LeEco taqdim qilgan yangi smartfonlar Apple’ni dog‘da qoldirdi

LeEco taqdim qilgan yangi smartfonlar Apple’ni dog‘da qoldirdi

Xitoyning LeEco kompaniyasi smartfon sanoatiga kirib kelganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa ham, bu yo‘nalishda jiddiy muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Avvaliga USB Type-C portlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, keyinchalik kompaniya ilk marotaba Qualcomm Snapdragon 820 protsessorida ishlaydigan smartfonni taqdim qilgan edi.

Bugun, 20 aprel kuni kompaniya birato‘la  Le2, Le2 Pro hamda Le Max 2 deb nomlangan yangi smartfonlar turkumini e’lon qildi. Tabiiyki, bu gal ham mazkur gadjetlar barchani hayratiga sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, mazkur smartfonlarning hech birida 3,5-mm audio quloqchinlarga mo‘ljallangan konnektor porti mavjud emas. Ha, garchi bu texnologiyani Apple tatbiq qilishi mumkinligi so‘nggi oylarda aytib kelinayotgan bo‘lsa ham, birinchi bo‘lib uni LeEco smartfon sanoatida sinab ko‘rishga erishdi. Endi naushniklarni bu portga emas, balki universal USB Type-C konnektoriga ulab, audio fayllarni tinglash, suhbatlashish mumkin.

leeco

Kompaniya hatto mazkur portga tushadigan audio quloqchinlarni ham tayyorlashga ulgurgan. Ahamiyatli jihati bu quloqchinlar kompaniyaning o‘zi yaratgan Continual Digital Lossless Audio standartiga mos keladi.

Smartfonlarning o‘ziga xos boshqa jihatlari ham bor, albatta. LeEco Le2 gadjeti Full HD formatidagi tasvir namoyish qiladigan 5.5 dyuymli ekrangan ega. U 32 GB doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Smartfonning quvvat toshi – akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3000 mA soat. Le2 10 yadroli tezkor MediaTek Helio X20 protsessori, 3 GB tezkor xotira bilan maqtanishi mumkin.

Gadjetning muhim jihati bo‘lmish kameralarining piksel sig‘imi ham yuqori bo‘lib, unga 16 MP bosh va 8 MP old kameralar o‘rnatilgan.

leeco

5.5 dyuymli Le2 Pro smartfoni esa yanada samarali ishlash ko‘nikmasiga ega Helio X25 protsessori bilan ta’minlangan. Uning ekrani 2560 x 1440 piksel sig‘imiga ega. Gadjetning oddiy talqini 3 GB tezkor xotira va 16 MP bosh kamera hamda maxsus talqini 4 GB tezkor xotira, 21 Mp bosh kamera bilan “qurollantirilgan”.

LeEco Le Max 2 smartfoni esa “akalari”dan farqli ravishda, 5.7 dyuymli bo‘lib, QHD texnologiyasida ishlab chiqarilgan ekran sig‘imi 2560 x 1440 pikselga teng. U Snapdragon 820 protsessoriga ega. Shuningdek, mazkur gadjetning 16 MP sig‘imli kameralarida optik barqarorlik funksiyasi o‘rnatilgan. Smartfonning tezkor xotirasi 6 GB, doimiy xotirasi esa 64 GB ni tashkil qiladi. Flagmanning akkumulyator sig‘imi 3100 mAs.

leeco

LeEco har uchala mobil qurilmalarni metall korpusda ishlab chiqarmoqda va ularda barmoq izlari skaneri ham tatbiq qilingan.

Xitoyda smartfonlar 26 aprel kuni sotuvga chiqadi va LeEco Le2 smartfonini Xitoy bozoriga 200 AQSh dollaridan, Le2 Pro gadjetini esa 230 AQSh dollaridan, Le Max 2 mobil qurilmasini esa 385 AQSh dollaridan sotuvga chiqarish mo‘ljallanmoqda. Qurilmalarning 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotiraga ega eng ilg‘or talqinlarining narxi taxminan 500 AQSh dollarigacha ko‘tariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!