Microsoft tijorat sektori uchun Windows 10 S bazasida noutbuklar taqdim etmoqda

  •   DiMaX
  •  1532
  •  28.09.2017 15:38

Microsoft tijorat sektori uchun Windows 10 S bazasida noutbuklar taqdim etmoqda

Microsoft korporatsiyasining xabar qilishicha, shu yilning so‘ngiga qadar Windows 10 S operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlovchi yangi portativ kompyuterlar savdoga chiqadi. Ular turli kompaniyalar va tijorat tashkilotlarining xodimlariga mo‘ljallanadi, deb yozadi Daily Digital Digest nashri.

Aytish kerakki, Windows 10 S tizimi bu – Windows 10’ning maxsus konfiguratsiyali talqini bo‘lib, Chrome OS’ga muqobil tarzida ishlab chiqilgan. Uning asosiy o‘ziga xosligi shundaki, tizimga faqat Windows Store do‘konidan ilovalar olib o‘rnatish va ishlatish mumkin. Shuningdek, Windows 10 S talqini standart brauzerni va qidiruv xizmatini almashtirishga ham yo‘l qo‘ymaydi.

Dastlab Windows 10 S ta’lim segmenti uchun platforma sifatida taqdim etilgan edi. Lekin endi Microsoft bu operatsion tizimni biznes-sektorda ham qo‘llash mumkin, demoqda.

Xabarda aytilishicha, tijorat bozori uchun Windows 10 S tizimida ishlaydigan noutbuklarni HP, Lenovo, Acer va Fujitsu kompaniyalari tayyorlamoqda. Oktyabr oyidanoq yupqa korpusli HP Stream 14 Pro savdoga chiqariladi. Diagonaliga 14 dyuymlik ekranli bu leptopga 275 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan.

Shu yilning to‘rtinchi choragida yana Acer Aspire 1 hamda Acer Swift 1 portativ kompyuterlari ham chiqariladi. Ularning birinchisi 14 dyuymlik ekranga ega bo‘lib, 299 dollarga baholanmoqda. Ikkinchisining esa ekrani diagonali 13 dyuymga, narxi – 349 dollarga teng.

Keyingi yilning fevral oyida esa 14 dyuymlik ekranga ega Lenovo V330 noutbuki chiqadi. Bu modelning taxminiy narxi 349 dollar bo‘lishi aytilmoqda.

Mazkur portativ kompyuterlarning texnik tavsiflari keyinroq ma’lum bo‘ladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!