Microsoft’ning yangi ilovasi smartfoningiz blokirovka ekraniga qo‘shimcha imkoniyatlar baxsh etadi

  •   DiMaX
  •  1982
  •  22.12.2017 14:31

Microsoft’ning yangi ilovasi smartfoningiz blokirovka ekraniga qo‘shimcha imkoniyatlar baxsh etadi

Esingizda bo‘lsa kerak, Windows 10 Mobile platformasining umri tugaganligini tan olgan Microsoft kompaniyasi endi smartfonlar bozoriga boshqa eshikdan kirib kelmoqda. Ya’ni, u Android-qurilmalar uchun ilovalar yaratishga kirishib ketgan. Jumladan, korporatsiya Android tizimi uchun Microsoft Launcher launcherini, iOS hamda Android operatsion tizimlari boshqaruvi ostidagi qurilmalar uchun Microsoft Edge mobil brauzerini taqdim etgan.

O‘QING: Windows 10 Mobile «vafoti»ni Microsoft tan oldi

Endi esa mazkur kompaniya Android operatsion tizimi uchun Favorites Lock Screen deb nomlanuvchi yangi dasturini ishlab chiqdi. Bu ilova smartfonning zerikarli blokirovka ekranini yangi funksiyalar bilan boyitishga mo‘ljallangan, deb yozadi AndroidInsider nashri.

Favorites Lock Screen ilovasini qurilmangizga o‘rnatib olsangiz, keyin uning blokirovka ekraniga o‘zingizga kerakli ayrim ma’lumot va sozlamalarni chiqarib qo‘ya olasiz. Jumladan, bu dastur tufayli foydalanuvchi o‘zi ko‘p ishlatib turadigan funksiyalarga chindan ham tezkorlik bilan – ekranni blokdan chiqarishga ham vaqt sarflamasdan kira oladigan bo‘ladi. Deylik, smartfonning simsiz interfeyslarini blokirovka ekranining o‘zidanoq faollashtirish, shuningdek, pochta ilovasi, veb-brauzer va boshqa tizim ilovalarini blokirovka ekranining o‘zidan ishga tushirish kabi imkoniyatlar taqdim etiladi.

O‘QING: Microsoft Edge brauzerini endi iOS va Android-qurilmalarga bemalol o‘rnatish mumkin

Ayni damda Favorites Lock Screen ilovasi Google Play katalogiga joylangan va uni mana bu havola orqali yuklab olish imkoni bor. Ammo negadir hozircha uni o‘rnatib olish imkonini faqat ayrim foydalanuvchilargagina taqdim etishgan. Shunga qaramay, uni sinab ko‘rishga va doimiy foydalanishga qiziqayotgan bo‘lsangiz, ilovaning APK-faylini ushbu havola orqali ko‘chirib olishingiz va keyin o‘zingiz o‘rnatishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!