iPhone 12'larni zaryadchiksiz sotgani uchun Apple'ni jarimaga tortishdi

iPhone 12'larni zaryadchiksiz sotgani uchun Apple'ni jarimaga tortishdi

The Verge nashrining 9to5 Mac saytiga tayanib xabar berishicha, Braziliyaning San-Paulu shtati iste’molchi huquqlarini himoya qilish agentligi kupertinolik kompaniyaga 2 million AQSh dollari jarima soldi. Sabab esa yana o‘sha — kompaniyaning iPhone 12'larni quvvatlagichsiz sotganligi.

O‘QING: Apple va Netflix aynan O‘zbekistonni tanladi. Nega Qozog‘istonni emas?

Iste’molchi huquqlari himoyasidagi agentlik — Procon Apple'ni o‘z mahsulotini «chalg‘ituvchi reklama» qilish va «qurilmani quvvatlagichsiz, adolatsiz shartlar asosida sotish»da ayblamoqda.

Apple o‘tgan yili oktyabr oyida ekologiya borasida qayg‘urayotgani sabab, iPhone 12 smartfonlari quvvatlagich va quloqchinlarsiz sotilishini ma’lum qilgandi. iPhone 12 va boshqa yangi modellari qadog‘i tarkibida USB-C-to-Lightning kabelinigina ta’minlash bilan Apple mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xomashyoni kamaytirishi va qadoq hajmini kichiklashtirishga erishishini aytgandi.

Tanqidchilarning ta’kidicha, ushbu o‘zgarishdan maqsad faqatgina yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish xolos. Ekologiya bo‘yicha mutaxassislarning fikricha esa, kupertinoliklar amalga oshirgan ushbu yangilikning atrof-muhitga bo‘lgan ijobiy ta’siri juda kam.

Procon'ning aytishicha, u Apple'dan qadoq ichida zaryadchik yo‘qligi bois iPhone narxlarini kamaytirish-kamaytirmasligini so‘ragan. Biroq kompaniyadagilar bu so‘rovga javob qaytarishmagan. Agentlikning yana ta’kidlashicha, Apple tizim yangilanishidan keyin qurilmasida muammo paydo bo‘lgan mijozlarga ham yordam bermagan.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, Apple «ushbu qonunlar va muassasalarni hurmat qilishi kerak». Solingan jarima miqdori Apple'ga unchalik ham muammo tug‘dirmasligi aniq, sababi 2021 yilning birinchi choragida kompaniya daromadi 111.4 milliard dollarni tashkil etdi.

O‘QING: Apple umuman iPhone 13 nomli smartfon chiqarmasligi mumkin!