Meizu M3 Note: metall korpusli munosib “bestseller” smartfon

Meizu M3 Note: metall korpusli munosib “bestseller” smartfon

Xitoyning Meizu kompaniyasi keng imkoniyat, ilg‘or texnologiyalar tatbiq qilingan va raqib smartfonlardan ancha arzon mobil telefonlarni ishlab chiqarishda davom etmoqda. Garchi, kompaniya bu yo‘nalishda aniq bir strategiyaga ega bo‘lmasa ham, qisqa muddatda ko‘p sonli foydalanuvchilar orttira oldi.

Quyida sizga 2016 yilning aprel oyida namoyish qilingan va mobil aloqa vositalari foydalanuvchilari orasida ommalashib ulgurgan, o‘z “ajdodlari” kabi muvaffaqiyat qozongan  M3 Note fableti to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermoqchimiz.

Meizu M3 Note bilan tanishing

Meizu M3 Note — 5.5 dyuymli displey, yangi 64 bit va 8 yadroli protsessorga, metall korpus, barmoq izlari skaneriga ega, shu bilan birga nisbatan ancha arzon smartfon.

O‘ziga xosligi

Avval taqdim etilgan fabletlar bo‘lmish Meizu M1 Note va M2 Note o‘rtasidagi tafovut unchalik katta emas edi. M2 Note nisbatan samarali faoliyat ko‘rsatar va MicroSD xotira bo‘lmachasiga ega bo‘lgan edi. Ammo fabletning 3-avlodi katta o‘zgarishlar bilan taqdim etildi. M3 Note metall korpusga ega bo‘ldi, 3 GB tezkor va 32 GB doimiy xotira bilan ta’minlandi, akkumulyator sig‘imi ko‘paydi, barmoq izlari skaneri tizimi o‘rnatildi, unda birinchilardan bo‘lib 8 yadroli  MediaTek Helio P10 protsessoridan foydalanildi.

Dizayn

Tashqi ko‘rinishning umumiy konsepsiyasi Meizu’ning an’anaviy smartfon qiyofasiga monand. Faqat bu gal metall qobiqda. “Aqlli telefon”ning kulrang, tillarang, kumush va oq rang talqindagi korpuslari ishlab chiqarilmoqda. Old panel yirik T2X-1 turidagi ekran, yuqorida karnay va quyida bosh tugmadan iborat. Smartfonning yon tomon romlari nihoyatda yupqa va nafis.

meizu-m3-note

Ekranning quyi qismidagi ko‘p funksiyalarga ega mTouch 2.1 yagona tugma, M2 Note’dagi kabi, bosh ekranga chiqishni ta’minlashi bilan birga, barmoq izlari skaneri vazifasini bajaradi.

meizu-m3-note

Ekran yuqorisidan esa muloqot dinamigi va unga simmetrik ravishda bosh kamera hamda datchik o‘rin olgan.

Korpusning quyi qismining markazida MicroUSB porti, uning yon tomonlarida mikrofon, tashqi dinamik joylashgan.

meizu-m3-note

M3 Note fableti korpusining chap qismidan MicroSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi va SIM-karta uchun joy ajratilgan. Avvalgi modellar kabi, bu ham gibrid bo‘lmacha bo‘lib, unga 2 ta nano formatdagi SIM-kartalar qo‘yish yoki 1 dona nanoSIM hamda MicroSD xotira kartasini joylashtirish mumkin.

meizu-m3-note

Audio quloqchinlar uchun konnektorga korpusning yuqori qismidan, qo‘shimcha mikrofonning yonidan joy berilgan.

meizu-m3-note

Korpusdagi qolgan tugmachalar Meizu PRO 5’niki kabi: u qadar ham bo‘rtib chiqmagan va yon tomonlardan o‘rin olgan.

meizu-m3-note

Orqa panel deyarli metall xomashyosidan tayyorlangan. Unga Meizu’ning yangi talqindagi logotipi tushirilgan. Panelning yuqori qismida kamera moduli mavjud.

meizu-m3-note

Kamera ob’yektivi panelning markazidan o‘rin olgan. Uning quyirog‘ida an’anaviy ko‘rinishdagi svetodiodli fotochaqnoq mavjud. Metall panelning yuqori va quyi qismida antennalarni bekitib turgan, ko‘rinishidan metallga o‘xshash plastik chiziqlar o‘tgan.

meizu-m3-note

Dizayn masalasida korpus detallarini yig‘ishda biror e’tirozni topish qiyin, hammasi qoyilmaqom. Fabletning ajoyib formasi tufayli u kaftga qulay o‘rnashadi. Metall panel esa yoqimli his, hasham taqdim etadi. Avvalgi fabletlarga qaraganda Meizu M3 Note qimmatbaho tuyilib, asil va kam-ko‘stsiz taassurot qoldiradi.

Meizu m3 note o‘lchamlari: 153.60 x 75.50 x 8.20 (bo‘yi x eni x qalinligi), vazni 163 gramm.

meizu-m3-note

Ekran imkoniyatlari

M3 Note gadjeti diagonali 5.5 dyuymli, sig‘imi 1920x1080 pikselga teng (har dyuymda 401 piksel) ekran bilan ta’minlangan. Ekran ilg‘or, havosiz qatlamga ega bo‘lmagan IPS-matritsaga ega. Unda 450 kd/m2 maksimal darajadagi yorug‘lik joriy qilingan. Displeyda T2X-1 turidagi yassi hoshiyali shishadan foydalanilgan. Tabiiyki, ekran barmoq va boshqa yog‘-moy, dog‘larni himoyalovchi qoplamaga ega.

Fabletning multitach texnologiyasi 10 tagacha bo‘lgan urinishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa ayni paytdagi barcha zamonaviy smartfonlarga qo‘yiladigan standart hisoblanadi.

Faoliyat samaradorligi

Meizu M3 Note yaqindagina taqdim etilgan MediaTek Helio P10 protsessorida ishlaydi. Bu — 64 bitli, 8 yadroli protsessor bo‘lib, u faoliyat ko‘rsatuvchi 2 blokdan iborat. Har bir blokda 4 tadan yadro mavjud. Uning chastota tezligi 1.8 GGs va energosamaradorligi 1 GGs.gacha bo‘lishi kuzatiladi.

Protsessorning tezkor xotira sig‘imi talqinidan kelib chiqib 2 yoki 3 GB  bo‘lishi mumkin. Amaliy jihatdan qaraganda fablet avvalgi smartfonlarga nisbatan kuchli va tezkor tizimga ega. Ammo bu protsessor Helio X10’chalik samarador emas. “P” turkumiga kiruvchi protsessorlar “o‘rta daraja”ga mansub.

Fabletda har qanday zamonaviy grafik-tasvir o‘yinlarini o‘ynash mumkin. Korpus u qadar qizib ketmaydi.

Tashqi dinamik yetarlicha baland ovoz uzatsa ham, tovush u qadar sifatli emas. Audio quloqchinlarning ishlash sifati ham o‘rta darajada.

Akkumulyator

Bu gal akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3100 mA soatdan 4100 mA soatga ko‘paydi. Natijada, smartfonda 12 soat video tomosha qilish, o‘rta rejimda 2 kun aloqa qilish, shuningdek har kuni internetdan foydalanish, 30 daqiqadan o‘yinlar o‘ynash mumkin.

Interfeys

Meizu M3 Note Android 5.1 Lollipop operatsion tizimining moslashtirilgan Flyme 5.1.3.0G. talqinida faoliyat ko‘rsatadi. “G” ishorali interfeysga ega xalqaro talqinda Google’ning xizmatlaridan foydalanish mumkin. Buning uchun esa maxsus ilovalardan foydalanish kerak bo‘ladi.

meizu-m3-note

Bosh menyudagi ilovalarni ishora yoki 2 marta chertish orqali ochish mumkin. Sozlamalar menyusi ham ancha qulay holatga keltirilgan.

SIM-kartani boshqarish, ma’lumotlar uzatish uchun esa alohida menyu ishlab chiqilgan.

Shu bilan birga, barmoq izlari skanerini sozlash uchun ham alohida xavfsizlik punkti mavjud. U yerga 5 tagacha barmoq izini saqlash mumkin. Skaner tezkor va aniq ishlashi bilan ahamiyatli.

Kameralar imkoniyati

Fabletning bosh kamerasi 13 megapiksel bo‘lib, fazali fokus funksiyasi, f/2.2 diafragma, ikkita tusli LED-fotochaqnoq bilan ta’min etilgan. Bosh kamera FullHD sig‘imli video suratga oladi. Old kamera esa 5 MP bo‘lib, f/2.0 diafragmada yorug‘likni qamrab oladi.

Odatda Meizu kameralarida foto va videoni qayta ishlash algoritmlarida noaniqlik kuzatiladi. Bu esa olingan rasmni qayta ishlash jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Meizu M3 Note’ning surat va tasvir olish imkoniyatiga o‘zingiz baho bering.

Fabletda olingan FullHD video tasvir.

Kamerada Slow Motion sekinlashtirish rejimi ham bo‘lib, bunda tasvir sig‘imi 640x480 pikselgacha tushib ketadi.

Narx-navo

Meizu M3 Note xalqaro bozorda ilk marotaba Hindistonda sotila boshlangan. Ayni paytda smartfon imkoniyatlaridan kelib chiqib, 150-250 AQSh dollarigacha sotilmoqda. Hozircha smartfonning O‘zbekiston bozoriga tashrifi haqida aniq xabar yo‘q, lekin onlayn tijorat saytlarida sotilayotgani haqida e’lonlar bor. 14 iyul holatida esa uning “ajdodi” bo‘lmish Meizu m2 note fableti “Malika” savdo majmuasida 1,116,000 so‘mdan sotilmoqda.

Xulosalar

Ajoyib metall korpus, yorqin namoyishli displey, mustahkam akkumulyator, tezkor va aniq ishlaydigan barmoq izlari skaneri va arzon narx-navosi bilan Meizu M3 Note xaridorlar diqqatini o‘ziga qaratmoqda. Ammo fabletning suratga olish imkoniyati kim uchundir ma’qul, kimgadir to‘g‘ri kelmaydi. Buyog‘i sizning tanlovingiz.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.olx.uz $160 - $255 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.