Messenjerdan yashirin nomda foydalanish taqiqlanmoqda

Messenjerdan yashirin nomda foydalanish taqiqlanmoqda

24 may kuni Rossiya Davlat dumasiga messenjer-ilovalarga shaxsi noma’lum foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash taklif qilingan qonun loyihasi taqdim etildi. Modomiki, qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, nomi yashirilgan foydalanuvchilar messenjerlardan foydalana olmaydilar.

Deputatlar messenjerlarda foydalanuvchi shaxsini mobil telefon orqali aniqlash tizimidan foydalanishni taklif qilmoqdalar. Bunda kerakli ma’lumotni taqdim qilishga mobil aloqa operatorlari mas’ul bo‘ladilar. Hujjat loyihasida, messenjerlarning davlat organlarining majburiy sms-xabarlarini tarqatishlari, shuningdek spam, xuruj va boshqa nomuvofiq xabarlarni cheklashni joriy qilishlari majburiy qilib belgilanadi.

Bu qonunga bo‘ysunishi lozim bo‘lgan messenjer va sayt-xizmatlar ro‘yxati Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy aloqalar bo‘yicha federal xizmati (Roskomnadzor) tomonidan shakllantiriladi. Hozircha qoidalar foydalanuvchilar muloqot qilishlari mumkin bo‘lgan barcha saytlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Agar ushbu hujjat loyihasi tasdiqlanadigan bo‘lsa, qonun 2018 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Qonunga bo‘ysunmagan messenjerlar mamlakat hududida blokirovka qilinadi.

«Biz Rossiyada faoliyat olib borayotgan kompaniyalarning qonunlarimizga rioya qilishlariga erishmoqchimiz. Buning ijobiy natijasini rossiyalik foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni cheklab, himoya qilgan Uber kompaniyasi, salbiy natijasini esa soha boshqaruvchisi talablariga bo‘ysunmay oxir-oqibat blokirovka qilingan LinkedIn misolida aytishim mukin», deydi Rossiya Aloqa vaziri Nikolay Nikiforov.

Hozirgacha Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy aloqalar bo‘yicha federal xizmatining talablarini rad qilgani uchun Zello, Line va Blackberry messenjerlari faoliyati taqiqlab qo‘yilgan. Shuningdek, Telegram va boshqa yirik ilovalarning taqdiri ham tahdid ostida turibdi.

Shuningdek, deputatlar Rossiya qonunlariga bo‘ysunmagan messenjerlarni million rublgacha jarimaga tortishni asoslovchi qonun loyihasini ham ishlab chiqmoqdalar.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!