Lenovo yubiley ThinkPad’ini taqdim etdi (+video)

  •   DiMaX
  •  1489
  •  06.10.2017 11:15

Lenovo yubiley ThinkPad’ini taqdim etdi (+video)

ThinkPad brendining 25 yilligi sharafiga Lenovo kompaniyasi mazkur noutbukning yubiley talqini – Lenovo ThinkPad 25th Anniversary Edition modelini taqdim etdi. Bu haqda ishlab chiqaruvchi o‘zining saytida xabar bergan.

Aytish kerakki, original ThinkPad 700C noutbugi 1992 yilning 5 oktyabrida taqdim etilgan bo‘lib, o‘shanda uni IBM kompaniyasi ishlab chiqarar edi. Bu – qattiq diskining hajmi 120 megabaytni (!) tashkil etuvchi kompyuter edi. Hozir esa hatto «aqlli» soatlarning tezkor xotirasi ham bundan katta hajmga ega.

2005 yili ushbu ThinkPad noutbuklari biznesini Lenovo kompaniyasi sotib oldi va o‘shandan buyon mazkur brend ostida kompyuterlar ishlab chiqarmoqda. Hatto oradan 25 yil o‘tib ham ThinkPad noutbuklari brendning o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab kelayotir: sichqonchaning o‘ng va chap tugmachalari uchun qizil o‘rnatmalar, klaviaturaning o‘rtasiga joylangan TrackPoint joystigi, qat’iy dizayn...

Yubiley modeli – Lenovo ThinkPad 25th Anniversary Edition dizayni ham o‘shaning uslubida, retro tarzida ishlangan. Yangi noutbuk o‘z «ajdodi»ning tashqi ko‘rinishiga mansub bir qator xususiyatlarni saqlab qolgan. Masalan, yetti qatorli klassik klaviatura (lekin ichkaridan yoritiladigan), ko‘k rangli Enter tugmachasi va yordamchi tugmachalarda ko‘k belgichalari bor.

Ammo yubiley modelining «ichkarisi» va funksionalligi umuman o‘zgacha – u ilg‘or texnologiyalar asosida ishlangan. Noutbukka diagonali 14 dyuymlik, Full HD sifatli (1920 x 1080 pikselli) sensor displey o‘rnatilgan. U sakkizinchi avlod Intel Core i7-7500U protsessori asosida ishlaydi, NVIDIA GeForce 940MX grafik videokartasi ham bor. Qurilmaning DDR4 tezkor xotirasi 16 GB, ichki xotirasi esa 512 GB hajmga ega.

Yangi noutbukda barmoq izi skaneri ham ko‘zda tutilgan. Lenovo’ning ta’kidlashicha, uning akkumulyatori quvvati 18 soat ishlashga bemalol yetadi. Gadjetning o‘lchamlari 336,6 x 232,5 x 19,95 millimetrni, vazni esa 1,6 kilogrammni tashkil etadi. Unda uchta USB 3.0 porti, yana USB Type-C (Intel Thunderbolt 3), HDMI portlari ham bor. Bir gigabitlik Ethernet, 3,5 millimetrlik audiotirqish va «4 tasi bittada» kardrider ham mavjud.

Mana, quyidagi videoda yangi noutbukning xususiyatlari bilan batafsil tanishish mumkin:

ThinkPad 25 yubiley noutbuki tegishli logotip bilan belgilangan va o‘ziga xos qadoqda taqdim etiladi. Lenovo ThinkPad 25th Anniversary Edition ayrim mamlakatlardagina, 1899 AQSh dollari narxida bozorga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!