Mehnat daftarchangiz ham endi elektron shaklda bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  2286
  •  09.01.2020 12:53

Mehnat daftarchangiz ham endi elektron shaklda bo‘ladi!

2020 yil 1 yanvar kuni mehnat munosabatlari sohasida uzoq kutilgan, ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan «Yagona milliy mehnat tizimi» ishga tushirildi. Boshqacha aytganda, shu sanadan boshlab mehnat shartnomalari va daftarchalarini yuritishda elektron tizimga o‘tildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmatiga tayanib O‘zA ma’lum qildi.

O‘QING: «Biz kech qoldik»: Vazir elektron mehnat daftarchalariga o‘tish rejasini ma’lum qildi

Dastavval buning afzalliklari xususida to‘xtalsak. Yagona milliy mehnat tizimini ishga tushirish orqali respublikada mavjud ish o‘rinlari xususida shaffof ma’lumotlarni olish imkoni yaratiladi. Shuningdek, uning yordamida qaysi mutaxassislik bo‘yicha qancha inson mehnat qilayotgani xususidagi raqamlar oydinlashadi, kasblarga talabni monitoring qilish mumkin bo‘ladi va albatta, qog‘ozbozlikka barham beriladi.

Xo‘sh, bu muhim, mas’uliyatli jarayon uchun kim javobgar, uni amalga oshirish mexanizmlari qanday?

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 31 oktyabrdagi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (IDAK)ni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida «Yagona milliy mehnat tizimi» IDAKni boshqarish direksiyasi tashkil etildi hamda u malakali mutaxassislar bilan to‘ldirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 dekabrdagi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilinishini va uning ishlashini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 971-sonli qarori talablariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Direksiya negizida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari uchun «Yagona milliy mehnat tizimi» IDAKdan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etilmoqda.

Kadrlar bilan ishlovchi mutaxassislar uchun maxsus Telegram guruhi (https://t.me/c/1360612248/46739) ham tashkil etilgan bo‘lib, u orqali muntazam ravishda murojaatlar qabul qilinadi. Zarur hollarda elektron mehnat shartnomasini to‘ldirish, elektron mehnat daftarchasini yuritish yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar beriladi.

Shuningdek, (71) 200-70-30 raqamli texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Agar xodimlarda yagona milliy mehnat tizimidan foydalanish jarayonida biror savol yuzaga kelsa, mazkur tarmoqlarga murojaat qilishlari mumkin.

O‘QING: INPS va INN (STIR) raqamlarini internetdan qanday bilish mumkin?

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda respublikamizda 650 529 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt mavjud. 2019 yilning dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab 811 ta seminar tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 48 876 ta korxona, shulardan 22 033 ta davlat korxonasi va 25 536 ta xususiy korxona jalb qilindi.

2020 yil 6 yanvar holatiga ko‘ra, tizimga 11777 ta korxona tomonidan 142 946 nafar xodim to‘g‘risida ma’lumot kiritilgan. «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorning 3-bandiga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini «Yagona milliy mehnat tizimi» IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Bunda 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020 yil 1 sentyabrdan kechiktirmasdan «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

O‘QING: Nega O‘zbekistonda elektron hukumat to‘liq ishga tushirilmayapti?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!