Microsoft Office’da endi gapirib turib matn terdirish mumkin!

  •   DiMaX
  •  1368
  •  24.06.2017 12:25

Microsoft Office’da endi gapirib turib matn terdirish mumkin!

Microsoft kompaniyasi kattaroq hajmli matnni qo‘lda terishga erinadiganlarga atab Microsoft Office uchun maxsus Dictate qo‘shimchasini taqdim etdi. Uning yordamida o‘z kompyuteringizdagi mikrofonda matnni o‘qib (gapirib) turib terdirishingiz mumkin, deb yozadi Layfxaker.

Ushbu qo‘shimchani o‘rnatganingizdan so‘ng Microsoft Office’ni o‘chirib qayta yoqishingiz, keyin esa dastur sozlamalarida Dictate qo‘shimchasini faollashtirishingiz talab etiladi. Shunda Outlook, Word va PowerPoint dasturlari interfeyslarida nutqni anglashga javob beruvchi yangi varaqa paydo bo‘ladi. Uning yordamida gapirib turib matn terish imkoniyati yuzaga keladi.

Ayni damda Dictate asosiy yigirmata tilni «biladi», ular orasida rus tili ham bor. Bundan tashqari, u matnni yo‘l-yo‘lakay 60 ta tildan biriga o‘girib ham bera oladi. To‘g‘ri, mazkur qo‘shimchaga o‘zbek tili hali kiritilmagan, ammo ruscha matn bilan ishlashda u sizga ham qo‘l kelishi mumkin.

Nutqni anglash va real vaqt rejimida boshqa tilga o‘girishda Windows’ga o‘rnatilgan Cortana intellektual yordamchisi hamda Microsoft Translator tarjimoni ko‘makka keladi.

Microsoft Dictate ilovasini mana bu havola orqali ushbu loyihaning uy sahifasidan olib o‘rnatish mumkin. Buning uchun avval kompyuteringizda ofis to‘plamining qaysi – 32 bitli yoki 64 bitli versiyasi o‘rnatilganligini aniqlab, qo‘shimchaning shunga mos versiyasini ko‘chirib olishingiz lozim. Shuningdek, uning ishlashi uchun .Net Framework 4.5.0 yoki undan keyingi versiyalaridan biri ham o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.