Mi8 SE Antutu'da ilk bor sinovdan o‘tdi

Mi8 SE Antutu'da ilk bor sinovdan o‘tdi

Xiaomi kompaniyasi yaqindagina Mi smartfonlari turkumiga mansub "aqlli telefon"larini taqdim etdi. Mi8 hamda Mi8 Plus modellarida Qualcom kompaniyasining eng kuchli Snapdragon 845 protsessori o‘rnatilganini hisobga olsak, samarador platforma masalasida ularda muammo yo‘q.

Mi8 SE esa yap-yangi va flagmanlardan bir qadam orqada bo‘lgan, hamma uchun qiziq hisoblangan Qualcom Snapdragon 710 chipiga ega bo‘lgan. Bu chipset shunga qadar hali biror devaysda tatbiq qilinmagan edi.

Kuni kecha Xiaomi Mi 8 SE smartfoni devayslarning platforma samaradorligini imtihondan o‘tkazishga mo‘ljallangan taniqli Antutu benchmarkida sinovdan o‘tkazildi. Aytish joizki, Mi8 SE bu testda 167 249 ball to‘pladi.

Bu natija shu kunga qadar o‘rta narxli smartfonlarga o‘rnatilib kelingan va ko‘pchilikka manzur bo‘lgan Snapdragon 660 protsessorining natijasidan yuqori. Shu bilan birga, bu chipset o‘tgan yili eng ilg‘or deb topilgan Snapdragon 835 chipidan bir oz orqada. Misol uchun, o‘tgan yilgi flagman bo‘lmish Mi 6 ushbu imtihonlarda 170 ming balldan ziyod to‘plagan edi. Undan oldingi Snapdragon 821 chipiga ega Mi 5S flagmani esa bunday sinovlarda 164 ming ball to‘plagan.

O‘qing: Mi 8 SE -- arzon flagmanning yurtimizda kutilayotgan narxi

Shu jihatdan olib qaralsa, Mi8 SE modelining tezkor va samarali ishlashi ko‘pchilikni manzur qiladi. Snapdragon 710 protsessori "sun’iy aql" texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli ayrim jihatlariga ko‘ra avvalgi ilg‘or chiplarni ham dog‘da qoldiradi.

Xiaomi Mi 8 SE 5.88 dyuymli, FHD+ sig‘imli hamda AMOLED matritsali ekran bilan ta’minlangan. Ekranning tomonlari nisbati 18:9 standartli.

Grafik-tasvirlarni qayta ishlash uchun Adreno 616 video kartasi mas’ul bo‘lgan. Smartfon tezkor xotirasi 4 yoki 6 gigabaytli, doimiy xotira sig‘imi esa 64 gigabaytli. Doimiy xotirani qo‘shimcha xotira kartasi yordamida kengaytirish mumkin.

Xiaomi Mi 8 SE "quvvat toshi"ning elektr toki sig‘imi 3,120 mA soat hamda uni USB Type-C orqali tezkor yoki simsiz ham quvvatlash mumkin.

Kamera masalasida ham imkoniyatlar yomon emas. Bosh kamerada 12 + 5 megapikselli sensorlar mavjud. Kamera to‘rt o‘qli optik barqarorlashtirishni hamda qo‘sh pikselli fazali avtofokusni, 2 karralik yaqinlashtirib surat olish funksiyasini, portret rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Selfi ishqibozlari uchun yaxshi xabar: smartfon 20 megapikselli " sun’iy aql"ga ega old kameraga ega bo‘lgan.

Xiaomi Mi 8 SE bahosi 280 AQSh dollaridan boshlanadi. Uning yuqori talqini (6 GB) 312 AQSh dollaridan sotiladi. Gadjetni Xitoyda 5 iyundan boshlab xarid qilish mumkin bo‘ldi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!