iPhone 8 taqdimotining yangi sanasi aytildi

  •   DiMaX
  •  1685
  •  24.08.2017 12:12

iPhone 8 taqdimotining yangi sanasi aytildi

Bir qator manbalarning ta’kidlashicha, Apple o‘zining uchta yangi smartfonini qachon namoyish etishini bir nechta uyali aloqa operatorlariga ma’lum qilgan. Mazkur devayslarning taqdimot marosimi avval taxmin qilinganidek 17 emas, balki 12 sentyabrda bo‘lib o‘tadi, deb yozadi Hi-Tech.Mail.Ru.

Insayderlarning aytishlaricha, uyali aloqa operatorlari bozorga biryo‘la uchta ayfon chiqarilishiga tayyorgarlik ko‘rishlari kerak bo‘ladi. Shu bois ham ularga bu telefonlarning taqdimot sanasi haqida xabar berilgan.

To‘g‘ri, hozircha Apple hech kimga bu tadbir taklifnomasini jo‘natgani yo‘q, ammo bungacha asosiy taxmin sifatida, taqdimot 17 sentyabrda bo‘lib o‘tishi aytilayotgan edi. Endi yangi xabarlarga ko‘ra, tadbir undan salkam bir hafta avval – 12 sentyabrda o‘tkaziladi. iPhone 7s hamda iPhone 8 uchun oldindan buyurtma berish ham o‘sha haftaning o‘zida – 15 sentyabrda boshlanishi taxmin qilinayotir. Bozorga bu gadjetlar 22 sentyabrdan yetkazib beriladi, deyishmoqda.

Shu bilan birga, iPhone 8 modeli ishlab chiqarilishi biroz cho‘zilishi ham mumkinligi aytilmoqda. Ayrim «sizib chiqqan» xabarlarga ko‘ra, Apple’ning yubiley smartfoni – iPhone 8 taqdimoti hali oktyabr yoki hatto dekabrgacha ham cho‘zilishi mumkin. Boshqa manbalar esa, uzoq kutilgan bu modelning taqdimoti ham sentyabrda bo‘ladi, faqat bunda u cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi.

Shuningdek, Xitoydagi manbalar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 8 modeli xotira hajmiga ko‘ra 64 GB, 256 GB va 512 GB versiyalarida ishlab chiqariladi.

 Sentyabrdagi tadbirda iPhone bilan birga Apple Watch’ning yangi – LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi avlodi ham namoyish etiladi. Yana Apple TV uchun 4K texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan yangilanishlar ham shu tadbirda taqdim qilinishi mumkin.