Mayda sotuvga chiqadigan xitoylik 7 yaxshi smartfonlar

Mayda sotuvga chiqadigan xitoylik 7 yaxshi smartfonlar

May – bir issiq, bir salqin kunlari bilan yilning eng yoqimli oyi. Tabiat chinakamiga yangilanadigan bu davrda xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilari ham smartfon bozoridagi o‘zlarining smartfon modellari qatorini yaxshi gadjetlar bilan yangilash rejasidalar. Ulardan eng kuchli yettitasi bilan quyida sizlarni tanishtiramiz.

Meizu X2: qo‘sh sesnorli bosh kamera o‘rtacha narxda

Osiyoning deyarli barcha smartfonsozlari qo‘sh sensorli bosh kameraga ega mobil aloqa vositasi ishlab chiqarishga ulgurdilar. Meizu ham ularning qatorida qiziqarli Meizu X2 smartfonini taqdim qilib, endi bozorga chiqarish rejasida. Bu kompaniyaning ilk “qo‘sh ko‘z”li modeli.

Birinchi navbatda uning 10 yadroli Helio X25 (2,5 GGs) – protsessorini aytish joiz. To‘g‘ri, u yangi emas, biroq samarali ishlashi bo‘yicha ahamiyatini yo‘qotmagan. Operativ va umumiy xotiraga ko‘ra, smartfon 3 talqinda ishlab chiqariladi: 3 GB/32 GB, 4 GB/32 GB hamda 4 Gb/64 GB. Telefon narxi ham shunga ko‘ra, $253, $275 va $289 dollardan belgilangan.

Xitoyning bu smartfoni 5,5 dyuymli yupqa romli Full HD displey, metalldan ishlangan korpus bilan ta’minlanadi. Ko‘rinishidan u Meizu’ning boshqa smartfonlarini eslatib yuboradi. Qo‘sh sensorli bosh kameraning har biri – 12 MP, old kamera – 8 MP bo‘ladi. Meizu X2 akkumulyatorining tok sig‘imi  3350 mA soat va tezkor quvvat olish tizimiga ega bo‘ladi. Gadjet zavoddan Android 6.0’ning Flyme talqini boshqaruvida chiqariladi.

DOOGEE MIX: hamyonbop romsiz smartfon

2016 yilning poyonida taqdim etilgan ilg‘or Xiaomi Mi MIX flagmanidan so‘ng barcha flagmanlar romlaridan voz kecha boshladilar. Bir qancha xitoylik kompaniyalar ham shunga o‘xshash telefon chiqarishga ham ulgurishdi. Ulardan biri — DOOGEE MIX. Uning displeyining yon tomonlari hamda ustki qismlari ramkasiz. Old panelning quyi qismida esa barmoq izlari skaneri joylashgan. Old kameraning ham xuddi shu yerdan joy olishi kutilmoqda

Bu modelning yana bir o‘ziga xosligi — orqa tomondagi qo‘sh ob’yektivli kamerasi bo‘lib, ulardan biri 16 MP va boshqasi 8 MP sig‘imli suratlar oladi.

Boshqa o‘ziga xos jihatlari: 5,5 dyuymli, Super AMOLED matritsali FHD displey. Shuningdek, 8 yadroli Helio P25 (2,6 GGs) protsessor, 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotira. DOOGEE MIX’da Android 7.0 operatsion tizimi o‘rnatilishi aytilmoqda.

Smartfon shu oyda taqdim qilinadi va ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, DOOGEE MIX gadjeti $200 dollardan sotuvga chiqariladi.

 Huawei Nova 2 va Nova 2 Plus: lahzani muhrlaydigan smartfonlar

Huawei Nova 2 hamda Nova 2 Plus smartfonlari may oyining eng muvaffaqiyatli smartfonlari bo‘lishi mumkin. Ular 2016 yilda taqdim qilingan metall korpusli Huawei Nova’ning “merosxo‘r”lari. Smartfonlar sifatli ekran bilan ta’min qilinadi. Ulardagi bosh kamera qo‘sh sensorli bo‘ladi.

Tashqi ko‘rinishidan smartfonlar bir-biridan deyarli farq qilmaydi: old panel tugmadan xoli, korpus o‘chami ham bir xil, orqa panelda esa barmoq izlari skaneri mavjud. Oldingi yilgi talqin Snapdragon 625 protsessori bilan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu galgi ikkala yangi Nova 2’lar ham chastota tezligi 2,2 GGs bo‘lgan 6 yadroli Kirin 660 (16 nanometrli) protsessori va Mali-G71 video-kartasida ishlaydi.

Eski model $300 dollardan boshlab sotilayotgan bo‘lsa, yangi modelning eng arzoni $400 dollardan sotuvga chiqarilishi aytilmoqda.

Elephone P8 (2017): kuchli kamerofon

Elephone Mobile kompaniyasi Elephone P8 (2017) nomli qiziqarli smartfonni bozor uchun tayyorlamoqda. 21 aprelda taqdim qilingan gadjet may oyidan sotuvga chiqariladi. Ishlab chiqaruvchining rasman ma’lum qilishicha, P8  smartfoni 21 megapikselli kuchli bosh kamera bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, uning uchun ilg‘or 16 MP sig‘imli old kamera tanlangan. Boshqa jihatlari: Helio P25  mobil protsessori, 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotira. 5,5 dyuymli Full HD displey.

Smartfon ko‘rinishidan yomon emas – silliq hoshiyali metall korpus ko‘pchilik uchun ma’qul. Elephone kompaniyasi sifatli smartfonlari bilan tanilgan va bu gal ham bu an’ana davom etadi. U bilan birga, Elephone P8 Mini smartfonini ham taqdim etish rejalashtirilgan.

Ishlab chiqaruvchi smartfon arzon narxi bilan barchani hayratda qoldirishini ma’lum qilgan.

ZTE Blade MAX 3: yirik ekran va qo‘sh sensorli bosh kamera

ZTE Blade MAX 3 smartfoni aprel oyining yakunida taqdim qilingan edi. May oyida esa gadjet bozor yuzini ko‘radi. Telefon apparatining $200 dollar atrofida sotilishi aytilmoqda. Uning muhim jihatlari qatoriga 6 dyuymli Full HD sig‘imli displeyni, har biri 13 MP bo‘lgan qo‘sh sensorli bosh kamerani kiritish mumkin. Devaysdagi bosh kamera sig‘imi – 5 MP.

ZTE Blade MAX 3’dagi tezkorlik uchun 8 yadroli Snapdragon 625 protsessori mas’ul. Smartfonda 2 gigabaytli tezkor va 16 GB doimiy xotira o‘rnatiladi. Uning xotirasini qo‘shimcha fleshka orqali 128 GB.gacha oshirish mumkin. Blade MAX 3 smartfoni o‘zidagi sig‘imi 4000 mA soatlik akkumulyator bilan qiziq. Unda simsiz interfeys hamda USB Type-C konnektori mavjud. Smartfon Android 6.0 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, jihatlar u qadar zamonaviy emas, biroq qo‘sh sensorli yaxshi bosh kamera, sifatli ekran hamda sig‘imdor akkumulyator bilan gadjet xaridorlar diqqatini o‘ziga tortadi. ZTE xaridorlar ishonchini oqlagan brendlardan biri ekani hisobga olinsa, smartfon bu e’tiborga munosib.

OUKITEL C5: Android 7.0’dagi $50 dollarlik kamyob xitoylik

Hamyonbop smartfonlarga talab bizning bozorda juda yuqori. Shu bois, OUKITEL C5’ni ham shu qatorag kiritdik. Chunki, Android 7.0 operatsion tizimi bilan u ham diqqatga sazovor.

Puliga yarasha telefondagi hamma narsa minimum, biroq me’yorida:  5 dyuymli IPS-matritsali HD hamda 1 mm.li yon tomon romlariga ega displey. Ekran ustiga 2,5D effektiga ega himoya shishasi yotqizilgan. Tizimning tezkorligi uchun 4 yadroli, chastota tezligi 1,3 GGs bo‘lgan protsessor, 2 GB operativ hamda 16 GB doimiy xotira javobgar. Bu xotirani qo‘shimcha fleshka yordamida 32 gigabaytgacha oshirish mumkin.

Kameralar – 8 MP bosh hamda 5 MP old kamera. Yorug‘lik yaxshi sharoitda sifatli surat olish mumkin. 3G tarmog‘ida ishlaydigan smartfonda Wi-Fi, Bluetooth, 2 ta SIM-karta bo‘lmachasi, GPS hamda 2000 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator mavjud. Korpusning tashqi ko‘rinishi bugungi aksariyat smartfonlar kabi dizaynga ega, romlari metalldan ishlangan. Odatiy, biroq Android 7.0 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydigan smartfon.

Vernee Thor E: E-Ink rejim, 5000 mAsoat akkumulyatorli noyob devays

Vernee smartfonlari tashqi bozorga chiqib, nazarga tushishga ham ulgurdi. 2K sig‘imli ekran, 21 MP kamera va yaxshi protsessorli, shuningdek nisbatan arzon Vernee Apollo smartfon bozorida yaxshi sotilgan edi.

Vernee Thor E smartfoni E-Ink rejimi bilan o‘ziga xos. Ya’ni,  rangli ekranni maxsus tugma orqali oq-qora qilish ham mumkin. Bu orqali batareya quvvatini sezilarli ravishda tejash mumkin.

Biroq, uning akkumulyatori ham kichkina emas — 5020 mA soat.  Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, E-Ink rejimida bu quvvat bilan smartfon 30 kungacha ishlashi mumkin. Rangli rejimda esa to‘liq quvvat telefonga 3 kunga yetadi.

Smartfon Android 7.0 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi. Uning samaradorligi 8 yadroli, 1,3 GGs chastota tezligiga ega protsessorga bog‘liq. Devays 3 GB tezkor va 16 GB doimiy xotira (microSD bo‘lmachasi 128 GB.gacha xotirani qo‘llab-quvvatlaydi). Ekran – 5 dyuymli bo‘lib, uning sig‘imi HD (1280 x 720 pikselli).

Metall korpusli smartfon shu oydan $130 dollardan sotuvga chiqariladi. Yoqimli dizayn, katta hajmdagi akkumulyator hamda E-Ink rejimida ishlaydigan gadjet uchun bu yaxshi narx. Devays barcha simsiz interfeys, 4G LTE’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Unda barmoq izlari skaneri ham mavjud.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.