iPhone X’ga raqib Huawei’ning «to‘rtko‘z» smartfoni jonli suratlarda ko‘rindi

  •   DiMaX
  •  2206
  •  19.09.2017 10:00

iPhone X’ga raqib Huawei’ning «to‘rtko‘z» smartfoni jonli suratlarda ko‘rindi

Kupertinolik gigantning so‘nggi flagmaniga raqobatchi sifatida Huawei ham baquvvat smartfon tayyorlayotgani haqida yaqinda xabar bergan edik. Endi «xitoycha Tvitter» – Weibo ijtimoiy tarmog‘ida uning jonli rasmlari e’lon qilindi.

Xabar berganimizdek, Huawei’ning hozircha rasman taqdim etilmagan bu smartfoni Maimang 6 yoki Huawei G10 (Huawei G10 Plus) deb nomlanadi. Uning 22 sentyabrda bo‘lib o‘tadigan marosimda taqdim etilishini kompaniya allaqachon tasdiqlagan.

Weibo tarmog‘idagi fotosuratga qarasak, yangi flagmanning displeyi old panelni deyarli butkul qamrab oladi. Shuningdek, uning old kamerasi ham, asosiy kamerasi ham ikkitadan fotomodulga ega.

Eslatib o‘tamiz, bu – kompaniya sir tutgan, ammo Xitoy Telekommunikatsion jihozlarni sertifikatlash markazining saytida aniqlangan Huawei RNE-AL00 markirovkali model bo‘lishi taxmin qilingan. Ushbu modeldagi qurilmaning tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatdagi ekrani ham romsiz bo‘lib, old panelni deyarli butunlay qoplagan. Displey diagonali 5,99 dyuymni tashkil etadi, Full HD+, ya’ni 2160 x 1080 pikselli darajadagi aniqlikka ega. Huawei RNE-AL00 markirovkali gadjetning asosiy kamerasi 16+2 megapikselli, selfi-kamerasi esa 13+2 megapikselli ob’yektivlardan iborat.

Huawei bu smartfonining metall korpusi orqa panelida daktiloskopik skaner joylashtirgan, protsessori – sakkiz yadroli Kirin 659. Uning tezkor va doimiy xotiralari tegishlicha 4 va 64 gigabaytga teng, yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD kartasini qo‘yish mumkin.

Maimang 6 akkumulyatori 3240 mA/soat sig‘imga ega. U ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi, 4G LTE, Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 4.2, GPS hamda GLONASS interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon EMUI qobig‘i ostidagi Android 7.0 Nougat operatsion tizimi bilan chiqariladi. Qurilmaning o‘lchamlari 156,2 x 75,2 x 7,5 millimetrga teng, vazni esa 164 grammni tashkil etadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!