Maxfiy sozlama orqali har qanday Android-smartfonni «uchib» ishlashga majbur qilamiz!

  •   DiMaX
  •  12163
  •  14.07.2018 12:12

Maxfiy sozlama orqali har qanday Android-smartfonni «uchib» ishlashga majbur qilamiz!

Smartfonlarning yangi avlodlari chiqqani sayin, oldingilari nisbatan eskirib borayotir. Ular barcha kerakli funksiyalarni bajarsa-da, ayrim hollarda samaradorligi past bo‘lib qolishi mumkin. Ammo endi Android’dagi bitta maxfiy sozlama orqali bu muammoni bartaraf etish yo‘li topildi.

O‘QING: Smartfoningiz «qotib» ishlayotgan bo‘lsa...

Buning uchun Android-smartfondagi «Sozlamalar» «Nastroyki» ilovasini ochib, uning «Telefon haqida» «O telefone» bandiga kirasiz. Shu yerda Android tizimining talqinini ko‘rsatuvchi «Jamlama raqami» «Nomer sborki» bandi bor, ammo turli modellarda va grafik qobiqlarda u boshqaqaroq nomlangan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Terabayt.uz tahririyatida sinab ko‘rilgan Xiaomi smartfonida u «MIUI talqini», ya’ni «Versiya MIUI» tarzida aks etgan:

Xullas, mana shu band ustiga ketma-ket bir necha marta bosasiz va natijada «Endi siz dasturchisiz» «Teper vi razrabotchik» yoki shu mazmundagi boshqa biror yozuv chiqadi.

So‘ng «Sozlamalar» asosiy menyusiga qaytib, nazar solsangiz, unda «Dasturchi parametrlari» «Parametri razrabotchika» nomli yangi bo‘lim paydo bo‘lganini ko‘rasiz. Uning nomlanishi ham turlicha bo‘lishi mumkin, masalan, MIUI interfeysida u «Dasturchilar uchun» «Dlya razrabotchikov» deb atalgan.

Mazkur bo‘limga kirsangiz, juda ko‘p miqdordagi turli sozlamalarni ko‘rasiz. Tabiiyki, ular yordamida smartfoningizda har xil rejimlarni, yangi funksiyalarni sinab ko‘rish imkoni bor. Ammo biz sizga buni tavsiya etmaymiz – tajribasiz foydalanuvchi ular orqali smartfonni buzib qo‘yishi hech gap emas.

Dasturchilarga atalgan funksiyalar sozlamalarida hozir bizga kerak bo‘lgani – «Surat», ya’ni «Risunok» varaqasi, u yana «Otrisovka» deb yoki shunga o‘xshashroq nomlangan bo‘lishi ham mumkin. Biz sinab ko‘rayotgan smartfonda bu alohida varaqa qilinmasdan, shunchaki alohida ajratilgan uchta banddan iborat:

Xullas, mana shu yerda barcha bandlarda animatsiyalar tezligini o‘zgartirish lozim – ularni 0,25x yoki 0,5x tezligiga o‘tkazib qo‘yishni tavsiya etamiz.

Buning natijasida yaxlit interfeysning ishlashi taxminan ikki karraga tezlashadi. Agarda animatsiyalarni butkul o‘chirib qo‘ysangiz – u holda smartfoningiz naq «uchib» ishlaydi! Bundan tashqari, ushbu o‘zgartirishlar tufayli protsessorga va o‘z-o‘zidan – batareyaga ham tushadigan yuk kamayadi. Natijada smartfoningizning avtonomligi – quvvati uzoqqa yetishi ham 10 foizgacha oshadi.

Aytish kerakki, ayrim modellarda o‘zgarishlar smartfonni bitta o‘chirib-yoqqaningizdan keyin aks eta boshlaydi. Shuningdek, sozlamalarni yaxshi bilmay turib ularga qo‘shimcha o‘zgarishlar kiritishga urinmang – bular oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar uchun faqat o‘zingiz mas’ul bo‘lasiz.

O‘QING: Android’dagi root huquqi nima va undan qanday foydalaniladi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!