Mi Max 3’ning taqdimot vaqti, narxi va xususiyatlarini aytishdi

  •   DiMaX
  •  2746
  •  04.05.2018 15:50

Mi Max 3’ning taqdimot vaqti, narxi va xususiyatlarini aytishdi

Ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar o‘lchamiga ko‘ra planshetga yaqin smartfonlar – fabletlarini taqdim etib kelishayotir. Xiaomi kompaniyasining shunday planshetofonlari turkumi Mi Max deb nomlanadi va ularning juda bozori chaqqon.

Xiaomi kompaniyasi o‘zining uchinchi avlod fabletini tayyorlayotgani haqida bir necha oydan buyon turli gap-so‘zlar yuradi. Hatto uning ayrim xususiyatlari va suratlari ham internetga chiqqan.

O‘QING: Xiaomi Mi Max 3’ning ilk «jonli» suratini tomosha qiling!

Insayderlarning ma’lumotlariga qaraganda, «xitoycha Apple» o‘zining Mi Max 3 smartfonini may oyining oxirida rasman namoyish etar ekan. Ammo hozircha taqdimotning aniq sanasini aytishmayapti.

Xabarlarga ko‘ra, bu fablet 6,99 dyuymlik, keng formatli ekranga ega bo‘lib, displey tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatida bo‘ladi. Uning akkumulyatori 5500 yoki hatto 6000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lishi xususida mish-mishlar yuribdi.

Mi Max 3 modeli boshlang‘ich versiyada Snapdragon 636, ilg‘or modifikatsiyasida esa Snapdragon 710 platformasiga tayanadi. U Android operatsion tizimining 8.1 – Oreo talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. Narxlariga keladigan bo‘lsak, tezkor va doimiy xotirasi hajmiga qarab fabletlarga quyidagicha qiymatlar belgilanadi: 4/64 gigabaytlik versiyada – 267 AQSh dollari, 6/64 gigabaytlik talqinda – 298, 6/128 gigabaytlik modifikatsiyada esa – 330 dollar.

Avvalroq Xiaomi Mi Max 3 proshivkasini qo‘lga kiritgan XDA Developers jamoasi uni o‘rganib chiqib, planshetofonning ba’zi jihatlarini aniqlashgan. Ularga ko‘ra, qurilmaning old kamerasi 5 megapikselli Samsung S5K4H7 datchigiga ega, asosiy kamerasi esa qo‘shaloq. Bosh kameraning asosiy moduli Sony IMX363 sensori bo‘lishi ham, u Samsung S5K217 yoki Samsung S5K5E8 datchiklaridan iborat bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, Xiaomi bu gadjetini NFC moduli, tezkor va simsiz quvvatlash texnologiyalari bilan boyitmoqda.

Agarda Xiaomi chindan ham mayning oxirida Mi Max 3 modelini taqdim etadigan bo‘lsa, yaqin orada bu devaysning yanada ko‘proq «jonli» suratlari, turli jihatlari haqida insayderlik ma’lumotlari chiqishi tayin. Ulardan birinchilar qatorida bahramand bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Xiaomi Mi Max 3: simsiz quvvatlash, Snapdragon 660, ko‘z yoyi skaneri va boshqa jihatlari

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!