LG chivin qo‘riydigan K7i'ni taqdim qildi

LG chivin qo‘riydigan K7i'ni taqdim qildi

Ha, siz to‘ppa-to‘g‘ri o‘qidingiz va bu -- hazil emas! LG kompaniyasi 28 sentyabrda Hindistonda K7i deb nomlangan smartfon modelini taqdim qildi. Bu -- chivinlarni haydash texnologiyasi bilan ta’minlangan ilk android smartfon.

O‘z foydalanuvchisini chivinlardan himoya qiluvchi mobil aloqa vositasida ultratovushli ovoz joriy qilingan. Bu tovush odamlarga eshitilmasa ham, chivinlar bu ovozni eshitadilar va undan qochadilar. Natijada, chivinlarning beayov hujumidan himoyalanish mumkin bo‘ladi.

"Mosquito Away tech" deb nomlangan chivin haydovchi texnologiya LG tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu innovatsiya K7i devaysining orqa paneliga o‘rnatilgan.

Jihatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, LG K7i smartfoni 5 dyuymli, 854 x 480 pikselli boshlang‘ich ekran, 1.1 Ggs chastota tezligida ishlaydigan 8 yadroli protsessor, 2 GB tezkor va 16 GB doimiy xotira, 2,500 mA soat akkumulyator bilan ta’minlangan. Uning bosh kamera sig‘imi 8 MP, selfi kamerasi esa 5 megapikselli. 2 ta sim-kartali smartfonda barmoq izlari skaneri o‘rnatilgan. Gadjet Android 6.0 Marshmallow tizimi boshqaruvida ishlaydi.

Mobil aloqa vositasi 120 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. Garchi, LG K7i samarador smartfon bo‘lmasa ham, bizning eng yaqin himoyachimizga aylanishi mumkin.