Microsoft korporatsiyasi MacBook 12’dan uch hissa yuksak avtonomlikka ega inqilobiy noutbuklarni taqdim etdi (+video)

  •   DiMaX
  •  957
  •  06.12.2017 11:16

Microsoft korporatsiyasi MacBook 12’dan uch hissa yuksak avtonomlikka ega inqilobiy noutbuklarni taqdim etdi (+video)

Noutbuk uchun muhim xususiyatlardan biri – uning avtonomligi, ya’ni bitta quvvat bilan imkon qadar uzoq vaqt ishlay olishidir. Shuni e’tiborga olgan Microsoft korporatsiyasi kecha avtonomligi kuchli bo‘lgan bir nechta noutbuklarni rasman namoyish etdi, deb yozadi AKKet nashri.

O‘QING: Jahonda eng yaxshi sotilayotgan noutbuk brendlari va modeli ma’lum bo‘ldi

Mazkur inqilobiy noutbuklar Asus, Lenovo va HP tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning asosiy o‘ziga xosligi – hozirda ko‘pgina ilg‘or smartfonlarda qo‘llanayotgan Qualcomm Snapdragon 835 rusumli mobil ARM-protsessori bazasida ishlashidir.

Microsoft taqdim etgan bu yangi noutbuklarning kuchli avtonomligi omili – ularga mobil protsessordan tashqari, Windows 10 S operatsion tizim talqini o‘rnatilgan. Undagi maxsus emulyator esa x86-arxitekturali protsessorga moslab ishlab chiqilgan kompyuter o‘yinlari va boshqa dasturlarni ishga tushirishga imkon beradi. Bundan tashqari, hozirda ko‘plab zamonaviy dasturlar boshidanoq ARM-arxitektura bilan ishlay oladigan qilib chiqarilganki, ularga emulyator ham shartmas.

O‘QING: Noutbuk xarid qilayotganda 10 ta ommaviy xato

Asus, Lenovo va HP mobil noutbuklariga zavoddan chiqishidayoq Windows 10 S operatsion tizimi o‘rnatilgan. Tizim nomidagi «S» qo‘shimchasi uning funksionali va imkoniyatlari «qirqilgan»ligini anglatadi. Shu bois unda faqat Microsoft Store ilovalar do‘konidan yuklangan o‘yin va dasturlarnigina ishlatish mumkin. Ammo foydalanuvchi xohlasa, o‘zi bu noutbuklarga to‘laqonli Windows 10 operatsion tizimini o‘rnatib olishi ham mumkin.

Qualcomm Snapdragon 835 protsessori bazasidagi ultrabuklarning avtonom ishlash vaqti rekord darajada – ular ekran yoqiq holda 21 soatgacha ishlay olishadi. Bu esa Apple’ning eng kuchli avtonomlikka ega bo‘lgan noutbuklaridan biri – MacBook 12’ga nisbatan salkam uch baravarga yuqori ko‘rsatkichdir!

O‘QING: MacBook’iga uylanmoqchi amerikalik g‘alati javob oldi

Tabiiyki, mazkur inqilobiy portativ kompyuterlarning taqdimoti kishilarning noutbuklar haqidagi tasavvurini o‘zgartirishga qodir.

Mana, yangi noutbuklarning xususiyatlariga quyidagi videolavhada o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin:

Noutbukni quvvatlamasdan uzoq ishlatish talab etiladigan kasblar sohiblari – tadbirkor, yozuvchi, jurnalist va boshqalar uchun ARM-arxitekturali protsessorlar bazasidagi ushbu qurilmalar juda yaxshi yechim bo‘la oladi.

Asus, Lenovo va HP ishlab chiqarayotgan ushbu noutbuklar joriy yilning oxirigacha savdoga chiqarilishi kerak, deyiladi xabarda. Faqat foydalanuvchilar ulardagi Windows 10 S imkoniyatlariga ko‘nikishlari talab etiladi, zero, yuqori noutbuklardagi avtonomlikni talab etuvchi ko‘plab kishilar hozirda Apple qurilmalari – MacBook’lardan foydalanishadi. Shuningdek, bu yerda narx masalasi ham bor – Snapdragon 835 protsessori bazasidagi yangi noutbuklarning qiymati hozircha ma’lum qilinmagan.

O‘QING: «Malika»da MacBook’larning so‘mdagi narxlari (2017 yil 30 noyabr)

Darvoqe, Qualcomm kompaniyasi kecha yangi, eng ilg‘or Snapdragon 845 protsessorini taqdim etgan bo‘lib, u ham 2018 yilning flagman smartfonlaridan tashqari, noutbuklarida ham qo‘llanishi ko‘zda tutilgan. Kim biladi, hali Snapdragon 845 bazasidagi keyingi noutbuklar yanada kuchliroq avtonomlikka ega bo‘lar?

O‘QING: Yangi flagmanlar "fishka"si – Qualcomm Snapdragon 845 taqdim qilindi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!