Mi6x: arzon smartfonlar qiroli endi O‘zbekistonda!

Mi6x: arzon smartfonlar qiroli endi O‘zbekistonda!

Mi5x/Mi A1 modellarining yaxshi sotilgani Xiaomi kompaniyasini ilhomlantira oldi. Bu orqali ishlab chiqaruvchi o‘rta narxli smartfon modellarini ham yaxshi sota olishiga ishondi. Mi6x "ajdodi" bo‘lmish Mi5x modelidan tubdan farq qiladi: zamonaviy dizayn, yangilangan dasturiy ta’minot tizimi, yaxshi imkoniyatli kamera.

Devays romdan xoli bo‘lgan old paneli hamda qo‘sh sensorli bosh kamerasi bilan o‘ziga xos.

Shu bilan birga, Mi6x modeli ham yaxshi jihatlar bilan birga, kamchilikdan ham xoli emas. Quyida ushbu smartfonni yaqindan o‘rganamiz.

Qadoqni ochganda ...

Qadoqda Mi6x smartfoni bilan birga USB Type-C kabeli, 5V/2A standartida tok o‘tkazuvchi quvvatlash kabeli, shaffof tusdagi silikon chexol, SIM-kartlar bo‘lmachasini chiqarish uchun to‘g‘nog‘ich, 3,5 mm hajmdagi audio tuynuk o‘rniga Type-C perexodnigi mavjud. Ha, bu telefonda standart shakldagi audio tuynuk yo‘q. Bunday texnik yechim nihoyat, o‘rta narxli smartfonlar dizayni uchun ham odatiy holga aylanmoqda.

Dizayn

Yuqorida qayd etganimizdek, turkumning avvalgi avlod smartfonlari bilan taqqoslaganda, Mi6x dizayni — Xiaomi bir qadam olg‘a borgan. Zamonaviy «to‘liq ekranli» dizayn smartfon old panelini ko‘rkam ko‘rinishga keltirgan.

Mi6x old panelidagi yuqori va quyi hoshiyalar sezilarli darajada qisqargan. Ekran qirralarining yassi yumaloq shaklda ishlangani esa smartfonga 2018 yilning shukuhini, salobatini bag‘ishlagan. Aynan shu jihatlar evaziga smartfon jozibador, yupqa hamda bir qarashda maftunkor ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Mi6x korpusi to‘liq metalldan ishlangan, uning yig‘ilishi yuqori sifatli. Korpus qalinligi 7,3 mm (bir oz bo‘rtib turgan kamera modulini hisobga olmaganda), vazni — 168 gramm.
Devays o‘lchamlari: 158,8 x 75,54 x 7,3 mm, vazni — 166 gramm.

Mi6x korpusi yonlarining bir oz yassi va qayrilma bo‘lgani tufayli, smartfon sirg‘anchiq, biroq undan g‘ilofsiz ham qo‘rqmay foydalanish mumkin. Yupqa romlar hisobiga, shuningdek 18:9 nisbatli cho‘zinchoq ekran bois telefon apparatini bir qo‘lda ham bemalol boshqarish mumkin.

Mi6x savdoga 5 xil rangdagi korpuslarda chiqarilmoqda: qora, ko‘k, pushti, tilla rang hamda qizil.

Klavish hamda port joylashuvi o‘zgarishsiz qolgan.

Devays korpusining o‘ng tomonida — ovozni boshqarish uchun cho‘zinchoq tugma hamda uning yarmicha keladigan o‘chirib-yoqish tugmasi bor.

Mi6x tomida — infra qizil port hamda qo‘shimcha mikrofon bor.

Korpus quyisida — suhbat mikrofoni, dinamik hamda USB Type-C porti mavjud.

Mi6x displeyining ostida suhbat dinamigi, old kamera moduli hamda yorug‘likni aniqlash datchigi, oraliq-masofa sensori hamda hodisalardan xabar beruvchi svetodiodli indikator bor.

Endi ekran ostidagi tugmalar o‘rnini virtual klavishlar egallagan. Shu bilan birga, smartfonni biror xatti-harakat bilan ham boshqarsa bo‘ladi. Quyida ular haqida ham ma’lumotni taqdim etamiz.

Telefon apparatiga ilk nazar solganda bosh kameraning bo‘rtib turgan modullari bir oz qo‘pol taassurot qoldirishi mumkin. Aniq-tiniq ko‘rinib turibdiki, bunday yechim iPhone X flagmanidan o‘zlashtirilgan, uning korpusdan bir necha millimetr bo‘rtib turishi ham shundan. Natijada, smartfon orqasi bilan yerga yotqizilganda, o‘ynab turadi.

Orqa panelda barmoq izi skaneri uchun ham joy ajratilgan. An’anaga ko‘ra bu sensor aniq va tezkor ishlaydi.

Displey

Xiaomi Mi 6X uchun diagonali 5,99 dyuymli, piksel sig‘imi Full HD+ (2160 x 1080 pikselli) displey tanlangan.

IPS-matritsa Tianma texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgani — Mi6x modelining ustun tomonlaridan biri. Natijada, surat sifati foydalanuvchida taassurot qoldiradi.

Xiaomi Mi 6X ekranining rang-tasvir uzatishi bir me’yorda. Ekranda vizual og‘ish va kamchilik ko‘zga tashlanmaydi. Kontrast darajasi - 1:1259.

Vizual jihatdan Xiaomi Mi 6X displeyini iliq yoki sovuq haroratli deyish xato. Uning tasvir uzatishi neytral. Shu bilan birga, ekranning yorug‘lik diapazoni ham hayron qoldiraji -- 1 dan 384 kd/m² gacha!

Ya’ni, quyoshli kunda ham tashqarida ekran tasvirni yaxshi namoyish qiladi. Smartfonning minimal yorug‘lik darajasi ham yaxshi bo‘lgani bois, undan tungi sharoitda ham ko‘zni ehtiyot qilgan holda foydalanish mumkin. Tasvir yorqinligi va displey sifatiga ko‘ra Xiaomi Mi 6X ekranini Redmi Note 5 ekrani bilan tenglashtirish mumkin.

Protsessor va platforma samaradorligi

Mi5x/Mi A1 modellarida Qualcomm Snapdragon 625 chipseti o‘rnatilgan bo‘lsa, yangi devays platforma samaradorligi bir oz oshgan.

Sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori, 4 yoki 6 gigabaytli tezkor hamda 64 yoki 128 gigabaytli doimiy xotira platforma samaradorligi uchun ahamiyatli. AnTuTu benchmarkida smartfon 139 ming ball to‘plagan. Mi5X (Snapdragon 625) bilan taqqoslab ko‘rilganda uning samaradorligi 51% ga oshgan.

Xiaomi Mi 6X protsessori ikki klasterli: har biri 4 yadrodan tarkib topgan, chastota intervali birinchisida 2,2 GGs, ikkinchisida — 1,84 GGs.

Xiaomi Mi 6X modelida grafikani ishlashga Adreno 512 video kartasi mas’ul. Chip tezkorligi va samaradorligi ko‘zga ham darrov tashlanadi: Real Racing 3 kabi grafik-tasvirga boy o‘yinlarda ham kadrlarning chastota almashuvi sekundiga 60 tani tashkil qiladi. Ya’ni, bu borada muammo yo‘q.

Xotiraning ma’lumotni yozish tezkorligi ham yuqori, biroq flagmanlarniki kabi emas. Misoli Redmi Note 5 modelidagi kabi.

Xiaomi Mi 6X'dagi tezkor xotira sig‘imi 6 GB, doimiy — 64 GB.gacha yetadi. Sotuvda 4/64 hamda 6/128 GB talqinlari ham bor. Doimiy xotirani microSD yordamida kattalashtirish imkoni mavjud emas.

SIM-kartaga mo‘ljallangan bo‘lmacha faqat ikkita NanoSIM kartalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Darvoqe, mana shu bo‘lmacha ham metalldan tayyorlangan, plastik emas.

Kamera
Xiaomi Mi 6X bosh kamerasi uchun Sony IMX486 sensori tanlangan va bu modulning yorug‘lik taqsimlovchi qurilmasi f/1.75 standartli hamda Redmi Note 5 Pro kabi bu talqin ham 12 megapikselli aniqligidagi suratlar oladi.

Yordamchi Sony IMX376 sensori esa 20 Mp sig‘imli. Bosh kamerada portret rejimida suratga olishda "sun’iy aql" funksiyasi tatbiq qilingan. Bu sensorda ikki karralik yaqinlashtirish funksiyasi bor.

Xiaomi Mi 6X selfi kamerasi uchun 20 megapikselli Sony IMX376 sensori tanlangan hamda bu kamera ham svetodiodli fotochaqnoq va "sun’iy aql" funksiyasiga ega bo‘lgan. Ya’ni, sharoitdan kelib chiqib kamera o‘zini sozlay oladi va sifatli suratlar muhrlaydi.


Kameraning surat olishi yomon emas. Biroq, yorug‘lik past sharoitda detallar bir oz yo‘qolib qoladi.

Orqa foni g‘ira-shira portret rejimi ham ko‘pchilik uchun ayni muddao.
Old kameradagi Sony IMX386 moduli ham yaxshi surat oladi. Bu sensorda surat olayotganda imkon qadar tasvirni "chiroyli qiladigan" funksiyalarni o‘chirib qo‘yish kerak. Aks holda, kamera detallarni yaxshi muhrlamaydi.

Bosh kamerada 4K sig‘imli video tasvirga olish mumkin, shuningdek sekinlashtirilgan video ham olish mumkin. Video suratga olganda suratni raqamli barqarorlashtirish funksiyasi ham bor.

Video tasvirdagi surat sifati yomon emas, ovoz ham yaxshi.

Aloqa imkoniyatlari
Xiaomi Mi 6X modelidagi Simsiz aloqa interfeyslari qatorida Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0 (aptX HD, LDAC kodeklar), shu bilan birga maishiy texnikani boshqarish uchun infra qizil portni aytish mumkin.

Xiaomi Mi 6X smartfonida NFC moduli yo‘q va bu kim uchundir jiddiy kamchilik. Smartfon LTE tarmog‘ining 3 va 7 diapazonlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni uning O‘zbekistonda 4G tarmog‘ida ishlashi bilan muammo yo‘q.

Xiaomi Mi 6X aloqaning 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 5 LE, GPS + GLONASS tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Gadjetda USB Type-C porti ham mavjud.

Xiaomi Mi 6X smartfoni Android 8.1 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan MIUI 9 talqini boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.
O‘ziga xos jihatlar

Suhbat dinamigining ovoz zahirasi yuqori hamda shovqin joyda ham suhbatdoshni yaxshi tinglash mumkin.

Mikrofon faoliyati bilan ham muammolar yo‘q. Asosiy dinamik ham tovushni baland pardada jarang sochadi.

Vibro qo‘ng‘iroq juda kuchli bo‘lmasa ham, cho‘ntakda oson seziladi.

Smartfonni xatti-harakat bilan boshqarish

MIUI operatsion tizimining o‘ziga xosliklaridan biri shuki, smartfonni moddiy tugmalarsiz ham, harakat yordamida boshqarish mumkin.

Misol uchun, ish stolini ochish uchun ekranning pastki qismidan barmoqni quyiga tortishingiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, barmoqni ekranga ushlab turish, chap yoki o‘ng yonga surish orqali ham foydalanilayotgan dasturlarni chaqirib olish mumkin bo‘ladi.

"Quvvat toshi" imkoniyatlari
Xiaomi Mi 6X akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 3010 mA soatni tashkil qiladi. Uni QuickCharge 3.0 texnologiyasiga ko‘ra tezkor quvvatlash imkoni ham mavjud.
Snapdragon 660 chipi quvvatni tejashda unchalik ham mohir emas.
Bir marotaba quvvatlab, smartfondan o‘rtacha foydalanganda, to‘liq quvvat unga taxminan 1,5 kunga yetadi. Bu esa bir necha soatlik internetdan foydalanish, yozishmalar, bir necha soat musiqa tinglash, surat olish va yarim soat o‘yin o‘ynash degani.

Quick Charge 3.0 yordamida Xiaomi Mi 6X smartfoni akkumulyatorini 1 soat va 20 daqiqa ichida to‘liq quvvatlab olish mumkin. Qadoqdagi quvvatlash moslamasi esa smartfonni ikki soatda quvvatlaydi.

Narx-navo
253 dollarga devaysning 4+64 GB xotirali talqinini, 285 dollar evaziga 6+64 GB xotirali talqinini, 316 dollarga esa 6+128 GB talqinini xarid qilish mumkin. Smartfon 2018 yilning 27 aprelidan boshlab sotuvga chiqarildi. Taqqoslash uchun aytamiz, Snapdragon 660 chipiga ega bo‘lgan Meizu 15 modeli uchun $396 dollar so‘ralmoqda.
O‘zbekistonda esa 6+64 GB xotirali talqin 2,2 millin so‘mdan boshlab sotilmoqda.

Xulosa o‘rnida ...
Xiaomi Mi 6X modelining juz’iy kamchiliklari xususida to‘xtalganda to‘lovlarni qisqa masofada kontaktsiz to‘lash imkonini beradiga NFC modulining yo‘qligini aytish kerak.
Kamera ham bundan yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Biroq, smartfon flagman emas, o‘rta darajalai, narxi ham ancha past.


Xiaomi Mi 6X dizayni va korpusi nihoyatda jozibador, biroq Xiaomi korpusdan 2 millimetr bo‘rtib turgan bosh kamera moduli orqali bunday go‘zallikka putur yetkazgan.
Ekran, dizayn, tekzor protsessor — bularning bari yuqori sifatli, ayniqsa narx bilan solishtirganda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon xalqaro bozorga Xiaomi Mi A2 nomi bilan chiqariladi. Bu o‘tgan yilgi Mi A1 devaysining merosxo‘ri bo‘lib, bu model ham "toza" Android tizimiga ega bo‘ladi.

Xiaomi Mi6X modelining texnik jihatlari:

Aloqa tarmoqlari: GSM (850/900/1800/1900 MGs), WCDMA/HSPA (900/1800/1900/2100 MGs), FDD-LTE (B1, B3, B5, B7, B8, B34, B38, B39, B40, B41), TD-SCDMA, CDMA;
Platforma: Android Oreo'nig MIUI 9 talqini;
Displey: 5,99", 2160 x 1080 belgi, 18:9, 403ppi, 1500:1, IPS;
Bosh kamera: qo‘sh sensorli, 12 Mp, (Sony IMX486, 1,25 mkm, f/1.75) + 20-Mp (Sony IMX376, 2 mkm, TetraCell, f/1.75), 4K@30fps;
Selfi kamera: 20 Mp, Sony IMX376, 2 mkm, TetraCell;
Protsessor: 8 yadroli, 4 x 2,2 GGs + 4 x 1,8 GGs, Qualcomm Snapdragon 660;
Video karta: Adreno 512 650 MGs;
Operativ xotira: 4/6 GB LPDDR4X;
Ichki xotira: 64/128 GB eMMC 5.1;
Qo‘shimcha xotira: yo‘q;
GPS va GLONASS: bor;
Bluetooth 5.0 HID: bor;
Qo‘shimcha: Wi-Fi (802.11a/b/g/n/ac), 2x2 MU-MIMO, USB Type-C;
nano-SIM: qo‘sh;
Barmoq izi skaneri: bor;
Akkumulyator: 3010 mA soat, QuickCharge 3.0 18W;
O‘lchamlari: 158,7 x 75,44 x 7,3 mm;
Vazni: 168 gramm.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 789 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.