sh, innaykeyin-chi?

Xullasi kalom, iPhone X’ga tegishli ko‘p jihatlar ayni shu – «sizib chiqqan» iOS 11 yakuniy talqini tufayli fosh bo‘ldi. Bular orasida Face ID sozlamalari, yuzni tanish orqali shaxsni tasdiqlovchi Apple Pay, Split holat paneli, Animoji, A11 protsessori, shuningdek, qurilmaning dizayni va o‘lchamlari ham bor.


Mazkur proshivkani tashqariga chiqarib yuborgan xodimni izlash ishlari davom etayotir. Bu qidiruvga dunyodagi mashhur telekanallar ham qo‘shilishgan. Topilib qolsa, unga qanday jazo tayinlashar ekan-a?

Siz ham qiziqyapsizmi? Unda bizdan uzoqlashmang – ma’lum bo‘lishi bilan xabar beramiz!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!