Meizu M6 Note: Yurtimizda yaxshi sotilayotgan ilg‘or hamyonbop smartfon!

Meizu M6 Note: Yurtimizda yaxshi sotilayotgan ilg‘or hamyonbop smartfon!

2017 yilning avgustida Xitoyda Meizu M6 Note deb nom olgan yaxshi jihatlarga ega va nisbatan arzon smartfonning taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi. Bu mobil aloqa vositasi Meizu kompaniyasining Snapdragon protsessoriga ega ikkinchi smartfonidir. Metall korpusli Meizu M6 Note, shuningdek qo‘sh sensorli, flagmanlar darajasida surat oladigan bosh kamera bilan ham ta’minlangan.

Meizu M6 Note sig‘imdor akkumulyatori, samarali protsessori, qo‘sh sensorli yaxshi kamerasi hamda hamyonbop narxi bilan diqqatimizni tortdi. Quyida u to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermoqchimiz.

Dizayn

Meizu M6 Note modelining eng quyi talqinida 3 gigabaytli tezkor hamda 16 gigabaytli doimiy xotira o‘rnatilgan. Sotuvda uni qora, ko‘k, kumush hamda tilla rang talqinlari mavjud. Ayniqsa, smartfonning ko‘k rangdagi talqini tezda o‘ziga maftun qiladi.

Qadoqning ko‘rinishi va uning tarkibi standart: quvvatlash qurilmasi (5/9/12V, 2A), microUSB kabeli, SIM-karta bo‘lmachasi uchun to‘g‘nog‘ich hamda qo‘llanma. Plyonka, chexol va boshqa qo‘shimcha aksessuarlar yo‘q.

Meizu M6 Note korpusi dag‘al alyuminiydan tayyorlangan. Korpusning yig‘ilishi pishiq va puxta.

Old panelda biror bir o‘ziga xoslik mavjud emas, unda 18:9 o‘lchamli bugungi ekranni ko‘rmaymiz: 5,5" dyuymli displeyning tomonlar nisbati 2017 yilgi trenddan kelib chiqib 16:9 o‘lchamli.

Old panelda sensor-mexanik mTouch tugmasi bo‘lib, u barmoq izi skaneri hisoblanadi. Tugmaning atrofi korpus rangidan kelib chiqib hoshiya bilan qoplab olingan. Bu barmoq skanerining ishlash aniqligi ekspertlar tomonidan ham e’tirof etilgan: tezkor va aniqlikda u Meizu Pro 7 Plus flagmanidagi skaner bilan bir xil.

mTouch tugmasiga qo‘shimcha funksiyalar ham joriy qilingan. Bir marta bosib «Orqaga», ikki marta ketma-ket bosib «Bosh menyuga», bosib turish orqali «Blokirovka» buyruqlarini berish mumkin. Ekranning quyi chekkasidan barmoqni harakatlantirsangiz, smartfonga bir necha vazifalarni berish oynasi ochiladi.

Orqa panelda MEIZU logosi mavjud. Shuningdek, u yerda kamera modullari, antenna chizig‘ining markazida to‘rt diodli (ikki tusli) fotochaqnoq mavjud.

Bosh kameraning asosiy sensori sezilar-sezilmas korpusdan chiqib turibdi. Qo‘shimcha sensor esa korpusga bir oz botgan. Orqa panel uzviy va yaxlit ko‘rinishi uchun ham shunday yechim qo‘llanilgan.

Smartfon dizayniga oid qolgan jihatlar an’anaviy: korpus quyisida microUSB porti, mikrofon, dinamik hamda audio port; korpusning tom qismida – qo‘shimcha mikrofon o‘rnatilgan.

Bosh dinamikdan taralayotgan ovoz foydalanuvchini haratga soladi – baland, stereo ovozga boy, quyi chastotalar ham yaqqol eshitiladi. Ha, Meizu bir vaqtlar musiqiy pleyerlar ishlab chiqargani bilan tanilganini unutmaslik kerak.

Pro 7 Plus flagmani kabi bo‘lmasa ham, bu modelning ovoz uzatishi Xiaomi Redmi 5 Plus modelinikidan yaxshiroq ekani aytilmoqda. Audio quloqchinlar bilan ham vaziyat shunday -- ijobiy. Meyzufonlar doimo ovoz va musiqa masalasida melomanlarni xursand qilib kelgan.

Korpusning yig‘ilishi va materiallarning sifati yuqori darajada sifatli. Korpusni mahkam siqqanda g‘ichirlash, detallarning noto‘g‘ri o‘rnashuvi ko‘zga tashlanmaydi. Korpus maksimal darajada monolit hamda zich. Korpus Pro 7 Plus kabi sirpanchiq emas – g‘ilofsiz ham bu smartfondan foydalanish mumkin.

 

Displey va namoyish

5,5” dyuymli va 16:9 standartidagi o‘lchamli telefon uchun dizayn ergonomikasi yomon emas. Yon tomon tugmalar ham qulay balandlikdan joy olgan.

Meizu M6 Note fableti 5.5 dyuymli, Full HD sig‘imli displeyga ega bo‘lgan. Har dyuymdagi piksellar soni 401 taga yetadi – yomon emas, yaxshi surat namoyishi uchun yetarli. Ekranning tasvir uzatishi tabiiy hamda tasvir ranglarga to‘yingan, ekran markazida ham, yonlarida ham yorqinlik, rangdorlik bir xil. Sensorli qatlam bir vaqtda 10 tagacha barmoq zarbini his qila oladi. Ekranning dog‘larga qarshi oleofob qatlami bilan qoplangani ham o‘ziga xos jihat.

Samaradorlik

 Meizu M6 Note 8 yadroli va 2 GGs chastota tezligida ishlaydigan Snapdragon 625 protsessoriga ega bo‘lgan. Shuningdek, smartfonga Adreno 506 video-kartasi o‘rnatilgan. Ma’lum qilinishicha, smartfon platformasi avvalgi avlod fabletlarining platformasidan 71% samaraliroq ishlaydi.

Meizu M6 Note talqiniga ko‘ra 3 yoki 4 GB tezkor xotira, kengaytirish mumkin bo‘lgan 16, 32 yoki 64 GB doimiy ichki xotiraga ega bo‘lgan. Smartfon 2 ta SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi va 4G LTE Cat.7 tarmog‘ida ishlaydi.

Kompaniya xaridorlar dodini tinglagan chog‘i, nihoyat M6 Note modeli MediaTek chipsetiga ega bo‘lmagan va Qualcomm kompaniyasining yaxshi protsessori uchun buyurtma berilgan! Snapdragon 625 juda taniqli chip hisoblanadi. Bu «ajdar» bugungacha bizga yaxshi tanish bo‘lgan Xiaomi Redmi 5 Plus, Xiaomi Mi A1, Xiaomi Mi Max 2, Xiaomi Mi5x kabi bizga tanish smartfon modellariga o‘rnatilgan.

 

Dasturiy ta’minot

Meizu M6 Note modeli Android 7.1.2 Nougat operatsion tizimining o‘zlashtirilgan Flyme OS 6 proshivkasida ishlaydi. Xitoylik kompaniya Google bilan yaqin "og‘a-ini" bo‘lgani munosabati bilan, endi Meizu smartfonlari doimiy ravishda so‘nggi operatsion tizim bilan ta’minlanadi. M6 Note ham kompaniyaning Google guvohnomasiga ega bo‘lgan ilk smartfonidir.

 

Akkumulyator

Smartfon akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 4000 mA soat. Unga 18 vattli mCharge tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy qilingan. Bu quvvat faol foydalanganda devaysga deyarli 1,5 kunga yetadi. Bunda 9 soat internet, Bluetooth hamda GPS muntazam yoqilgan bo‘ladi. O‘rtacha foydalanganda telefon quvvati 2-3 kunga ham yetadi. Agar gadjet tejamkor va smartfondan faqat aloqa uchun foydalanadagina odamning qo‘liga tushib qolsa, to‘liq quvvat bir haftaga ham yetadi.

Misol uchun, smartfon 9 soat mobaynida tinimsiz video namoyish qiladi. Bir soat Asphalt Ekstrim kabi grafikaga boy o‘yin o‘ynasangiz, 17% quvvat sarf qilinadi.

Meizu M6 Note mCharge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lgan – 2 soatda quvvatni to‘ldirib olish mumkin.

 

Kamera imkoniyatlari

Meizu M6 Note orqa panelidagi qo‘sh sensorlardan birining piksel sig‘imi 12 megapiksel (Sony IMX362), piksel hajmi 1.4 mkm, yorug‘lik linzasining hajmi f/1.9. Yordamchi sensor uchun 5 megapikselli modul tanlangan. Bosh kamerada  Dual PD tezkor avtofokus joriy qilingan. Bu funksiya surat fokusini 0.03 sekund ichida belgilay oladi.

Bugungi trendda kelib chiqib, bosh kamerada tatbiq qilingan "portret" rejimida surat fonini g‘ira-shira qilib tasvirga olish mumkin. Yana bir muhim jihati -- smartfondagi LED-fotochaqnog‘i 4 elementli. Ishlab chiqaruvchining tantanali ravishda e’lon qilishicha, Meizu M6 Note surat olishda flagmanlar bilan bemalol bellasha oladi.

Umuman olganda, kamera tezkor fokuslashi, to‘g‘ri rang-tus berishi, oq tusning me’yorida bo‘lishi, detallarni aks etirishi bilan foydalanuvchini xursand qiladi. Ichkarida olingan suratlar tashqarida olingan suratdan bir oz past sifatli. Biroq u qadar ham xafa qilarli darajada emas.

Hatto ayrim hollarda M6 Note smartfoni Pro 7 Plus flagmani darajasida ham suratga oladi. To‘g‘ri, sifat borasida bir ozgina farq bo‘lishi mumkin. Quyida o‘zingiz taqqoslab ko‘ring. M6 Note olgan suratlar chap tomonda.

Pro 7 Plus modelida rangli harorat va dinamik diapazon bir oz yuqori. Detallarning aks etishi esa deyarli bir xil, ayrim hollarda M6 Note modeli fokusni tezroq aniqlaydi. Unutmaslik kerakki, M6 Note "akasi"dan deyarli ikki barobar arzon bahoda sotiladi.

Shuningdek, selfi-kamera uchun 16 megapikselli kamera moduli tanlangan. Agar undagi "go‘zallik" rejimi yoqilsa, selfilar yanada yorqin tus oladi.

 

Narx va navo

Meizu M6 Note 2017 yilning sentyabridan Xitoy bozoriga sotuvga chiqarilgan edi. Smartfon bozorda Xiaomi Mi 5X hamda ZTE Nubia Z17 mini'ga qarshi kurashadi. Uning boshlang‘ich talqini avvaliga (3/16 GB) $165, shuningdek 3/32 GB talqini $195, 4 gigabaytli tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega yuqori talqini $255 dollardan sotilgan.

Meizu M6 Note xarid qilish istagida 6 milliondan ziyod odam avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan. Bir vaqtning o‘zida ham oflayn, ham onlayn do‘konlarda sotuvga chiqarilgan smartfon 1 sutkada 200 ming dona sotilgan. Kompaniya uchun bu – katta natija.   

Yil so‘nggida esa M6 Note xotira sig‘imidan kelib chiqib 200-300 yuan yoki $30-45 dollarga arzonlashgan.

Unga ko‘ra smartfon talqiniga ko‘ra quyidagicha narxlangan:

3 + 16 GB = 899 yuan ($136)

3 + 32 GB = 999 yuan ($151)

4 + 32 GB = 1299 yuan ($196)

4 + 64 GB = 1499 yuan ($227)

 Yurtimizda esa Meizu M6 Note (3/32 GB, qora) 1,558,000 so‘mdan boshlab sotilmoqda.

Xulosa

Yuqoridagi tavsiyani o‘qir ekansiz, ehtimol bizning qarashlarimiz sizning nazdingizda Meizu kompaniyasining mahsulotiga yon bosganday bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo haqiqat shundaki, M6 Note – chindan ham muvaffaqiyatli telefon apparati.

Sifatli va yorqin displey hamda yuqori sifatli ovoz (dinamikda ham, quloqchinlarda ham), protsessor ham o‘rtacha imkoniyatli, akkumulyator imkoniyatlari yuqori darajali, hatto tezkor quvvatlash ham bor, kamera esa Pro 7 Plus flagmaniniki kabi.

To‘g‘ri, USB-C porti hamda ekran o‘lchami bugungi trendda emas. Agar sizga Xiaomi Redmi modeliga muqobil va munosib raqib kerak bo‘lsa, marhamat, M6 Note sizga muntazir!

Meizu M6 Note modelining texnik jihatlari:

Platforma: Android 7.1.2 Nougat (Flyme 6 talqini);

Displey: 5,5" IPS, 1920x1080 pikselli, har dyuymda 401 ppi, 450 nit, kontrast 1000:1, 2,5D himoya shishasi;

Kamera: 12 Mp (Sony IMX362/Samsung 2L7, f/1.9, 1,4 mkm, 6 linzali) + 5 Mp (f/2.0, 5 linzali), 4 diodli LED fotochaqnoq, 4K/1080p@30fps sig‘imli video tasvir oladi;

Old kamera: 16 Mp, f/2.0, 5 linzali, 1080p (Full HD) video tasvir oladi;

Protsessor: Qualcomm Snapdragon 625, 8 yadroli, 2 GGs chastota tezligi;

Grafik chip: Adreno 506, 650 MGs;

Operativ xotira: 3/4 GB LPDDR3;

Ichki doimiy xotira: 16/32/64 GB (eMMC 5.1);

Qo‘shimcha xotira kartasi uchun bo‘lma: microSD (128 GB), bitta SIM kartadan voz kechishga to‘g‘ri keladi;

Barmoq izi skaneri: mTouch 2.1;

Svetodiodli ogohlantiruvchi indikator: bor;

Navigatsiya tizimlari: GPS, A-GPS, GLONASS;

Qo‘shimcha: Bluetooth 4.2, Wi-Fi (802.11 a/b/g/n), 2,4/5 GGs;

Audio port: 3.5 mm;

Port: microUSB;

Sim karta: nano-SIM+nano-SIM;

Aloqa tarmog‘i: GSM (Band 2, 3, 5, 8), WCDMA (Band 1, 2, 5, 8), LTE (Band 1, 3, 5, 7, 8, 20, 38, 40);

Akkumulyator: 4000 mA soat, mCharge tezkor quvvat olish texnologiyasi;

O‘lchamlari: 154,6 x 75,2 x 8,35 mm;

Vazni: 173 gramm.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 425 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 595 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 1 750 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.