Jonsiz tana yordamida smartfonni blokirovkadan chiqarish mumkinmi?

Jonsiz tana yordamida smartfonni blokirovkadan chiqarish mumkinmi?

Xavfsizlik tizimlari bo‘yicha ekspertlar shu kunlarda politsiya jonsiz odam tanasi yordamida uning iPhone qurilmasini blokirovkadan chiqara olish yoki olmasligi xususida bahsga kirishib ketganlar. Gap bu yerda Sazerlend-Springs cherkovida qirg‘in uyushtirgan Devid Keyli xususida ketmoqda.

Ba’zi ekspertlarning fikricha, o‘lgan odamning barmoq izlari yordamida Touch ID'dan o‘tish imkonsiz Boisi, bu skaner barmoqdagi yuqori chastotali to‘lqinga hamda inson tanasidan ajralib chiqadigan elektr quvvatiga asoslanadi.

«Agar datchiklar tirik odamning barmoq izini tekshirishga asoslangan bo‘lsa, jonsiz tana yoki barmoq izlarining rezina nusxasi yordamida telefonni "ochib" bo‘lmaydi», – deydi biometrik sensorlar ishlab chiqaruvchi Precise Biometrics mutaxassisi Deniyel Edland.

Shu bilan birga, bu fikrga qarshi mulohazalar ham yo‘q emas. Electronic Frontier Foundation advokatlaridan biri Neyt Kardozoning so‘zlariga ko‘ra, o‘lgan odam tanasi yordamida Touch ID tizimidan muvaffaqiyatli o‘tish mumkin.

«Bu holatda Touch ID'ni yechish mumkin. Biroq, Face ID tizimida bu imkonsiz bo‘lsa kerak», – deydi ekspert.

UnifylID kompaniyasi bosh direktori Jon Veylining tasdiqlashicha, harakat qilinsa har ikkala xavfsizlik tizimlarini blokirovkadan chiqarish mumkin.

«Touch ID va Face ID tizimlarini smartfon foydalanuvchisining jonsiz tanasi yordamida ham buzib kirish mumkin. To‘g‘ri, ba’zi datchiklar tananing jonli yoki jonsiz ekanining ham farqiga boradi. Biroq, ularni ham aldasa bo‘ladi», – deydi Veyli.

Shunday bo‘lsa ham, bir haftadirki, odamlarga qarata o‘q ochgan jinoyatchining jasadi yordamida uning iPhone smartfonining tizimiga kira olishgani yo‘q. Gap shundaki, foydalanuvchi ayfonni 48 soat davomida ishlatmasa, smartfon avtomatik ravishda parol so‘raydi. Ayfonda Touch ID yoki Face ID tizimi o‘rnatilgan bo‘lsa ham.

Shu vaqtga qadar hukumatga yordam berishni rad qilib kelgan Apple kompaniyasi bu gal AQSh FQB ga o‘zi murojaat qilib, jinoyatchining ayfonidagi ma’lumotlarni olib berishda yordamlashishni taklif qildi. Hozircha keyingi tafsilotlar jamoatchilik uchun qorong‘u.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!