Meizu M5s: arzon smartfon xarid qilish uchun 5 sabab

Meizu M5s: arzon smartfon xarid qilish uchun 5 sabab

2016 yilning yozi Meizu kompaniyasi uchun omadli kelgan edi. Hamyonbop M3s smartfoni ixchamgina metall korpusiga joylangan bir qancha imkoniyatlar evaziga juda ommalashdi. Bu muvaffaqiyatning davomi bo‘lishi aniq edi. Meizu M5 nomli navbatdagi arzon smartfon "merosxo‘r" sifatida dunyoga keldi.

Shundan so‘ng, 2017 yilning 15 fevral kuni Meizu kompaniyasi yangi Meizu M5s nomli hamyonbop telefonini taqdim qildi. Ushbu smartfon ham metall korpus hamda mTouch 2.1 standartidagi “Home”tugmasidan o‘rin olgan barmoq izi skaneri bilan o‘ziga xos.

5,2 dyuymli M5s ko‘rinishidan 5.5 dyuymli Meizu M5 Note modelining texnik jihatdan sodda talqini bo‘ldi.

Meizu M5s — 5.2 dyuymli HD displeyga, sakkiz yadroli va 64 bitli protsessorga, metall korpusga, barmoq izi skaneriga ega bo‘lgan Android-smartfon.

Meizu M5s nimasi bilan o‘ziga xos?
Yangi model uchun kompaniya bir oz kattaroq ekran tanlashga qaror qilgan. Natijada, diagonali 5.2 dyuymli ekran tanlangan. Avvalgi modellar kabi barmoq izi skaneri ekran quyisidan o‘rin egallagan.

Korpus metalldan ishlangan. Uning shakli esa Meizu M3s bilan solishtirganda - o‘zgargan.

Meizu M5s uchun 3 gigabaytli operativ xotira tanlangan bo‘lsa ham, hamyonbop smartfon protsessori avvalgi modeldan soddaroq: MediaTek MT6753 (avvalgisida MediaTek MT6750). Bu to‘g‘rida quyida to‘xtalamiz.

Smartfondagi bosh kamera 13 megapikselli. Unga fazali avtofokus hamda qo‘sh tusli svetodiodli fotochaqnoq o‘rnatilgan.

Meizu M5s akkumulyatorining sig‘imi 3000 mA soat va uni tezkor quvvatlash mumkin! Odatda hamyonbop devayslar uchun noyob jihat! Quyida bu modelni yaqindan o‘rganamiz. 

Meizu M5s (M612H) modelining asosiy texnik xususiyatlari:

Protsessor: MediaTek MT6753, 8 yadroli ARM Cortex-A53, @1,3 GGs;
Video-karta: Mali-T720;
Operatsion tizim: Android 6.0;
Sensor displey: IPS 5,2″, 1280×720, 282 ppi;
Operativ xotira (RAM): 3 GB;
Doimiy xotira: 16/32 GB;
Nano-SIM: 2 ta;
microSD: 128 gigabaytgacha;
Aloqa imkoniyatlari: GSM/GPRS/EDGE (850/900/1800/1900 MGs), WCDMA/HSPA+ (850/900/1900/2100 MGs), TD-SCDMA, LTE Cat.4 FDD (B1/3/7), TD LTE (B38/40);
Qo‘shimcha: Wi-Fi 802.11a/b/g/n (2,4 va 5 GGs), Bluetooth 4.0 BLE, GPS, A-GPS, Glonass, Micro-USB, USB OTG;
Bosh kamera: 13 Mp, avtofokus, f/2,2, video 1080p;
Old kamera: 5 Mp, f/2,0, fokusni belgilash;
Sensorlar: oraliq-masofa, yorug‘lik, magnit maydon, barmoq izi skaneri, akselerometr, giroskop;
Akkumulyator: 3000 mA·soat, tezkor quvvat oladi;
O‘lchamlari: 148×73×8,4 mm
Vazni: 147 gramm.

Tashqi ko‘rinish

Smartfon old paneli Meizu shu vaqtga qadar ishlab chiqargan sotuvdagi boshqa mobil telefonlarga o‘xshab ketadi. Old panelga qayrilma yonli 2.5D himoya va bezak shishasi yotqizilgan. Bu shishaning DragonTrail brendiga mansubligini taxmin qilish mumkin. Yon tomondagi romlar u qadar qalin emas.

Ekran quyisida Meizu uchun an’anaviy mexanik mTouch tugmasi joylashtirilgan. Uning atrofi metall hoshiya bilan o‘rab olingan. Bu tugma bir oz botiq shaklda. Uning vazifasi ham avvalgiday saqlab qolingan: barmoq izini skaner qilishi bilan birga, barmoqning zarbiga ko‘ra, bu tugma orqali "orqaga", "bosh ekranga qaytish" amallarini bajaradi.

Ekran yuqorisida — suhbat dinamigi, old kamera, yorug‘lik datchigi, oraliq-masofa datchigi, ogohlantiruvchi svetodiodli indikator mavjud.

Smartfon yonlariga diqqat bilan nazar tashlansa, korpus shakli bir oz yumaloq uslubda va ekran burchaklari ham yorqin aks etadi.

Korpus quyisidagi jamlanma o‘zgarmagan: MicroUSB port, uning yonlarida simmetrik dizaynda ishlangan tuynuklar. Ularning ostida dinamik hamda suhbat mikrofoni o‘rnatilgan.

Korpusning quyi va yuqori qismlari maxsus bezak plastik xomashyosidan tayyorlangan. Bu esa smartfonga aloqa signallarini qabul qilishi uchun ayni muddao.


Korpusning chap qismida — SIM-kartv va MicroSD kartasi uchun bo‘lmacha.

Bu bo‘lmacha gibrid bo‘lib, unga nano shaklli ikkita SIM-karta yoki bitta sim-karta hamda MicroSD xotira kartasini o‘rnatish mumkin.

Audio quloqchinlar uchun standart tuynuk tom qismida joylashgan:

Ovozni boshqarish hamda o‘chirib/yoqish tugmasi — korpusning yon tomonida joylashgan:

Orqa panel to‘liq metalldan ishlangan. Undagi logotip, kamera hamda qo‘sh tusli svetodiodi bor fotochaqnoq an’analarga xos uslubda joylashtirilgan.

Orqa panelning quyi va yuqori qismlariga plastik uloq kiydirilgan, ular korpus rangida bo‘yalgan bo‘lsa ham, tusi bir oz farq qiladi.

Yuqori va qimmat modellarda plastik qism va metall panelni nafis yaltiroq uloqlar birlashtirib turadi. Hamyonbop modellarda (jumladan, Meizu M5s modelida ham) soddaroq yechimdan foydalanilgan.

Avvalgi modellar bilan taqqoslab ko‘rganda, Meizu M5s'da tub o‘zgarish yo‘q. Biroq kompaniya smartfonning ergonomikasi, ya’ni shakldorligiga e’tibor qilgan. Natijada, M3s modeliga qaraganda Meizu M5s kaftda yaxshi joylashadi.

Ekran qanchalik yaxshi?
Meizu M5s smartfon ekrani 5,2 dyuymli, uning displey sig‘imi HD (720 x 1280 piksel). Ekran 2.5D turidagi silliq hoshiyali himoya shishasi bilan qoplab olingan.

Meizu M5s ekranining har dyuymiga to‘g‘ri keladigan piksellar soni bir oz kam: 282 ppi. Natijada, hamma piksel ham aniq-tiniq aks etmaydi.

Ikki tomondagi yon tomondagi qora virtual romlar qo‘shib hisoblaganda 3,5 mm, quyi va yuqori romlar — taxminan 16 mm.

Ekran uchun tanlangan IPS-matritsa havosiz qavat usulida ishlab chiqarilgan.

Qolgan jihatlari: maksimal yorqinlik miqdori 380 kd/m2.

Meizu M5s ekrani yog‘-dog‘ga qarshi bo‘lgan oleofob qatlamasi bilan qoplangan. Bu plenka avvalgilaridan ancha sifatli.
M5s hamyonbop smartfon bo‘lgani tufayli uning ekrani bir qarashda foydalanuvchi uchun ma’qul kelsa ham, ayrim injiq smartfon foydalanuvchilari ekranda yorug‘lik miqdori kamligini payqaydilar.

Biroq ekranda ma’lumotni ko‘rish yoki o‘qish uchun maksimal yorug‘lik darajasi yetarli. Quyosh nuri ostida ham ekran tasvirni yaxshi namoyish qiladi.

Samaradorlik imkoniyatlari
Meizu odatda yangi biror smartfon ishlab chiqarayotganda "elektron yurak" tanlash borasida g‘alati qarorlarga keladi: Meizu M2 Note ega bo‘lgan chipset uning avlodi bo‘lmish M1 Note'ning chipidan kuchsizroq edi.

Xuddi shu tarix Meizu M5s bilan ham sodir bo‘ldi: unga o‘rnatilgan MediaTek MT6753 protsessori 1.3 GGs chastota intervaliga ega. M3s va plastik korpusli M5 ega bo‘lgan MediaTek MT6750 chipi esa undan ilg‘orrroq edi. To‘g‘ri, bu juda katta farq degani emas.

Androidning o‘zlashtirilgan Flyme talqini quvvatni tejashi, bir maromda ishlashi hamda samaradorligi bilan yaxshi tanilgan.

Smartfon ikki xil talqinda ishlab chiqariladi: 16 yoki 32 GB doimiy xotira hamda 3 gigabaytli operativ xotira.

Bitta SIM-karta o‘rniga doimiy xotirani kengaytirish uchun MicroSD xotira kartasini qo‘yish mumkin.

Aloqa imkoniyatlari
Smartfondagi GPS-modul muammosiz ishlaydi hamda sun’iy yo‘ldosh signalini yaxshi tutadi.

Smartfonda ikki diapazonli Wi-Fi 802.11 a/b/g/n hamda Bluetooth 4.0 moduli, NFC hamda infra-qizil modul mavjud.

Oovz hamda dinamik sifati borasida imkoniyatlar yetarli hamda o‘rta darajali.

Quvvat ta’minoti
Akkumulyator korpusdan ajralmaydi hamda uning tok sig‘imi 3000 mA soat. Smartfon 18 vattli mCharge tezkor quvvat olish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, 3000 mA soat sig‘imli akkumulyatorni 56% quvvatlash uchun bor-yo‘g‘i 30 daqiqa kerak bo‘ladi.

Smartfon to‘liq quvvati bugungi faol foydalanuvchilar qo‘lida bir keunga yetadi. To‘liq quvvat bilan 10 soat video tomosha qilish mumkin.

Kamera imkoniyatlari qanday?
Gadjetdagi bosh kamera 13 megapikselli. Kamera fazali avtofokus tizimi va ikki tusli fotochaqnoqqa ega. Telefonda 5 megapikselli old kamera mavjud.

Hamyonbop smartfonlardagi kamera imkoniyatlarini sodda qilib ifodalash mumkin: yorug‘lik yetarli bo‘lsa, surat ham ko‘ngildagidek bo‘ladi. Qorong‘uda esa qo‘limizda arzon smartfon turganini tushunib yetamiz.

Quyidagi suratlar yordamida Meizu M5s kamerasi imkoniyatlari xususida xulosa qiling.

Xulosa o‘rnida ...
Meizu M3s 2016 yilda yaxshi sotilgan bo‘lsa, uning narxi o‘z jihatlarini keragidan ortiq oqlagan. Meizu M5s esa texnik jihatdan u qadar o‘zgarmagan, biroq narx bir oz ko‘tarilgan.

Shunday bo‘lsa ham, hamyonbop Meizu M5s modelini xarid qilish uchun ayrim sabablar bor: metall korpus, qulay ekran, tezkor quvvat oluvchi batareya.

Meizu hamyonbop chipset tanlagani bois, gadjet samaradorligi u qadar ham maqtagulik emas.

Meizu M5s xarid qilish uchun 5 sabab:
An’anaviy va yaxshi tashqi ko‘rinish hamda sifatli korpus materiali;
sifatli ekran;
akkumulyator imkoniyatlari;
tezkor quvvat olish funksiyasi;
aniq va tezkor ishlaydigan barmoq izi skaneri.

Meizu M5s xarid qilishga to‘siq bo‘lishi mumkin 2 jihat:

sodda samaradorlik (injiq foydalanuvchilar uchun);
o‘rta imkoniyatli kamera.

Narx va navo
Meizu M5s Xitoyda 2017 yilning 20 fevralidan sotuvga chiqarilgan edi. Devaysning 16 GB talqini 116 AQSh dollari, 32 GB talqini 145 dollardan sotilgan. Telefon bugungi kunda ham xalqaro bozorda yaxshi sotilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Yurtimizda gadjetni o‘rtacha 1 mln so‘mdan xarid qilish mumkin.

Unutmang, Terabayt.uz nashrining imkoniyatlari kengayib borayotgan Terashop do‘koni ishonchli smartfon va gadjetlar xarid qilish uchun ayni muddao.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop UZS 999 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!