«Kemtik»li ekranga va Face ID tizimiga ega «iPad X» chiqishini iOS 12 «sotib qo‘ydi»!

  •   DiMaX
  •  663
  •  05.06.2018 14:36

«Kemtik»li ekranga va Face ID tizimiga ega «iPad X» chiqishini iOS 12 «sotib qo‘ydi»!

Apple yubiley superflagmanidagi kabi «o‘yiq»li ekranga hamda uch o‘lchamli yuzni tanish tizimiga ega planshet chiqarishi mumkinligi o‘tgan yilning oktyabridan beri aytib kelinadi. Garchi kupertinolikning o‘zi bu haqda ma’lumot bermagan esa-da, mazkur taxmin o‘z isbotini topdi.

O‘QING: Diqqat, sensatsiya: Apple endi «iPad X» tayyorlayapti!

Kechagina taqdim etilgan iOS 12 beta-versiyasini dasturchi Gilerme Rembo darrov sinchiklab o‘rganib chiqdi. Proshivka kodini «ipidan-ignasigacha» tekshirgan Rembo anchadan beri aytilib kelayotgan taxminning isbotini topdi.

Dasturchining aniqlashicha, navbatdagi iPad planshetlariga chindan ham «kemtik»li displey hamda Face ID tizimi tatbiq etiladi. Rembo e’lon qilgan videorolik hamda skrinshotlarning ko‘rsatishicha, iOS 12 operatsion tizimida iPad’lar uchun qo‘shilgan maxfiy Face ID kodi ham mavjud. Shuningdek, unda foydalanuvchi interfeysi hamda tegishli sozlamalar menyusi ham yashiringan.

Interfeysning yuqori qatoriga e’tibor bering – unda soat endi o‘rtada emas, balki chap tomonda joylashgan. iPad ekrani yuqori qismining o‘rtasi «o‘yiq» uchun bo‘sh qoldirilgan.

O‘QING: 2018 yili iPhone X’ga o‘xshash iPad chiqadi: Face ID bor, «Home» tugmachasi yo‘q!

Mana, dasturchi bu haqda e’lon qilgan tvitida barchasini o‘zingiz ko‘ring:

The Face ID setup UI is finally working on iPad. Clearly not done yet as can be seen by the descriptions mentioning "iPhone". But it's a start :) pic.twitter.com/PVQgfbne15

Yana bir jihati e’tiborga loyiq: kecha iOS 12 tizim talqini taqdimotida Apple e’lon qilishicha, bu versiyada iPad va iPhone X uchun ekrandan boshqaruv ishoralari bir xil shaklga keltiriladi. Endi iPad’da boshqaruv markazi ekranning yuqori o‘ng qismidan boshlab silash orqali ochiladi, dok bo‘ylab silash esa bosh ekranga qaytish buyrug‘i uchun qo‘llanadi. Bu ham kelajakda iPad’larda «kemtik» bo‘lishining bir belgisidir – ekran yuqori qismining o‘rtasi Face ID tizimi uchun qoldirilib, silashlar chekkaroqdan amalga oshirilishi belgilangan.

«iPad X» shu yilning kuzida, navbatdagi avlod ayfonlar bilan birga taqdim etilishini kutish mumkin.

O‘QING: Apple: "iOS 12'ga yangilanadigan smartfon va planshetlar"

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!