iPhone SE (2017): yilning eng munosib o‘rtahol smartfoni

iPhone SE (2017): yilning eng munosib o‘rtahol smartfoni

2016 yilning, 21 martida taqdim qilingan, ikki taniqli ayfon modellarining gibridi hisoblangan iPhone SE smartfonining dizayni eski iPhone 5s'ni hamda uning texnik xususiyatlari “katta akasi” iPhone 6s`ni eslatadi. Shu bilan birga, mazkur ixcham ayfonda dizayn yanada takomillashib, texnik xususiyatlar imkoniyati oshirilgan. Ixchamlik esa narx-navoga ham ta’sir o‘tkazmay qolmagan. iPhone SE 2017 yilda yangi, ya’ni kattaroq xotirada taqdim qilindi. Xo‘sh, u qanday imkoniyatlarga ega? Quyidagi tavsifda ana shu savolga javob izlab ko‘ramiz.

 

iPhone SE komplekti va dizayni

Smartfon qadog‘idagi buyumlar Apple uchun standart va bu yerda xaridorga atalgan biror syurpriz yo‘q. Qadoqda quyidagilar taqdim qilinadi:

iPhone;

Apple EarPods audio quloqchinlari (unda boshqaruv pulti va ichkariga o‘rnatilgan mikrofon mavjud);

Lightning/USB kabeli;

Tarmoq adapteri;

Qo‘llanma.

SE o‘zining istara va qiyofasini 5S flagmanidan ko‘chirib olgan bo‘lsa ham, korpus bilan amalga oshirilgan kosmetik ishlovlar ko‘zga tashlanadi. Korpus materiali esa o‘zgarmagan: alyuminiy metall ayfon pishiqligiga xizmat qiladi. Yon tomon panellari bu gal dag‘al ko‘rinishga keltirilgan, avvalgi talqinda esa bu qismlarga sayqal berilgan edi. Ishlab chiqaruvchining bu qarori diqqatga sazovor, boisi yon panellarning dag‘al bo‘lgani ularning yeyilib ketmasligiga xizmat qiladi.

iPhone SE smartfoni avvaliga 6S kabi 3 rangda ishlab chiqarilgan:

Silver (kumush);

Space Grey (kul rang);

Gold (tilla).

Bir muddat o‘tib ularning safiga qo‘shilgan Rose Gold (och-tilla rang) bu ayfonning jozibadorligini yanada oshirgan. Bu rangdagi ayfonlar, ayniqsa ayollar orasida juda ommalashgan.

iPhone SE korpusining o‘lchami:

Yoniga — 58,6 mm;

Bo‘yiga — 123,8 mm;

Qalinligi — 7,6 mm.

Devays 113 gramm tosh bosadi. Ko‘rinib turibdiki, gibrid ayfon ishlab chiqarish jarayonida Apple imkon qadar ixcham smartfon tayyorlashga urg‘u qaratgan. Bu gadjetda tubdan biror o‘zgarishni ko‘rish qiyin.

iPhone SE korpusi bo‘ylab tugmalarning joylashuvi hamda funksional portlarning o‘rinlari "Olma"ning barcha mahsulotlariga xos. 

Korpusning chap yonida ovozni boshqarish hamda blokirovka qilish tugmalari joylashgan.

Old panelning yuqori qismidan old kamera o‘rin egallagan. Ekran quyisida esa yumaloq bosh tugma mavjud. Unda barmoq izlari skaneri tatbiq qilingan.

Korpusning ostki qismida yuqori sifatli ovoz taratadigan dinamiklar, naushnik uchun audio tuynuk hamda USB port uchun joy ajratilgan.  

Orqa panelga o‘tamiz: bu panelning o‘ng tomon yuqori qismida bosh kamera moduli mavjud. Undan quyiroqda esa korporatsiyaning tishlangan olma logotipi bor.

Darvoqe, bu olma belgisini ishlashda ham bir qator o‘zgarishlar kuzatiladi. Original iPhone 5S modelida brend belgisi panelga bir oz kirgan bo‘lsa, iPhone SE'da logotip bir oz bo‘rtma dizaynda joylashtirilgan.

Korpusning himoyalanganlik darajasi masalasida 2 xil yondashuv mavjud. Birinchidan, Apple bu smartfonini hech qachon suv yoki changga bardoshli devays sifatida reklama qilmagan. Ikkinchidan esa, foydalanuvchilar tajriba o‘tkazib ko‘rganlar. Ularning fikrlariga ko‘ra, SE modeli suvdan qo‘rqmaydi. Hatto bu gadjet suv to‘ldirilgan vannada 15 daqiqa "jon saqlagan". Bu -- yuqori ko‘rsatkich. Garchi, gibrid smartfon korpusi yuqori darajada himoyalangan bo‘lsa ham, uni sinovdan o‘tkazish uchun tavakkal qilishni maslahat bermaymiz.

 

iPhone SE displeyi

Qisqacha aytganda, SE modelida iPhone 5S ekrani o‘rnatilgan. Uning diagonal uzunligi 4 dyuym. Ekran uchun ma’lum va mashhur IPS matritsasi tanlangan. Ekrandagi piksellar sig‘imi 1136x640 belgini tashkil qiladi. Ya’ni, har bir dyuym maydonga to‘g‘ri keladigan piksellar soni 326 (ppi) belgini tashkil qiladi. Displeyda LED ostki yoritish tizimi o‘rnatilgan. Ekranning suratni ifodalash aniqligi yuqori va rang-tus uzatish yorqinligi foydalanuvchini xursand qiladi.

Ranglar o‘rtasida kontrast (qarama-qarshilik) ham yuqori: 800:1. Ekran yorug‘ligini maksimal darajada 500 kd/m2.gacha ko‘tarish mumkin.  Displey multitach funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Displeyga yog‘-dog‘ ta’siridan himoya qiladigan oleofob qoplamasi yotqizilgan.

Umuman olganda, 4 dyuymli ekran tasvirni yuqori yorqinlikda ifodalab beradi. Foydalanuvchi videoroliklar namoyishidan huzur oladi. Shu bilan birga, displeyning markazida ham, yonlarida ham tasvir bir xil aks etadi. Bu esa foydalanuvchiga o‘qin vaqtida ham, tasvir tomosha qilganda ham, tasvirdagi har bir  detalni aniq-tiniq ko‘rish imkonini beradi.

 

iPhone SE'ning platformasi va texnik imkoniyatlari

Operatsion tizim. 3 kun avval iPhone SE modelini iOS 11.2.1 operatsion tizimiga yangilab olish mumkin bo‘ldi. iOS 11 ekran quyisini bosganda paydo bo‘ladigan «Boshqaruv markazi»ni takomillashtirgan: endi foydalanuvchiga bu yerga bir nechta tez-tez foydalaniladigan ilovalarni o‘rnatish yoki musiqani sozlash imkoni beriladi.

Yap-yangi — ayfonga fayllarni markazlashgan holda boshqarish imkonini beruvchi “Files” ilovasi iCloud, Google Drive, Box va DropBox kabi yirik “bulutli” xizmatlarga ulangan.

«Xaritalar» ilovasida endi ba’zi binolarning, misol uchun savdo markazlari va aeroportlarning ichki xaritasi ham kiritilgan.

iOS 11’da fotosurat va videoroliklarni saqlab qo‘yish uchun yangicha formatlar tatbiq qilinadi. Xususan, HEVC formati  4K sig‘imli videolarning, HEIF (High Efficiency Image Format) esa suratlarning sifatiga ta’sir yetkazmagan holda gadjetga saqlab qo‘yishga xizmat qiladi.

Protsessor. Ixcham smartfonda “Olma”ning ilg‘or A9 protsessori o‘rnatilgan. 64 bitli bu chipning faoliyati foydalanuvchini xursand qiladi. Smartfonning buyruqlarga nisbatan tezkorligi 6S'niki bilan bir xil.

Tezkor xotira. Apple hamyonbop bo‘lsa ham, iPhone SE'ga 2 gigabaytli tezkor xotira o‘rnatgan. To‘g‘ri, bugun 8 GB tezkor xotirali androidlar bilan taqqoslab ko‘rganda bu -- juda kichik ko‘rinish mumkin. Biroq, Apple'ning smartfon tizimi va platformasini muvofiqlashtirish bo‘yicha mahoratini hisobga olsak, bu -- yaxshi yechim! Bu xotira tezkor faoliyat, yuqori sur’atli internet uchun ayni muddao.

Doimiy xotira. Apple kompaniyasi bu yil 4 dyuymli iPhone SE smartfonining eng kichik talqinida o‘rnatilgan doimiy ichki xotira sig‘imini 16 gigabaytdan 32 GB.ga oshirishga qaror qildi. iPhone SE taqdim qilinganida ko‘pchilik 16 GB doimiy xotiradan ranjigan edi. Aksiga olib, qo‘shimcha xotira o‘rnatish imkoniyati ham cheklangan edi. Shu bilan birga, uning 64 GB doimiy xotira talqini ham sotilmoqda. 

 

iPhone SE'ning multimedia imkoniyatlari

Gadjetdagi 12 Mp sig‘imli bosh kamera yetarlicha kuchli. U olgan suratdagi har pikselning hajmi 1,22µ. Devays kamerasida 5 linzali ob’yektiv, gibrid infra-qizil filtr va ob’yektivni himoya qiladigan sapfirdan tayyorlangan shisha o‘rnatilgan.

Fotokamera yorug‘lik past sharoitda ham yaxshi surat olishi bilan tillarga tushgan. Bunda True Tone fotochaqnog‘ining o‘rni bor. Shuningdek, tashqi yorug‘lik darajasini nazorat qilish uchun maxsus datchik ham bor. Bu ayfon modelining kamerasi quyidagi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi: 

avtomatik fokuslash;

panorama rejimida suratga olish;

surat olayotganda HDR rejimini avtomatik ravishda yoqish;

vaqtni belgilab surat olish;

suratni barqarorlashtirish;

seriyali suratga olish;

ekspozitsiyani nazorat qilish;

yuz-qiyofani tanish;

geo-manzilni aniqlash.

Video masalasida ham bosh kamera o‘z iqtidorini to‘liq oqlaydi. Unda 3840x2160 pikselli 4K-video yozish mumkin. Shu bilan birga, har sekunddagi kadr miqdori 30 (fps) tani tashkil qiladi. Qolaversa, kamerada HD-video (1080 yoki 720p) ham yozish mumkin. Bunda har sekunddagi kadr chastotasi 30 tadan 60 tagacha tashkil qiladi. iPhone SE foydalanuvchisi sekinlashtirilgan video ham yozib olishi mumkin.  Bunda har sekunddagi kadr chastotasi 120 tani yoki HD sig‘imda 240 tani tashkil qiladi.

Videorolikni yozganda ushbu funksiya mavjud:

avtomatik fokus;

3x karra yaqinlashtirish;

Yuz-qiyofani tanish;

geo-manzilni belgilash;

kinematografik barqarorlashtirish.

Shuningdek, kamerada "shovqinni" kamaytiruvchi va ovozni sifatli qilib yozib oluvchi texnologiya ham joriy qilingan.

Selfi oluvchi old kamera juda kamtar -- bor-yo‘g‘i 1,2 Mp. Bu kamera ham qiyofani taniydi, seriyali surat oladi, ekspozitsiyani nazorat qiladi. Unda 720p sig‘imli video ham yozish mumkin. Old kamera texnik jihatdan bir oz kuchsiz tuyilsa ham, amalda uning tasvir olish mahorati 6S'nikidan yaxshi. Xususan, undagi kontrastnost va rang-tasvir uzatish ko‘nikmasi yuqori. Ayniqsa, Retina Flash funksiyasi yordamida ekran yoritish manbaiga aylanadi.

Quyidagi suratlarga o‘zingiz baho bering:

Devays eng so‘nggi audio va video va boshqa fayl formatlarni qo‘llab-quvvatlaydi:

surat (jpg, gif, tiff);

matnli fayl (txt, rtf, doc, a takje docx);

jadval (xls, xlsx);

tadimot (ppt, pptx);

pdf-fayllar.

Shu bilan birga, iPhone SE arxiv fayllarni ham o‘qiydi va ulardan fayllarni ajratib oladi.

Ushbu ayfonga musiqa va fayllarni yuklab olish uchun ba’zi shartlar bor:

Personal kompyuterga kamida Windows 7 o‘rnatilgan;

Mac Book esa 10.8.5 tizimiga ega bo‘lgan bo‘lishi kerak.

 

iPhone SE "kuch-quvvati"

Mazkur devays Android devayslar bilan solishtirganda juda kuchsiz batareyaga ega bo‘lgan. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 1624 mA soat. Shu bilan birga, 4 dyuymli ekran uchun yetarli hamda Apple yana o‘z mahoratini namoyish qilgan:

3G tarmoqda 14 soat tinimsiz suhbat;

12 soat faol internet-syorfing;

13 soat tinimsiz videorolik tomosha qilish;

50 soat tinimsiz musiqa tinglash;

"Kutish", ya’ni nofaol rejimda to‘liq quvvat gadjetga 10 kunga yetadi.

Biroq, o‘yin o‘ynashni xush ko‘ruvchilar smartfonni har 2,5–3 soatda quvvatga qo‘yishlari kerak bo‘ladi.

iPhone SE'dagi datchik va modullar

 

Devaysdagi qo‘shimcha imkoniyat va funksiyalar qatoriga quyidagilarni aytish mumkin

akselerometr;

oraliq-masofa datchigi;

3-o‘qli giroskop;

Bluetooth 4,2 texnologiyasi.

Albatta, Wi-Fi moduli, Siri ovozli yordamchisi ham bor. Uning yordamida  savollarga javob olish, xatlarni yuborish va ogohlantirishlarni ovozli yozib olish, musiqa tinglash mumkin.

Narx-navo va xulosa

2017 yilning 25 martida “Olma” oilasining ixcham a’zosi bo‘lgan iPhone SE’ning 64 GB talqini 3,380,000 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirda, ya’ni dekabrda uning "Malika"dagi bahosi 3 157 000 so‘mni tashkil qilmoqda.

iPhone SE seriyasiga oid modellar yurtimizda quyidagi narxlarda sotilmoqda:

iPhone SE (16 Gb, silver, rose) – 2 173 000 so‘m;

iPhone SE (32 Gb, grey) – 2 419 000 so‘m;

iPhone SE (32 Gb, silver) – 2 501 000 so‘m;

iPhone SE (64 Gb, gold) – 3 157 000 so‘m.

Apple'ga xos soddalik va qulaylikni, ixchamlikni, iOS tizimiga uyg‘un imkoniyat va funksiyalarni his qilish istagidagi insonlar uchun iPhone SE 4 dyuymli smartfonlar orasida eng munosibi. Sifatli ekran, metall korpusga jam qilingan texnologiyalar, xursand qiladigan kamera, nisbatan yangi A9 protsessori, 4G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashi, 2 GB tezkor xotirasi taassurotli.   

Shu bilan birga, 1,2 megapikselli old kamera, u qadar ahamiyatli bo‘lmagan 3D Touch’ning yo‘qligi siz uchun qo‘rqinchi bo‘lmasa, unda iPhone SE smartfonini xarid qilsangiz, afsuslanmaysiz.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 2 020 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 2 407 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!