"Lopatafon" -- Xiaomi Mi Max 2 xalqaro bozorda sotilmoqda

2016 yilda taqdim qilingan Xiaomi Mi Max smartfonlarining ilk avlodi muvaffaqiyatli sotilgach, ilhomlangan kompaniya uning ortidan displey diagonali 6,44 dyuym bo‘lgan 2-avlod Mi Max 2 modelini ishlab chiqdi. Bu model 18 iyulda xalqaro bozorda namoyish qilindi.

Mi Max 2 bu gal benuqson alyuminiy korpusli dizaynda ishlab chiqarilgan. Undagi Full HD (1920x1080 pikselli) ekran 2,5D shaklidagi himoya va bezak shishasi bilan qoplangan. Ekran atrofidagi qora hoshiya nisbatan yupqalashgan.

Mi Max 2 uchun smartfon sanoatida yangi bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 625 chipidan foydalanilgan. Fablet 4 gigabaytli tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega. Xotirani kengaytirish imkoni beriladi.


Kameraning surat olish ko‘nikmasi ham oshirilib, bu gal unga 12 megapikselli Sony IMX386 bosh datchigi o‘rnatildi. Bu bosh kamera sensori keng dinamik diapazonga ega hamda yorug‘lik past sharoitda ham sifatli suratga olishi bilan o‘ziga xos.

Mi Max 2'ning tom va quyi qismida stereodinamiklar ham o‘rnatilgan. Yana bir muhim o‘zgarish qatorida Mi Max 2'ning yirik -- 5300 mA soat tok sig‘imiga ega batareyasini ham e’tirof etish kerak. Ustiga-ustak bu akkumulyator Quick Charge 3.0 tezkor quvvat olish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu "quvvat tosh" 1 soatda quvvatini bir kam 70 foizga to‘ldiradi.

Mi Max 2 Android 7.1.1 Nougat'ning o‘zlashtirilgan MIUI 8 talqinida ishlaydi va joriy yilda uni MIUI 9'ga yangilab olish mumkin bo‘ladi.

Xiaomi Mi Max 2 smartfoni 18 iyuldan xalqaro bozorda 330 AQSh dollaridan boshlab onlayn va oflayn do‘konlarda sotila boshlaydi. Uning raqiblaridan Sony Xperia XA1 Ultra'ni aytish mumkin. Biroq, bor-yo‘g‘i 2700 mA soat tok sig‘imli bu gadjet bahosi 455 dollarni tashkil qiladi.