Kompyuter va smartfonlar buzilishining bosh sabablari

Kompyuter va smartfonlar buzilishining bosh sabablari

 

Smartfonning faoliyat ko‘rsatish muddati qancha? Bu savolga ko‘pchilik foydalanuvchilar 2 yil deb javob qaytarishadi. Avvalgi, biz “g‘isht” deb aytadigan tugmali oddiy mobil telefonlar uzoq yillar xizmat qilardi. Ammo, bugun 10 dan ziyod vazifalar yuklangan smartfonlar tez ishdan chiqib qoladi. Buning sababli ko‘p. Misol uchun, operatsion tizimni yangilab bormaslik ham smartfonning “qotib” ishlashiga sabab bo‘ladi.

Axborot texnologiyalari qurilmalariga ehtiyoj oshgani sayin ularga xizmat ko‘rsatish tizimi ham jadal rivojlanmoqda. Zamonaviy kompyuter va mobil texnikalarning eng ko‘p sinish, ishdan chiqish holatlari haqida ma’lumot berish uchun biz turli xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, quyidagi foydali materialni diqqatingizga havola qilyapmiz.

Personal kompyuterlar bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan nosozliklar  

Stol kompyuterlari bilan eng ko‘p uchraydigan muammolar sirasiga quyidagi 2 holatni kiritish mumkin: kompyuter umuman yoqilmaydi yoki yoqilgan taqdirda ham operatsion tizim yuklanmaydi. Aksariyat xizmat ko‘rsatish markazlari ustalarining ma’lumot berishlaricha, ko‘p holatda bu kabi nosozlik ona plata (bosh plata)dagi elektr to‘playdigan kondensatorning yoki elektr ta’minoti blokining ishdan chiqishi tufayli kelib chiqadi.

Bu asosan arzon va eskirib qolgan stol kompyuterlarida kuzatiladigan holat. Zamonaviy o‘rta darajali va yuqori darajali kompyuterlar mustahkam va uzoqqa chidaydigan kondensatorlarga ega bo‘ladi.

Vindovs operatsion tizimining yuklanmasligi ko‘proq qattiq diskda yuzaga keladigan nosozlik bilan bog‘liq. HDD diski zavoddan sifatsiz chiqishi bois yoki foydalanuvchining aybi bilan ishlamay qolishi mumkin.

Mazkur muammoni keltirib chiqaradigan oddiy bir misol: World of Tanks yoki Dota 2 kabi kompyuter o‘yinlarida yutqazgan foydalanuvchi g‘azab bilan stol ostidagi protsessorni tepadi va qattiq disk ishdan chiqadi.

Shuningdek, PK kompyuterini yarim yil yoki bir yilda changdan tozalab turish kerak. Aks holda, qalin chang qatlami ventilyatorning yaxshi ishlashiga to‘sqinlik qiladi va yaxshi sovitilmagach, kompyuter protsessori qizishni boshlaydi va bu uning elektr toki ta’minotida nosozliklarni keltirib chiqaradi.

Personal kompyuterni tashqi ta’sirlar ham ishdan chiqaradi. Misol uchun, protsessorga suv tegishi. Ayniqsa, protsessor qutisidagi Ethernet yoki tarmoq kabeli orqali suvning tizimni shikastlashi ham keng tarqalgan.

Servis markazi ustalarining ma’lumot berishlaricha, bugungi kunda video o‘yin o‘ynashga mo‘ljallangan, shuningdek professional kompyuterlarni yig‘ishga buyurtma berish sur’ati yuqori. Misol uchun, Intel Core i7, videokarta NVIDIA Quadro, kuchli qattiq disk va xotiraga ega stol kompyuterini yig‘ish buyurtmachiga 4 ming AQSh dollariga tushadi.

Lenovo-Air-13-Pro-1

Noutbuklar yoqqanda nega ishlamaydi?

Noutbuklarning ishlamasligiga ham 2 ta ommaviy sabab mavjud: sovuq sharoitdan uy sharoitiga kirish yoki namiqib qolish. Avvallari noutbuklar ajraladigan akkumulyatorlarga ega bo‘lar edi va uy sharoitiga kirganda akkumulyatorni leptopdan olib, uni qayta qo‘yish bilan muammo hal bo‘lgan. Ammo bugungi kunda deyarli barcha noutbuklar ajralmas akkumulyatorlarga ega. Ayni paytda zamonaviy noutbuklar “Reset”, ya’ni tizimni yangilash tugmasi bilan ishlab chiqarilmoqda va uning yordamida tizimni boshidan qayta yuklab bu muammoni oson hal qilish mumkin.

Noutbuklarni “kasal” qiladigan navbatdagi holat bu – foydalanuvchilarning o‘z ichimliklarini klaviatura ustiga ag‘darishlari. Bu eng ko‘p kuzatilgan holat ekan. Klaviaturadan oqib ichkariga yo‘nalgan suv noutbukning ichki organlari, jumladan bosh platani oksidlaydi. Yana bir holat – noutbuk ustiga sutning ag‘darilishi. Buni ko‘proq bolalar yaxshi uddalashadi!

Ustalarning tavsiya etishicha, shunday noxush vaziyatlarda noutbukning nam tekkan qismini fen yordamida quritish maqsadga muvofiq ekan. Buning uchun maxsus fenlar ham ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, noutbuk korpusining ichi changga to‘lishi va protsessorning qizib ketishi ham noutbukni ishdan chiqaradi. Ayniqsa, leptop qizishi videokarta sifatsiz yoki kichik bo‘lgan holatda kuchayadi. Yaxshi videokarat esa bozorda o‘rtacha 100 AQSh dollari turadi.

Servis markazi mutaxassislarining fikricha, bunday vaziyatda bosh platani markazlashgan grafika tizimiga ulab qo‘yish bu muammodan foydalanuvchini xalos qiladi. Bu ish uchun esa ustalar 20-25 AQSh dollari xizmat haqi olishadi.

Gionee

Smartfon va planshetlarda eng ko‘p uchrayotgan nosozlik muammolari qaysilar?

Smartfonlarni ta’mirlash servis xizmati ustalarining asosiy ishlariga aylanib qolgan. Markazlarning har 3 nafar masterlaridan ikki nafari aynan shu ish bilan mashg‘ul. Smartfonlardagi aksariyat nosozliklar foydalanuvchi aybi bilan yuzaga kelgan: ekran oynasining sinishi, microUSB portining ishdan chiqarilishi, telefonning yomg‘irda qolishi.

Telefonning yomg‘ir tufayli namiqishini korpus tomidagi naushnik portini fonar yordamida yaxshilab yoritib, unda oksidlanish holati bor-yo‘qligini tekshirish orqali bilish mumkin.

Agar oksidlanish darajasi u qadar yuqori bo‘lmasa, uni ustaxonada maxsus rastvor orqali tuzatish mumkin. Ammo ustalarning aytishicha, ko‘pincha bolalar va uy hayvonlarining ishtirokidagi hodisalar tufayli smartfon oksidlanishi kuzatiladi. Oqibatda qurilma platformasi, ya’ni protsessor, operativ hamda doimiy xotira tizimi almashtiriladi va bu smartfonning yarim narxiga tushadi.

Bu kabi xizmat ko‘rsatish markazida ishlash uchun nima talab qilinadi?

Hali o‘z hayot yo‘lini tanlamaganlar bo‘lsa, aytishimiz mumkinki, kompyuter va mobil texnikalarga xizmat ko‘rsatish markazida ishlash ayni paytdagi serdaromad kasblardan biri. Bu yerda ishlash uchun “Word, Excel, Internet”ni bilishning o‘zi kifoya emas.  Bu kasbda qurilmalarning ham dasturiy, ham apparat ta’minot qismlarini bilish, hech bo‘lmaganda qurilmani changdan tozalashni ham mahorat bilan bilish lozim. Shuningdek, smartfon/planshetlarni proshivka qilish, kasbda o‘sish uchun qalaylashni uddalash talab etiladi.