Mobil ilovalar ishlab chiqish – serdaromad sohami?

  •   DiMaX
  •  1439
  •  14.04.2017 17:56

Mobil ilovalar ishlab chiqish – serdaromad sohami?

Har kuni smartfonimizda ko‘plab ilovalardan foydalanamiz, ammo shu dasturlarni ishlab chiquvchilarning ishi qanaqa ekan, deb hamisha ham bosh qotiravermaymiz. Shuningdek, bu sohada o‘qib-o‘rganish va ishlash haqida ham aksariyatimizning tasavvurimiz kam. Xo‘sh, yoshlarni shunga yo‘naltirsak, bu sohaning kelajagi bormi?

Bozor muntazam o‘syapti

Mobil ilovalar yaratish – nafaqat ajoyib kasb, balki serdaromad biznes hamdir. 2016 yili mobil ilovalar bozori 50,9 milliard AQSh dollariga baholangan bo‘lsa, «AppAnnie» kompaniyasining kuzatishlari natijalariga ko‘ra, 2020 yilga borib bu ko‘rsatkich 100 milliardga yetishi mumkin. To‘g‘ri, turli marketologlar bu borada har xil raqam aytishadi, ammo baribir mobil bozor kengayib bormoqda.

Mana, buni quyidagi grafikda ko‘rish mumkin:

Smartfonlar hamrohimizga aylanmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha mobil dasturchilar 2,3 million nafarni tashkil etadi. Har sakkiz dasturchidan biri ilova yaratish bilan shug‘ullanadi.

Buning sababi shundaki, biz tobora o‘z hayotimizni smartfonsiz tasavvur eta olmaydigan bo‘lib boryapmiz. Kaftimizdagi shu kaftdekkina qurilma nafaqat qo‘ng‘iroq va matnli xabarlar orqali muloqot qilish vositasi, balki ko‘ptarmoqli yordamchimizga aylanib ulgurdi. Endi biz smartfondagi turli ilovalar orqali taksi chaqiramiz, bankdagi hisobimizdan boshqa hisobga pul ko‘chiramiz, xalqaro miqyosdagi tashuvlarda yukimizning siljishini kuzatamiz, hatto qadamlarimizni sanaymiz, yuragimizning urishini nazorat qilamiz. Ha, endi bu gadjetlar shunchaki telefon emas, balki ko‘p jihatdan yordam beruvchi universal qurilmaga aylanayotir.

Hamonki kishilar smartfon va planshetlardan yaqin yillarda voz kechishmasligi aniq ekan, mobil ilovalar bozori ham gurkirab rivojlanaveradi. Bu ilovalar turlicha: o‘yinlardan tortib ta’limiy dasturlargacha. Va ulardan har bir turda o‘ziga yarasha rivojlanish mavjud.

Bugundan harakat qiling!

Demak, hozir shu kasbni egallashning, farzandlarimizni dasturchilikka o‘qitishning ayni mavridi. Chunki bozor kadrlarga to‘lib ketgan emas, balki u yangi resurslar va yangicha g‘oyalar talab etmoqda.

Bu mutaxassislikka qiziqqanlar, ilova yaratayotganlar uchun esa App Store yoki Google Play kabi do‘konlarda yuqori o‘rinlarni band etish imkoniyati mavjud. Shuningdek, yurtdoshlarimizda o‘zlari yaratgan mobil dasturlarini TAS-IX’dagi ilk professional ilovalar do‘koni – AndroidBozor.uz’da bepul joylash imkoni ham mavjud.

Ertangi kunda bu yo‘nalishning egasiga aylanish uchun esa bugundan harakat qilish, kechikmaslik lozim. Nima dedingiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!