Meni kutgil va men qaytarman

Meni kutgil va men qaytarman

Mashhur Nokia 2017 yilda Android smartfonlar bilan yana jahon bozoriga qaytadi. Nokia brendidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan Finlandiyaning HMD Global Oy kompaniyasi Android platformasidagi smartfonlarni Xitoyning Foxconn kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlashni rejalashtirgan. Foxconn, shuningdek, Apple mahsulotlarini ishlab chiqarishi ko‘pchilikka ma’lum.

Brendga yana avvalgi ommaboplikni qaytarish maqsadida HMD Global Oy sobiq Nokia xodimi va Rovio kompaniyasining eks-direktori Pekka Rantalani bosh marketolog sifatida yolladi.

Pekka Rantala 1994-2011 yillar Nokiada, 2014-2015 yillarda esa Rovio kompaniyasida (Angry Birds va boshqa mashhur o‘yinlar yaratuvchisi) faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Nokia Android bazasida smartfonlar ishlab chiqarishda ma’lum tajribaga ega. Microsoftga Nokia brendi sotilgunga qadar, kompaniya X seriyasidagi Android smartfonlarni taqdim qilgan edi. Keyinchalik esa Nokia N1 plansheti e’lon qilindi. Planshet avval Xitoyda, keyinchalik boshqa bir qator mamlakatlarda sotilgan.