Kun taqdimoti: yarim million dona hamyonbop Xiaomi Mi 5X buyurtma qilindi

Kun taqdimoti: yarim million dona hamyonbop Xiaomi Mi 5X buyurtma qilindi

Kutilganidek, Xiaomi kompaniyasi bugun maxsus taqdimotida 5.5 dyuymli Mi 5X smartfonini taqdim qildi. Qisqa fursat ichida bu smartfonni xarid qilish istagida bo‘lganlar soni yarim milliondan oshgan.

Quyida Mi 5X'ga xos jihatlarni sanab o‘tamiz.

Birinchidan, gadjetda ayni paytda flagman smartfonlarda tatbiq qilinayotgan qo‘sh ob’yektivli bosh kamera texnologiyasi joriy qilingan. Ya’ni, bugungi so‘nggi kamera trendi amalda. Xiaomi Mi 5X kamerasi imkoniyatlariga ko‘ra, kompaniyaning so‘nggi Xiaomi Mi 6 flagmaniniki bilan bir xil.

Ya’ni, bosh kamerada 2 ta 12 megapikselli (telefoto (f/2,6) va keng burchakli (f/2,2)) modullar o‘rnatilgan. Bu kamera texnologiyasi yordamida ob’yektni yaqinlashtirish va g‘ira-shira fonli portret suratga olish mumkin.

Kamera tezkor fazali avtofokus tizimi hamda 2 tusli svetodiodli fotochaqnoq bilan ta’minlangan. Ishlab chiqaruvchi avval xabar qilganidek, Xiaomi Mi 6 kabi, Mi 5X kamerasi ham orqa fonni g‘ira-shira qilib oluvchi portret janriga ega bo‘lgan.

Old kamera esa 16 megapikselli Full HD video (sekundiga 30 ta kadr) tasvirga oluvchi datchigi bilan o‘ziga xos.

Ikkinchidan, Xiaomi Mi 5X apparat ta’minoti uchun 1 kristalli, 14 nanometrli yangi Snapdragon 625 chipi, 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotira tanlangan. Bu chipning chastota tezligi 2,0 GGs.ga yetadi. Unga yordamchi sifatida  Adreno 506 video-kartasi va X9 LTE aloqa modemi o‘rnatilagin hisobiga, smartfon tasvirni yaxshi ishlab, foydalanuvchini sifatli aloqa bilan ta’minlaydi.  

Xiaomi Mi 5X simsiz aloqaning Wi-Fi 802.11ac (2,4/5 GGs) va Bluetooth 4.2, GPS/GLONASS, infra-qizi nur porti standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Unga universal USB Type-C porti o‘rnatilgan.

Uni microSD yordamida kengaytirish mumkin. Bu bo‘lmacha gibrid -- unga yoki xotira fleshkasi yoki sim-karta qo‘yish mumkin. Ekran o‘lchami — 5,5 dyuym, sig‘imi — 1920x1080 pikselli.

Xiaomi Mi 5X gadjetining akkumulyatori 3080 mA•soat elektr toki sig‘imiga ega. Smartfon orqa panelida barmoq izlari skaneri o‘rnatilgan.

Xiaomi Mi 5X'ga xos boshqa jihatlar qatoriga yupqa alyuminiy korpus, "U" shaklidagi ko‘zga tashlanmas qayrilma antenna ulog‘i hamda yog‘-dog‘ga qarshi va shu’lani qaytaruvchi maxsus ekran qoplamasini aytish mumkin.

Smartfonning Full HD displeyi 2.5D shaklidagi himoya shishasi bilan qoplab olingan.

O‘lchamlari: 155,4 x 75,8 x 7,3 mm, vazni — 165 gramm.

Xiaomi Mi 5X 1 avgustdan boshlab qora, tilla rang va pushti rangli korpusda $220 dollardan sotuvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!