Kutilmagan xabar: Galaxy S8’da Bixby ovozli yordamchisi bo‘lmaydi

  •   DiMaX
  •  1356
  •  21.04.2017 14:34

Kutilmagan xabar: Galaxy S8’da Bixby ovozli yordamchisi bo‘lmaydi

Koreyalik gigantning so‘nggi taqdim etgan flagmani foydalanuvchilar tomonidan eng ko‘p kutilgan qurilmalardan biri bo‘ldi va oldindan buyurtma olish bo‘yicha rekord o‘rnatdi.

Dastlab, Samsung ilk chorakda rekord darajada Galaxy S8 sotmoqchi ekani ma’lum qilingan edi. Chindan ham, bu flagmanga ikki kun ichida S7’ga nisbatan 5,5 barobar ko‘p buyurtma berildi. Ekspertlar, Janubiy Koreyada yig‘ilayotgan Galaxy S8 smartfoniga buyurtma berish sur’ati shu taxlit davom etsa, avvaldan buyurtma berish muddati tugagunigacha Koreyaning o‘zida 1 million dona Galaxy S8 mobil apparatiga buyurtma berilishini taxmin qilishgan.

Darhaqiqat, bu modelning afzalliklari ko‘p, ammo Samsung’ning ovozli yordamchisi – Bixby masalaga kelganda… uning ko‘pchilik funksiyalari Google Assistant hamda Google Now’da ham bor.. Yana ma’lum bo‘lishicha, hali telefonni savdoga chiqarish paytigacha Bixby hatto tayyor bo‘lib ham ulgurmas ekan. Yoki, bir amallab ulgurishganida ham, unga hali ingliz tili o‘rnatilgan bo‘lmaydi (rus tili haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi).

Samsung bayonotiga ko‘ra, Bixby ovozli qidiruv funksiyasi «keyinroq, shu bahorda» ishga tushiriladi.

Android Police nashri quyidagi ko‘chirmani keltiradi:

«Intellektual interfeysi va kontekstual xabardorligi tufayli Bixby sizning telefoningizni yanada foydaliroq qiladi: vazifalarning bajarilishiga yordamlashadi, siz ko‘rayotgan materiallar haqida gapirib beradi, va joriy ishlaringizni eslatib turadi. Bixby’ning asosiy imkoniyatlari, jumladan, Vision, Home va Reminder ham, Samsung Galaxy S8’ning 21 aprelda global savdoga chiqarilishi bilan ishga tushadi. Bixby Voice esa AQShdagi Galaxy S8’larda shu yilning bahorida ishga tushiriladi».

Aniqlik kiritamiz: Vision – kameraning to‘ldirilgan reallik bilan bog‘liq funksiyasi, Home esa Google Now’ning kloni, Reminder bo‘lsa – eslatmalar sozlamasi. S8 modelida Bixby’ga ko‘proq ahamiyat berilayotganini, hatto smartfon korpusida uning uchun maxsus tugmacha mavjudligini hisobga olsak, telefonning shu ovoz imkoniyatlarisiz savdoga chiqarilishi ko‘pchilik xaridorlarni ranjitishi mumkin.

Shuningdek, boshqa mamlakatlar uchun Bixby Voice qachon ishga tushirilishi masalasiga Samsung aniqlik kiritmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham mazkur modellarga avvaldan buyurtma berish boshlangan.