Mi 8 taqdim qilindi: narx borasida kompaniya va’dasida turdi!

Mi 8 taqdim qilindi: narx borasida kompaniya va’dasida turdi!

Bugun, 31 may kuni, Xitoyning yosh va ilg‘or kompaniyalaridan hisoblangan Xiaomi o‘z yurtida Mi 8 hamda Mi 8 SE smartfonlarini, shu bilan birga Mi Band 3 "aqlli braslet"ni hamda MIUI 10 operatsion tizimini rasman taqdim qildi. Mi 8 flagmani AMOLED-paneli hamda ayni paytda jahonning eng kuchli chiplaridan bo‘lgan Snapdragon 845 bilan ta’minlangan.

Mi 8 modelidagi 6,21 dyuymli displeyning piksellar sig‘imi 2248 x 1080 ga teng. Mazkur ekranda kompaniyaning shaxsiy ishlanmasi bo‘lgan foydalanuvchining yuz-qiyofasini 3D o‘lchamda tekshirishdan o‘tkazish tizimi joriy qilingan. Ayni paytda Android smartfonlar uchun eng samarador hisoblangan Qualcomm Snapdragon 845 protsessori mazkur devaysning muhim o‘ziga xosliklaridan biridir.

Smartfonning tezkor xotira sig‘imi 8 gigabaytgacha kattalashgan. Uning quvvat ta’minoti uchun elektr toki sig‘imi 3300 mA soat bo‘lgan akkumulyator javobgar. Gadjetning 6 gigabaytli tezkor xotira talqini ham bor. Doimiy xotira sig‘imi esa 256 gigabaytgacha yetadi. Xiaomi Mi 8 modelining korpus qalinligi g‘oyatda yupqa -- 7 mm, vazni — 175 gramm.

Xiaomi Mi 8 bosh kamerasining asosiy sensori 20 megapikselli va yorug‘lik taqsimlovchi diafragma f / 1.7 standartli; bosh kameraning qo‘shimcha sensori ham 12 megapikselli, biroq f / 2.4 diafragmali. Old kameradagi sensor 16 megapikselli, uning yorug‘lik taqsimlovchi diafragmasi f / 2.0. Barcha kameralar "aqlli", ya’ni sun’iy texnologiya yordamida yorqin suratlar olish uchun mustaqil ishlay oladi.

Qiyofani 3D o‘lchamda tekshiruvdan o‘tkazish tizimining joriy qilingani flagmandagi ulkan yutuq. Boisi Xiaomi Mi 8 Android smartfonlar orasida birinchi bo‘lib shunday jihatga ega bo‘ldi.

Taqdimotda qayd etilishicha, smartfonning ekranida virtual barmoq izi skaneri o‘rnatilgan talqini ham sotuvga chiqariladi. Bu skaner tezkorligi va aniqligiga ko‘ra bu texnologiyani ilk marotaba joriy qilgan Vivo texnologiyasinikidan yaxshi bo‘ladi. Smartfon korpus orqasidagi barmoq izi skaneridan ham ko‘rinib turibdiki, kompaniya hali bunday funksiyaga to‘liq o‘tishga tayyor emas.

Xiaomi Mi 8 flagmanining 6 GB + 64 GB xotirali talqini Xitoyda 421 AQSh dollaridan, 6 GB + 256 GB xotiraga ega talqini 515 AQSh dollaridan sotiladi. Uning 5 iyundan sotuvga chiqarilishi ma’lum qilingan.

O‘qing: Mi 8 iPhone X va Galaxy S9'ni "yer tishlatdi"!

Shu bilan birga, taqdimotda flagmanning hamyonbop talqini bo‘lgan Xiaomi Mi SE ham namoyish qilindi. Uning ham ekran yuqorisida «kesig‘i» bor. Mi 8 modelining sodda talqiniga 5.88 dyuymli AMOLED ekran, flagman protsessorlardan bir qadam orqada bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 710 chipseti hamda 20 megapikselli selfi kamera o‘rnatilgan. Smartfon sanoatida yangilik bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 710 chipseti imkoniyatlariga ko‘ra yaqin o‘tmishdagi eng zo‘r chiplar bilan bellasha oladi. Ya’ni, samaradorligi bugungi foydalanuvchi uchun manzur bo‘ladi. Bu talqin uchun kompaniya 281 AQSh dollari so‘ramoqda. Xiaomi Mi 8 SE shu yilning 8 iyunidan soutvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!