Ma’lumotlarimizni internetdan o‘chirib tashlash uchun 5 qadam

Ma’lumotlarimizni internetdan o‘chirib tashlash uchun 5 qadam

Ma’lumotlaringizni onlayn saytlar, xizmatlar va qidiruvlardan olib tashlash orqali o‘zing haqingizdagi ma’lumotlarni internetdan o‘chirishga urinib ko‘rishingiz mumkin.

Onlayn do‘konlar, ijtimoiy tarmoq platformalari va ma’lumotlar yig‘ish saytlari kabi ko‘plab xizmatlardan o‘zingizni o‘chirish uchun foydalanishingiz mumkin bo‘lgan rasmiy usullar mavjud.

O‘QING: Qanday qilib internetdan xavfsiz foydalanish mumkin? (1-qism)

Quyida o‘zingizning barcha yoki aksariyat ma’lumotlaringizni internetdan olib tashlash uchun eng muhim beshta qadamni keltirib o‘tamiz.

Agar siz internetdan har qanday darajada foydalansangiz, demak, shaxsiy ma’lumotlaringiz internetda mavjud. O‘z ismingizni Google'dan qidirish orqali qaysi ma’lumotlaringiz internetda borligini bilib olishingiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar, onlayn do‘konlar, elektron pochta manzilingiz va boshqa ma’lumotlaringiz internet saytlarida saqlanib turgan bo‘lishi aniq.

O‘zimizni qanday qilib internetdan o‘chirib tashlash mumkin?

Bu oson bo‘lmasligi mumkin, lekin shaxsiy ma’lumotlaringizning ko‘p qismini internetdan o‘chirib tashlash mumkin. Shaxsiy ma’lumotlaringizni internetdan butunlay o‘chirib tashlash, bir tomondan, tavsiya etilmasligi mumkin. Chunki, masalan, ish beruvchingizni sizni internetdan qidirib, siz haqingizda qo‘shimcha ma’lumot olishga urinishi mumkin. Agar ma’lumotlaringizni internetdan o‘chirmoqchi bo‘lsangiz, buni qanday amalga oshirishingiz mumkinligini quyida keltirib o‘tamiz.

Ijtimoiy tarmoqdagi ma’lumotlaringizni o‘chirish

Ijtimoiy tarmoqlar siz haqingizdagi ma’lumotlarni topish eng oson bo‘lgan manba sanaladi, shuning uchun, ishni shu yerdan boshlash kerak. Profillaringizni o‘chirib tashlashingiz kerak — shunchaki akkauntingizdan chiqish yoki ulardan foydalanishni to‘xtatish kifoya emas. Deyarli barcha ijtimoiy tarmoq platformalarida akkauntingizni o‘chirib tashlash imkoni bor. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar avvaliga akkauntingizni 30 kungacha bo‘lgan muddatga muzlatib qo‘yadi. Muddat tugagach esa, akkauntingiz tizimdan o‘chiriladi.

Agar barcha ijtimoiy tarmoq sahifalaringizni butunlay o‘chirib tashlashga tayyor bo‘lmasangiz, TikTok, Twitter, Instagram va Facebook'dagi profillaringizni maxfiy akkaunt qilib qo‘ysangiz bo‘ladi.

Ma’lumotlaringizni ma’lumot to‘plovchi saytlardan o‘chirib tashlang

Ma’lumot to‘plovchi saytlar (ularni ko‘pincha odamlarni qidirish saytlari deb atashadi) hamma haqida juda katta miqdordagi ma’lumotlarni to‘playdi. Bunday saytlarga kirib, o‘zingiz haqingizda ham ma’lumot olishingiz mumkin. Spokeo, Whitepages, BeenVerified kabi saytlar shular jumlasiga kiradi. Ular istalgan odamga siz haqingizdagi ma’lumotlarni sotishi mumkin. Bunday saytlarning biznes modeli katta miqdordagi ma’lumotlarni yirik tashkilotlarga sotishga asoslangan.

O‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni bu saytlardan birma-bir o‘chirib chiqishingiz mumkin, lekin ular yana qayta siz haqingizda ma’lumot yig‘averadi, ya’ni bunday saytlardan o‘zingizni butunlay o‘chirib tashlash imkonsiz. Buning o‘rniga siz Delete Me yoki Privacy Duck singari onlayn xizmatlardan foydalanishingiz mumkin. Lekin bu servislar arzon emas. Delete Me'ning yillik obunasi 129, Privacy Duck'niki esa 500 dollardan boshlanadi. Ma’lumotlaringiz doimiy ravishda internetdan o‘chirib borilishini xohlasangiz, ushbu xizmatlardagi obunangizni doim yangilab borishingizga to‘g‘ri keladi, chunki o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni internetdan o‘chirib tashlash faqatgina vaqtinchalik yechim xolos — bir necha oydan so‘ng yana ma’lumotlaringiz yuqoridagi kabi saytlarda paydo bo‘lishi aniq.

Onlayn do‘konlardagi akkauntlaringizni o‘chirib tashlang

Siz xaridni amalga oshirgan har qanday onlayn do‘kon ma’lumotlaringizni yig‘ib boradi. Amazon, Best Buy, eBay kabi do‘konlarda akkaunt yaratgan bo‘lsangiz, ularni birma-bir o‘chirib chiqing. Ko‘plab onlayn do‘konlarda akkauntni o‘chirish uchun maxsus havola/sahifa bo‘lmaydi. Bunday hollarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan bog‘laning.

Forumlar va saytlardagi izoh/postlaringizni o‘chirib tashlang

Agar yuqoridagi harakatlarning barchasini amalga oshirib bo‘lgan bo‘lsangiz, demak, internetda siz haqingizda deyarli ma’lumot qolmabdi. Butunlay emas, deyarli. Biror-bir vebsaytdagi izohlar, kommentlar; forumlarda qoldirilgan postlaringizni ham esdan chiqarmang. Ammo forumalardan komment yoki postlaringiz o‘chirib tashlash oson bo‘lmasligi mumkin.

Elektron pochtangizni deaktivatsiya qiling

To‘g‘ri, elektron pochtaga ko‘p ishimiz tushadi, lekin o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni internetdan chindan ham butunlay o‘chirib tashlashni xohlasangiz, email manzilingizni ham muzlatib qo‘ying yoki o‘chirib tashlang.

O‘QING: Internetdagi kuzatuvchilardan himoya qiluvchi eng ishonchli brauzer qaysi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!