iOS 16, yangi Macbook Air va VR ko'zoynak?

iOS 16, yangi Macbook Air va VR ko'zoynak?

Apple o'zining har yili bo'lib o'tadigan Worldwide Developers Conference (WWDC) 2022 tadbirining bu yilgi sonini 6-iyundan 10-iyunga qadar o'tkazishni rejalashtirgan. Konferensiyaning ilk kunida kupertinolik kompaniya o'zining taqdimotini o'tkazadi va bu Apple'ning yildagi asosiy tadbirlaridan biridir va u ko'proq Apple qurilamalari uchun dasturiy ta'minotlarning yangi versiyalariga qaratilgan bo'ladi.

iOS va iPadOS 16

WWDC'ning 2022-yilgi sonida Apple muxlislari iOS va iPadOS operatsion tizimlarining o'n oltinchi versiyasini kutishmoqda. Bloomberg'dan Mark Gurman'ning xabar berishicha iOS 16 anchadan beri Android qurilmalarda bo'lgan "always-on display" xususiyatiga ega bo'ladi va bu funksiya iPhone 14 Pro smartfonlariga chiqariladi. Health va Messages, shu bilan birga, bildirishnomalar ham sezilarili yaxshilanishlarga ega bo'lishi mumkin. Shuningdek, yangilanish Android stilidagi avtohalokatni aniqlash va bunda favqulodda holat uchun belgilangan telefon raqamga qo'ng'iroq qilish xususiyatini o'z ichiga olishi aytilmoqda.

iPadOS uchun esa ko'p vazifali ishlarni qilishda yaxshilanish amalga oshirilishi, xususan, ochiq oynalarning o'lchamini boshqarish kabi xususiyatlar qo'shilishi aytilgan va bu planshetni noutbuklar bilan raqobatlashuvini oshiradi.

MacBook Air va M2

Mish-mishlarga qaraganda, tadbirda qayta dizaynlangan MacBook Air katta ehtimol bilan taqdim qilinadi. Yangi noutbuk 24-dyuymli iMac ranglarida chiqarilishi aytilayotgan edi, lekin so'nggi yangiliklarga ko'ra, Apple MacBook Air'ning eski modeli ranglarini saqlab qoladi. Shuningdek, xabarlar shuni tasdiqlaydiki, tadbir davomida yangi avlod Apple chipi, M2 ham taqdim qilinishi, balki u MacBook Air bilan debyut qilishi mumkin.

AR/VR qurilmasi

Apple anchadan beri o'zining metaolam uchun kirish "eshigi"ni yaratayotganligi va u bu yilgi WWDC'da taqdim qilinishi haqida aytilayotgan edi. Biroq, dushanbani gapi payshanbaga to'g'ri kelmayapti. Bir necha kun oldin kupertinolik kompaniya AR/VR qurilmasini chiqarishi aytilayotgan bo'lsa, bugunga kelib u 2023-yilga qoldirilgani aytilmoqda. Ma'lum bo'lishicha, Apple'ning AR/VR qurilmasi hali tayyor emas va uning ishlashida bir qancha muammolar bor. Shunday ekan, ertaga Apple'dan bu yangi mahsulotni kutmang.

MacOS 13, tvOS 16 va watchOS 9

iOS va iPadOS kabi Apple'ning yana boshqa muhim platformalari bor va WWDC 2022, albatta, ularsiz o'tmaydi. Watch OS 9'da xuddi iPhone'da bo'lgani kabi "kam quvvat" rejimi va iPhone'dan turib soat ekranini boshqarish imkonini beruvchi rejim qo'shilishi va albatta, Watch uchun yangi dizayndagi ko'rinishlar chiqarilishi kutilmoqda.

macOS Mammoth (mamont) deb nomlanishi aytilayotgan macOS 13 haqida unchalik ko'p xabarlar mavjud emas, lekin u iPhone'niki kabi Focus rejimiga ega bo'lishi mumkin.

Apple'ning 33-WWDC tadbiri kelayotgan dushanba, 6-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 22:00 da onlayn o'tkaziladi va uni siz Apple'ning rasmiy veb-saytida yoki YouTube sahifasida jonli tomosha qilishingiz mumkin bo'ladi.

O'QING: Apple iPhone narxlari bilan tanishamiz (2022 yil, iyun)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.