Microsoft suvosti “ma’lumot markazi”ni sinab ko‘rmoqda

Microsoft suvosti “ma’lumot markazi”ni sinab ko‘rmoqda

Kompaniyaning “Natick” loyihasi doirasida yaratilgan ilk suvosti ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (data center) 2015 yilning dekabr oyida Tinch ummonining Kaliforniya sohillariga, suv sathidan 914 metr chuqurlikda joylashtirilgan edi. Ayni kunda mazkur “ma’lumot markazi” tekshiruv uchun kompaniyaning Redmonddagi qarorgohiga keltirilgan.

Ilk suvosti “data center” Xbox pristavka o‘yinlarining qahramonlaridan biri Leona Filpot nomiga qo‘yilgan. Germetik berkitilgan maxsus kamera shaklidagi suvosti “ma’lumot markazi” po‘lat qobiq va tabiat hodisalari haqida xabar beruvchi monitor sensorlariga ega.

“Ma’lumot markazi” – server va kommunikatsiya tarmog‘i tizimlari o‘rin olgan va Internet kanallariga ulanishni amalga oshirib, ma’lumotlarni qayta ishlash vazifasini bajaradi.

Yirik texnologiya kompaniyalari katta hajmdagi ma’lumotni tez va qayta ishlashi, foydalanuvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun energiyani tejaydigan, samarali ishlaydigan yangi texnologiyalarni tatbiq qilishga harakat qilmoqdalar.

Microsoft suvosti “ma’lumot markazi”ni ishga tushirish orqali foydalanuvchilarga ma’lumotlarning tez yetib borishini ta’minlashni rejalashtirgan. Ya’ni, Yer aholisining yarmi sohillardan kamida 200 kilometr uzoqlikda yashashi inobatga olinsa, bu kabi markazlar ma’lumotning mijozlarga teng taqsimda va barqaror yetib borishiga yordam beradi. Qolaversa, “ma’lumot markazi” salqin joyda samarali faoliyat ko‘rsatadi.

Ma’lum bo‘lishicha, sayyoramizda mavjud bu kabi maxsus maydonchalar dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr tokining 3 %ini iste’mol qiladi. Ma’lumotni qayta ishlaydigan markazlarda elektr asosan binodagi kompyuter va tarmoqlarning salqinligini ta’minlash uchun zarur. Okean sohilida muntazam esuvchi shamollar evaziga elektr toki yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelinmaydi. Shu bilan birga, bu kabi suvosti qurilmalarni salqinlatishga hojat ham qolmaydi.

Shu sababli ham, Facebook 2013 yilda navbatdagi, ya’ni beshinchi ma’lumotni qayta ishlash markazini Shimoliy Arktika qutbidan 500 chaqirim uzoqlikda joylashgan Shvedsiyaning Luleo shahrida bunyod etgan. 339.936 kvadrat metr maydonga ega markazning yuz minglab serverlari shamol generatorlaridan quvvat olib ishlaydi.