«JONLI» VIDEO: Xiaomi rahbari «xitoycha iPhone X» – Mi MIX 2S’ning barcha texnik jihatlarini taqdimotdan avval oshkor etdi!

  •   DiMaX
  •  1518
  •  26.03.2018 17:04

«JONLI» VIDEO: Xiaomi rahbari «xitoycha iPhone X» – Mi MIX 2S’ning barcha texnik jihatlarini taqdimotdan avval oshkor etdi!

«Xitoycha Apple» o‘zining uzoq kutilgan smartfonining namoyishini 27 mart kuni Shanxayda bo‘lib o‘tadigan anjumanga rejalashtirganidan xabardormiz. Ammo kompaniya rahbari Ley Szyun sabr qilib turolmadimi, yo muxlislarni yanada qiziqtirishga harakat qildimi – ishqilib, taqdimotdan bir kungina oldin Mi MIX 2S modelining barcha texnik xususiyatlarini aytib qo‘ydi.

O‘QING: Xiaomi Mi Mix 2S haqida yangi ma’lumotlarni oshkor etdi (+videolar)

Ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi Mi MIX 2S smartfoni diagonaliga 5,99 dyuymlik, tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatli ekranga ega. Uning piksellar zichligi esa Full HD+ formatida, ya’ni displeyi 2160x1080 pikselli.

Bu qurilma hozirda eng ilg‘or bo‘lib turgan Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi. Mazkur chipset 2,8 GGs takt chastotali sakkizta yadro hamda Adreno 630 grafik tezlatgichini o‘z ichiga olgan. Yuksak samaradorlikni ta’minlashda unga LPDDR4x turiga mansub, 6/8 gigabayt hajmli tezkor xotira yordamga keladi. Smartfonning UFS 2.1 turidagi doimiy xotirasi esa 128/256 gigabaytli talqinlarda bo‘ladi.

Gap asosiy kamera masalasiga kelganda, yana kutilmagan holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Chunki yangi xabarda Xiaomi Mi MIX 2S qo‘shaloq kameraga ega bo‘lishi va bu 12 megapiksellik Sony IMX363 modullari ekanligi aytilayotir. Holbuki, kompaniyaning o‘zi e’lon qilgan suratlarda bosh kamera bitta modulli bo‘lib, uning tagida esa barmoq izi skaneri joylashgan edi.

O‘QING: Xiaomi Mi Mix 2S’ning rasmiy suratlari u haqdagi yolg‘onlarni fosh etdi

Shuningdek, insayderlar tarqatgan quyidagi «jonli» suratda ham flagmanning xuddi iPhone X modelidagi kabi joylashgan qo‘sh ob’yektivli kameraga ega ekanini ko‘ramiz:

Shulardan kelib chiqib, bu modelni endi «xitoycha iPhone X» desak ham adashmaymiz-ov... Darvoqe, Mi MIX 2S asosiy kamerasi «sun’iy idrok» tizimi bilan ta’minlanganligi ham xitoyliklarning yana bir yutug‘idir. Smartfonning old kamerasi esa 5 megapikselli OV5675 moduliga ega bo‘lishi xabar qilingan. Bu kamera devaysning old yuzida, pastki o‘ng burchakda joylashgan.

Shuningdek, insayderlar allaqachon bu smartfonning «jonli» videosini ham tarqatishgan:

Xiaomi Mi MIX 2S zamonaviy USB Type-C portiga  va orqa panelda joylashgan barmoq izi skaneriga ega. Uning 3400 mA/soat sig‘imli akkumulyatoriga esa ham Qi standarti bo‘yicha simsiz quvvatlash, ham tezkor quvvatlash texnologiyalari joriy etilgan!

O‘QING: Xiaomi fanatlari 5 yil kutgan xususiyat Mi 7’da joriy etiladi

Bu qurilma infraqizil datchik, Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs), Bluetooth 5.0 LE, GPS, A-GPS, GLONASS, NFC modullariga ham ega. Shuningdek, VoLTE ovozli aloqani qo‘llab-quvvatlovchi 4G tarmog‘ida ishlashi ham Xiaomi’ning yutuqlaridan yana biridir.

Xiaomi Mi Mix 2S oq va qora rangli korpuslardagina taqdim etiladi. Unga Android 8.1 Oreo asosidagi MIUI 9 proshivkasi o‘rnatilgan.

Smartfonning narxi hamda uning savdoga chiqarilish sanasi 27 mart kuni, Shanxayda bo‘lib o‘tadigan taqdimot marosimida ma’lum qilinadi. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang.

Kompaniyaning allaqachon sotuvga chiqarilgan ko‘plab smartfonlari va boshqa gadjetlari O‘zbekiston bozorlarida ham sotilmoqda.

O‘QING: Toshkentda Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 26 mart)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!