Microsoft ChatGPT bilan kuchaytirilgan Bing qidiruv tizimining yangi versiyasini taqdim qildi!

Microsoft ChatGPT bilan kuchaytirilgan Bing qidiruv tizimining yangi versiyasini taqdim qildi!

Kutilganidek, Microsoft o'zining Bing qidiruv tizimining ChatGPT sun'iy intellekti texnologiyasiga asoslangan yangi versiyasini rasman taqdim qildi. Kompaniya, shuningdek, bir qancha yangi SI funksiyalari bilan yangilagan Edge brauzerini ham ko'rsatdi. Microsoft ular birgalikda Internetdan ma'lumotlar qidirish va topishning yangicha tajribasini taklif qilishini ta'kidlamoqda.

Microsoft'ning Redmonddagi bosh qarorgohida o'tkazilgan yopiq taqdimotda kompaniya o'zining "yangi Bing" qidiruv tizimining sun'iy intellekt yordamida qanday ishlashini turli xil konfiguratsiyalarda ko'rsatdi. Agar yangi Bing orqali biron nima qidiradigan bo'lsangiz, siz so'rovingizga oid javoblarni ikki xil ko'rinishda olasiz: chap tomonda an'anaviy, ya'ni tegishli manba va saytlar uchun havolalar ro'yxati, o'ng tomonda esa sun'iy intellekt texnologiyasiga asoslangan holda yaratilgan matn. O'ng tomondagi javoblarning barchasi yuqori/past bosh barmoqli layk/dislayk tugmalari, hamda, nusxa olish tugmasi bilan ko'rsatiladi. Manbalarni o'z ichiga olgan ustun belgilari esa matn orasida, gaplar oxirida ko'rinib turadi.

Yangi Bing, shuningdek, Chat rejimiga ham ega. Xuddi messenjerlar interfeysiga o'xshash UI'ga ega bo'lgan sahifada siz Bing'dan o'zingizni qiziqtirgan savollarni so'rashingiz mumkin. "buni oddiyroq qilib tushuntira olasanmi?" yoki "menga ko'proq tanlovlar ber" savollari so'rashingiz va suhbat boshlashingiz mumkin. Aytish kerakki, bu xususiyat hozircha omma uchun yopiq.

Qo'shimchasiga, yangi Bing'ning qidiruv qutisi 1000 tagacha belgilarni qo'llab-quvvatlaydi. Shunday ekan siz bilmoqchi bo'lgan narsangizni yetarlicha so'zlar bilan qidirish uchun katta imkoniyatga ega bo'lasiz. ChatGPT'dan farqli o'laroq, yangi Bing so'nggi voqealarga asoslangan ma'lumotlarni ham bera oladi.

Ma'lum bo'lishicha, Bing quvvatlangan sun'iy intellekt texnologiyasi hatto ChatGPT'dan ham kuchliroq bo'lib, u OpenAI'ning qidiruv uchun maxsus moslashtirilgan yangi avlod LLM texnologiyasi hisoblanadi va uning nomi hozircha noma'lum.

Microsoft, shuningdek, ushbu "yangi Bing"ni o'zining Edge brauzeriga ham integratsiyalashtirmoqda. Bunda siz undan brauzerning o'ng tomonidagi yangi Bing yon paneli orqali foydalanishingiz mumkin bo'ladi.

Yangi Bing hozirda cheklangan so'rovlar soni bilan sinab ko'rish uchun ommaviy ochiq bo'lib, undan siz kompyuteringizda foydalanib ko'rishingiz mumkin. Kompaniya yaqin kelajakda uni mobil qurilmalar uchun ham chiqarishni rejalashtirgan. Tizimga to'liq kirish uchun kutish ro'yxatiga yozilishi kerak.

O'QING: Google "ChatGPT qotili"ni taqdim qildi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!