iOS 11’da uzoq kutilgan funksiyalardan biri paydo bo‘ldi (+video)

  •   DiMaX
  •  2664
  •  04.07.2017 15:41

iOS 11’da uzoq kutilgan funksiyalardan biri paydo bo‘ldi (+video)

Nihoyat, iOS 11 operatsion tizimiga ko‘pchilik mashina haydovchilar uzoq kutgan «Harakatlanish paytida bezovta qilmaslik» funksiyasi qo‘shildi. Bunda siz rulda paytingiz tizim nafaqat barcha kiruvchi qo‘ng‘iroqlar, xabarlar va bildirishnomalarni cheklaydi, balki istagingizga ko‘ra abonentlarga avtomatik javob ham yubora oladi. Bu to‘g‘rida AppleInsider nashri xabar bergan.

Keling, uning qanday ishlashingizni ko‘rib chiqamiz.

Avvalo, yangi «Bezovta qilmaslik» rejimini o‘zingiz faollashtirishingiz ham, avtomatik yoqiladigan qilishingiz ham mumkin. Masalan, iPhone’ingiz avtomobilingizga Bluetooth orqali ulanganida bu rejim ishga tushib ketadigan qilib qo‘ysangiz bo‘ladi. Agarda siz yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan bo‘lsangiz, ayni damda haydovchi emasligingizni iOS tizimiga bildirib qo‘yishingiz mumkin.

«Harakatlanish paytida bezovta qilmaslik» funksiyasi faollashgan payti, nima bo‘lishidan qat’i nazar, iPhone ekrani qop-qora holida turaveradi. Uyingizdan qo‘ng‘iroq bo‘ladimi yo biror messenjerdan xabar keladimi – farqi yo‘q, smartfoningiz sizga buni bildirmaydi – rulni boshqarishdan chalg‘itmaydi. Agarda kimdir matnli xabar yuborsa, ayni paytda rulda ekaningiz haqida avtomatik javob qaytarishni sozlab qo‘yishingiz mumkin. Juda favqulodda holatlar uchun esa, bitta xabarni ketma-ket ikki marta jo‘natish orqali «Bezovta qilmaslik» rejimini «buzish» ham ko‘zda tutilgan (buni o‘chirish imkoni ham bor).

Shunisi ham borki, agarda siz vatomobildagi Bluetooth yoki hands-free aksessuari yordamida gaplashadigan bo‘lsangiz, tizim kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni cheklamaydi. Shuningdek, «Bezovta qilmaslik» rejimini muhim holatlarda uzib qo‘yishingiz ham mumkin. Bulardan tashqari, o‘smir yoshdagilarning smartfonida yangi rejimni uzib qo‘yishning o‘zini cheklash imkoni ham bor.

«Harakatlanish paytida bezovta qilmaslik» funksiyasidan iOS 11 tizimining dasturchilarga mo‘ljallangan ikkinchi beta-versiyasida, shuningdek, ommaviy taqdim etilgan beta-versiyada foydalanish mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.