Kompyuter va noutbukda ishni qulaylashtiruvchi beshta bepul dastur

  •   DiMaX
  •  4395
  •  13.04.2020 13:02

Kompyuter va noutbukda ishni qulaylashtiruvchi beshta bepul dastur

Sifatli va foydali dasturlar odatda pulli bo‘lishini bilamiz, ammo shunaqa bepullari ham bor. Windows tizimiga mo‘ljallangan quyidagi beshta utilita shular qatoridan bo‘lib, kompyuterda ishingizni qulaylashtiradi.

O‘QING: Pulli analoglaridan ham zo‘r oltita bepul dastur – tanishing va yuklab oling!

  1. ClipClip

ClipClip – almashuv buferining o‘ziga xos menejeridir. Uning yordamida siz o‘zingiz buferga oldinroq nusxalab (yoki qirqib) olgan har qanday kontentdan, shu jumladan rasm va fayllardan ham foydalanish imkonini beradi. Kerak bo‘lsa, ketma-ket bir nechta faylni (yoki matn parchasini) nusxalab olib, zarur joyga ulardan istalgan birini yo bir nechtasini qo‘yish mumkin.

Unbu kengaytirilgan almashuv buferi menejerini mana bu havola orqali o‘z saytidan yuklab olib o‘rnatish mumkin.

  1. Everything

Istalgan versiyadagi Windows operatsion tizimining o‘zidagi qidiruv funksiyasi juda g‘arib – hatto zamonaviy tezkor SSD-saqlagichlardan biror faylni topish uchun ham ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Everything utilitasini o‘rnatib olsangiz, kuchuk topmas burchaklarda yotgan faylni ham bir soniyaga yetmasdan topib chiqarib beradi!

Nomiga yarasha har narsani topib beruvchi Everything dasturini ushbu havola yordamida yuklab olib o‘rnatasiz.

O‘QING: Windows’da ishlashni osonlashtiruvchi 12 ta tugmachalar kombinatsiyasi

  1. Keypirinha

Kompyuteringizdagi biror dasturni yoxud jildni izlab topib yoki unga «Pusk» orqali borib ochish ancha vaqtni oladi. Keypirinha utilitasi esa har qanday yorliq, papka yoki faylni «Pusk» menyusidagi qidiruvdan ko‘ra bir necha baravarga (!) tez topib beradi. Uning yordamida qidiruvni tezkor ishga tushirish uchun Ctrl + Windows + K tugmachalar kombinatsiyasidan foydalanish mumkin – sichqonchani ushlab, dasturning treydagi yorlig‘iga borib yurish ham shartmas.

Keypirinha utilitasini o‘rnatib olmoqchi bo‘lsangiz, mana bu havola orqali uning saytiga o‘tasiz.

  1. StartIsBack

Hattoki yangilangan Windows dizaynida ham «Pusk» menyusi ko‘plab plitkalar bilan taqdim etilgan. Ko‘pchilikka qadrdon bo‘lib qolgan – Windows 7 talqinidagi klassik «Pusk» menyusini qaytarishda esa sizga StartIsBack utilitasi yordam beradi.

StartIsBack dasturini mazkur havola orqali o‘rnatib olasiz va ishingizni qulaylashtirasiz.

  1. KeePass Password Safe

Deyarli barcha zamonaviy parollar menejerlari pulli, tag‘in ayrimlari har oyda obuna haqini to‘lab turishingizni so‘raydi. KeePass Password Safe utilitasi esa butkul bepul bo‘lib, uning yordamida parollaringizni kompyuterning o‘zida, qulay va ishonchli tarzda saqlay olasiz.

KeePass Password Safe dasturini mana bu havola orqali o‘z saytidan olasiz.

O‘QING: Eng zo‘r pulli dasturlarning bepul analoglari